Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Murojaat asosli bo‘lsa, mutasaddilarda e’tiroz bo‘lmaydi
18:10 / 2021-02-08

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand Veterinariya meditsinasi institutining sobiq o‘qituvchisi M. Mamatovaning ishdan bo‘shatilganligi to‘g‘risida turli xil xabarlar tarqaltildi.

Ko‘pchilik haqiqiy holatdan bexabar turli talqinlar qilyapti. Bu haqda mulohaza yuritishni sal keyinga qoldirib, so‘zimiz avvalini yurtimizda ilk bor veterinariya sohasida oliy o‘quv yurtining tashkil qilinishi va yangi tashkil etilgan muassasaga xorijdan rahbar olib kelinishi haqida so‘z yuritsak.

Ma’lumki, yurtimizda ta’lim sifatini yuqoriga ko‘tarish, jahon standartlariga javob beradigan kadrlar tayyorlash bo‘yicha davlatimiz rahbarining qator qaror va farmoyishlari e’lon qilindi. Ayniqsa, oliy ta’limning sifatini oshirish maqsadida O‘zbekistonda tug‘ilib o‘sgan, keyinchalik xorijda ilg‘or ta’lim va texnologiyalarni o‘rgangan, shuningdek faoliyati davomida katta yutuqlarni qo‘lga kiritgan ilmiy darajali kadrlar taklif etildi. Bu ishlar hamon davom etmoqda.

Rossiya Federatsiyasining oliy ta’lim tizimida samarali faoliyat yuritgan yurtdoshimiz, iqtidorli biolog olim va rahbar – Moskva Davlat universitetining sobiq dekani – Xudaynazar Yunusov 2018 yilning may oyidan Samarqand qishloq xo‘jaligi instituti negizida tashkil etilgan Samarqand veterinariya meditsinasi institutiga shunday maqsadda rektor etib tayinlandi.

Ya’ni, u kishining zimmasiga mamlakatimizda veterinariya va chorvachilik sohasidagi oliy ta’lim tizimiga obrazli qilib aytganda “xorij nafasi” ni olib kirish mas’uliyati yuklatildi.

Domla shu paytga qadar ana shu mas’uliyatli ishni chin ko‘ngildan ado etib kelmoqda. Keling, shu o‘rinda Samarqand veterinariya meditsinasi institutida ta’lim sifati borasidagi ayrim ishlarga nazar tashlab o‘tsak.

bugungi kunda institutning xalqaro hamkorlik ko‘lami kengayib, 80 dan ortiq xorijiy universitetlar bilan kadrlar almashinuvi, o‘quv jarayonining sifatini oshirish masalalari bo‘yicha hamkorlik memorandumlari imzolangan.

Deylik, 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab Belarus Respublikasining Grodno davlat agrar universiteti va Vitebsk davlat veterinariya meditsinasi akademiyasi o‘rtasi qo‘shma fakultet tashkil etilib, talabalar qabuli amalga oshirildi. Shuningdek, o‘quv reja va o‘quv dasturlari ishlab chiqildi hamda ikki tomonlama tasdiqlandi. 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Latviya Respublikasi Tabiiy fanlar va texnologiyalar universiteti (Latvia University of Life Sciences and Technologies) bilan Chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash texnologiyasi ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriat hamda Chorvachilik mahsulotlarini yetishtirish, saqlash va qayta ishlashning an’anaviy hamda innovatsion texnologiyasi va sertifikatsiyasi yo‘nalishi bo‘yicha magistratura yo‘nalishlarida qo‘shma o‘quv dasturlari asosida o‘qitish yo‘lga qo‘yildi.

SamVMI va AQSHning Minnesota veterinariya meditsinasi universiteti o‘rtasida 2020-2023 yillarga mo‘ljallangan “Tvining programm” loyihasi amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, institutning Nukus va Toshkent filiallari uchun o‘quv reja va dasturlar zamonaviy talablar asosida Yevropa standarti – kredit modul tizimiga moslashtirildi. Yangi innovatsion davolash-diagnostika usullari, naslchilik-seleksiya ishlari, ozuqa yetishtirishning yangi texnologiyalarini inobatga olgan holda DTS, o‘quv rejalari, malaka talablari, fanlarning kompetensiyalari ishlab chiqildi. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilib, o‘quv jarayoniga tatbiq etildi.

Veterinariya, chorvachilik, biotexnologiya ta’limi yo‘nalishlari bo‘yicha “Zamonaviy veterinariya klinikasi”, “Veterinariya vivariysi”, “Qoramolchilik kompleksi” loyihalari ishlab chiqildi. Shu yildan boshlab qurilish ishlari boshlandi.

Bu – Samarqand veterinariya meditsinasi institutida ta’lim sifatini oshirish borasida olib borilayotgan ishlardan bir shingil xolos.

Endi M. Mamatova ishiga qaytsak.

Qayd etish kerak, shu paytgacha murojaatchining arznomalari respublikamizning o‘nlab idoralari mutasaddilari tomonidan o‘rganib chiqilgan. Bir necha marta bo‘lib o‘tgan sud jarayonlarida M. Mamatovaning da’vo va ayblovlari isbotini topmagan. 2020 yil 28 iyulda bo‘lib o‘tgan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat apellyatsiya instansiyasining ajrimi bo‘yicha, M. Mamatovaning ishga tiklash va ish haqini undirish borasidagi arizasi qanoatlantirilmagan. Ya’ni, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2020 yil 12 iyundagi hal qiluv qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Shunday ekan, ijtimoiy tarmoqlarda ayuhannos solib, kimlarnidir yomonotliq qilishdan ne naf! Zero, murojaat asosli bo‘lsa, mutasaddilarda e’tiroz bo‘lmaydi!

Shuhrat JABBOROV,

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish

davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari.