O‘zbekiston Prezidenti sayloviga 1 kun qoldi. Yurtdoshlarimizning tanlovi ertangi kunimiz, davlatning kelajagini belgilab beradi.
"Murad Buildings" kompaniyasi asoschisi Murod Nazarov barcha yurtdoshlarimizni ushbu saylovda faol ishtirok etishga chorladi.
- Oddiy o‘qituvchi oilasida dunyoga kelganman. Meni qo‘llab-quvvatlaydigan, qarindoshlarimiz orasida boy yoki davlat amaldorlari bo‘lmagan. Aksincha, yoshlik chog‘imda oilamizning ustuni bo‘lmish otamizning vafoti sabab ko‘p qiyinchiliklar ko‘rdim.
O‘z intilishlarim, mehnatim va chiroyli kelajak qura olishimga ishonchim tufayli ko‘p yutuqlarga erishdim. Bundan quvonaman, shukronalar aytaman. Tomirlarimizda buyuk ajdodlar, olimlar, saxovatli insonlar qoni oqmoqda.
bugungi kunda men ishlayotgan kompaniyalarda yuzlab, hamkorlikda esa minglab fuqarolar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Ming-minglab oilalar baxtli va farovon yashab, farzandlariga chiroyli tarbiya va ta’lim bermoqda. Faxrlanib aytamanki, keyingi yillarda yurtimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shadigan ko‘plab zamonaviy binolar qurdik. Davlatimiz byudjetiga esa kompaniyalarimiz tomonidan bir necha yuz milliard so‘mdan ziyod soliq to‘ladik.
Bir so‘z bilan aytganda, barchasiga Alloh shu zamon, shu zaminda, imkoniyatlar bilan aziz qilib qo‘ydi. Kuch, g‘ayrat va ilhom berdi. O‘zidan so‘rab qolamanki, hammamiz guvoh bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlar hali boshlanishi bo‘lsin.
24 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga men oilam bilan qatnashaman. Yurtimizning nurli kelajagi, farzandlarimizning baxti, xalqimizning farovonligi uchun jon kuydirib kelayotgan va ulkan rejalarni maqsad qilib qo‘ygan munosib nomzodga ovoz beraman.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA