Buxoro viloyati Kogon tumanida yashovchi fuqaro Q.N. Kogon shahar adliya bo‘limiga murojaat qildi. Murojaatda Kogon shahridagi 12-son davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tomonidan u bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganligidan norozi ekanligini ma’lum qilgan.
Murojaat adliya xodimlari tomonidan o‘rganib chiqildi. Aniqlanishicha, murojaatchi joriy yilning 9 sentyabrida u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishini o‘z ixtiyori bilan so‘rab yozgan arizasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 99-moddasi asosida tashkilot rahbarining 2021 yil 9 sentyabrdagi tegishli buyrug‘iga asosan bekor qilinganligini, biroq joriy yilning 14 sentyabr kuni ishdan bo‘shash bo‘yicha arizasini qaytarib olmoqchi bo‘lganida, tashkilot tomonidan rad etilib, mehnat qonunchiligi talablariga rioya qilinmagan.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 99-moddasida xodim nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasini ham, muddati tugagunga qadar muddatli mehnat shartnomasini ham, ikki hafta oldin ish beruvchini yozma ravishda ogohlantirib, bekor qilishga haqli ekanligi, ogohlantirish muddati tugagandan so‘ng xodim ishni to‘xtatishga haqli ekanligi, ish beruvchi esa, xodimga mehnat daftarchasini berishi va u bilan hisob-kitob qilishi shartligi, xodim bilan ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga binoan mehnat shartnomasi ogohlantirish muddati tugamasdan oldin ham bekor qilinishi mumkinligi, ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan yoki taraflar kelishuvi bo‘yicha belgilangan ogohlantirish muddati davomida xodim bergan arizani qaytarib olishga haqli ekanligi, agar ogohlantirish muddati tugagandan keyin xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinmagan va mehnat munosabatlari davom etayotgan bo‘lsa, xodimning tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi ariza o‘z kuchini yo‘qotishi, bunday holda mehnat shartnomasini shu arizaga muvofiq bekor qilishga esa yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.
–Shuningdek, mehnat shartnomasi tashkilot direktorining 9 sentyabrdagi buyrug‘iga asosan bekor qilingan bo‘lsada, – deydi, Kogon shahar adliya bo‘limi boshlig‘i Murod G‘ulomov. – Murojaat muallifiga mehnat daftarchasi buyruq chiqarilgan sanadan 5 kun o‘tkazib, 14 sentyabrda berilgan hamda unga mehnat shartnomasi bekor qilinganligi to‘g‘risidagi buyruq nusxasi berilmagan. Vaholanki, Mehnat kodeksining 108-moddasida mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni ish beruvchi xodimga uning mehnat daftarchasini va mehnat shartnomasining bekor qilinishi haqidagi buyruqning nusxasini berishi shartligi belgilangan.
Shunga ko‘ra, Kogon shahar adliya bo‘limi tomonidan Kogon shahar 12-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti aniqlangan qonun hujjatlarining buzilishi, ularning sabablari va bunga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida taqdimnoma kiritilib, noqonuniy buyruq bekor qilinib, murojaat muallifi ishga qayta tiklandi.
Zarif Komilov, O‘zA