Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Murodil yana maktabga qaytdi
15:35 / 2025-06-12

Ijtimoiy ko‘mak. Hukumatimiz tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan bu xizmat ortidan bugun yillar davomida umidsizlikdan cho‘kib qolgan qanchadan qancha qalblarga nur kirib bormoqda.

Masalan Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumani “Yakkadaraxt” mahallasida yashovchi Murodil Abdunazarov taqdirning achchiq qismati tufayli bir oyog‘idan ajralgan. Endigina 16 yoshni qarshi olgan qahramonimiz, shu mash’um qismat tufayli deyarli ko‘chaga chiqmas, ta’limni ham uyida olishga majbur edi. 

Mahalladagi ijtimoiy xodim Shuhrat Yuldoshev uning joniga oro kirdi. Ijtimoiy xodim tomonidan oilaning muammolari o‘rganildi va Murodilga vaucher orqali protez olishiga ko‘maklashildi.

Ko‘rsatilgan beminnat yordam ortidan Murodil yana hayotga qaytdi, tengqurlari qatori maktabga borib ta’lim ola boshladi, orzu umidlari qaytadan jonlandi. O‘ziga bo‘lgan ishonchi ortdi. Yana ilgarigidek o‘rtoqlariga qo‘shildi. Ijtimoiylashuvi ta’minlandi.

– Maktabga sinfdoshlarim bilan kelib o‘qishni qanchalar orzu qilganimni bilsangiz edi, – deydi Murodil. – Darslarda faol qatnashyapman. Kelajakda IT sohasi bo‘yicha shug‘ullanib, o‘z biznesimni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilganman. Hukumatimizni men kabi imkoniyati cheklangan fuqarolarga ko‘rsatgan e’tiboridan bag‘oyatda minnatdorman. Bu yordam taqdirimni o‘zgartirib yubordi. Albatta kelgusida o‘z iqtidorim va salohiyatimni oshirish orqali munosib javob qaytaraman.

Ta’kidlash lozimki, davlatimiz tomonidan taqdim etilayotgan ushbu mahsulotlar sababli imkoniyati cheklangan shaxslarning ijtimoiylashuvi oshib bormoqda. Xususan, ma’lumotlarga ko‘ra, Qashqadaryo viloyatida joriy yilning o‘tgan 5 oyi mobaynida 4 ming 894 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar va keksa yoshdagi muhtoj fuqarolar reabilitatsiya qilishning texnik vositalari hamda protez-ortopediya moslamalari bilan ta’minlangan.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri