Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Murojaatlar asosida iste’molchilar huquqlari tiklanmoqda
13:57 / 2026-03-05

Bugungi kunda fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ayniqsa, iste’molchilar huquqlarini ta’minlash davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda fuqarolarning murojaatlari asosida muammolarni o‘rganish va ularni bartaraf etish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, Navoiy viloyatida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining hududiy jamiyatlari tomonidan bir qator murojaatlar o‘rganilib, fuqarolarning qonuniy manfaatlari tiklandi.

Navbahor tumani Oq Oltin mahallasida yashovchi fuqaro Amina Mirjamalovaning murojaati ham ko‘rib chiqildi. Uning ta’kidlashicha, tuman suv ta’minoti bo‘limi tomonidan xonadonidagi suv hisoblagich plombasi uzilgan degan asos bilan 4 million 120 ming so‘m jarima hisoblangan. Mazkur holat jamiyat mutaxassislari tomonidan o‘rganilib, jarima asossiz ekani aniqlandi va fuqaroga hisoblangan mablag‘ bekor qilindi.

Shuningdek, tumandagi Navkar mahallasida istiqomat qiluvchi Husan Yo‘ldoshev ham uyini ta’mirlash bilan bog‘liq muammo yuzasidan murojaat qilgan. Uning bildirishicha, usta tomonidan 67 million so‘m evaziga amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ta’mirlash ishlari to‘liq bajarilmagan. Murojaat o‘rganilib, mas’ul shaxslarga iste’molchining qonuniy huquqlari tushuntirildi va natijada xonadondagi ta’mirlash ishlari qaytadan to‘liq bajarib berildi.

Yana bir holatda Navbahor tumani Yangiobod mahallasida yashovchi fuqaro Nodira Allanazarova Navoiy shahri markaziy buyum bozoridagi savdo do‘konidan 340 ming so‘mga xarid qilgan kiyimi nuqsonli bo‘lgani sababli uni qaytarib berishda muammoga duch kelgan. Jamiyat mutaxassislari tomonidan o‘rganish ishlari olib borilib, savdo do‘koni rahbariga iste’molchining huquqlari tushuntirildi va natijada xarid qilingan kiyim uchun to‘langan mablag‘ fuqaroga qaytarib berildi.

Bu kabi holatlar Karmana tumanida ham kuzatildi. Xususan, Ayronchi mahallasida yashovchi Nargiza Muhammadiyeva Nurota tumanidan 72 million 600 ming so‘mga 3 bosh nasldor mol sotib olgan. Mollar 7 kunlik sinov muddatida sog‘lom emasligi aniqlangach, ularni qayta olib borgan bo‘lsa-da, ferma rahbariyati tomonidan mablag‘ qaytarilmagan. Mazkur murojaat ham o‘rganilib, ferma rahbariga iste’molchining qonuniy huquqlari tushuntirildi va natijada fuqaroga to‘lagan mablag‘lari qaytarib berildi.

Albatta, bu kabi amaliy ishlar fuqarolarning huquqiy himoyasini ta’minlash, adolat va qonuniylikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri