Shu yilning iyun oyida agentligimizga Kattaqo‘rg‘on tumani Qiymado‘z qishlog‘i ahli nomidan Rustam Hasanov murojaat qilib, qishloqni toza ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasi ortga surilib kelayotganini bayon qilgan edi.
Mazkur murojaatni “Samarqand suv ta’minoti” MCHJ va uning Kattaqo‘rg‘on tuman filiali mutasaddilari, Kattaqo‘rg‘on tumani hokimligi mas’ullari bilan birgalikda joyiga borib o‘rgandik.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqarolarning murojaatlari asosida mazkur qishloqni (140 xo‘jalik) toza ichimlik suvi bilan ta’minlash “Samarqand suv ta’minoti” MCHJ va Kattaqo‘rg‘on tumani hokimligi tomonidan hashar yo‘li bilan amalga oshirilishi belgilanib, 2022 yilda qishloqda ichki tarmoq tortilgan. Aholi esa o‘z xonadonlariga tarmoq tortib, suv hisoblagich o‘rnatgan. Suv ta’minoti korxonasi qishloqqa toza ichimlik suvini Damxo‘ja suv taqsimlash inshootidan Xatirchi tumaniga ketgan tarmoqdan olishni rejalashtirgan. Lekin mazkur tarmoqqa ulanishga ruxsat berilmagach, Damxo‘janing o‘zidan (6-7 kilometr) tarmoq tortish uchun qayta loyiha tayyorlangan. Buning uchun qo‘shimcha mablag‘ga ehtiyoj tug‘ilgan. Shu sababli ishni yakuniga yetkazish muddati cho‘zilib ketgan.
Hozirda ushbu tarmoq uchun zarur quvur va boshqa vositalar olinib ish boshlangan. O‘rganish davomida Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi J.Nasriddinov bilan uchrashib, shikoyat ariza va qishloqdagi holat yuzasidan suhbatlashgan edik. Tuman rahbari bu masalani o‘z nazoratiga olishi va tez orada muammo hal etilishini ma’lum qilgandi.
Qiymado‘zdan yaxshi xabar keldi. Suv tarmog‘i tortilib, qishloqqa toza ichimlik suvi kelibdi.
G‘. Hasanov,
O‘zA