Havo isishi bilan ko‘pchilik yurtdoshlarimiz dam olish uchun biror bir mamlakatga ketishadi. Buning uchun albatta sayyohlik kompaniyalariga murojaat qilishlari tabiiy. Biroq, yurtdoshlarmiz tomonidan asosli e’tirozlar, joylardagi o‘rganishlar hamda mavjud ahvol ayrim yo‘nalishlar uchun aviachiptalar narxining haddan ziyod yuqoriligini ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga ham birgina 2021 yil davomida 100 dan ortiq aviabilet bilan bog‘liq holatlar yuzasidan murojaatlar kelib tushgan.
Murojaatlar o‘rganilishi natijasida 93% murojaat iste’molchilar foydasiga hal etilgan.
Aviabilet narxlari iste’molchilarni qoniqtiradimi?
Hech kimga sir emaski, yurtimizda 11 ta aeroport mavjud bo‘lib, ular xalqaro maqomiga ega.
So‘ngi yillarda mamlakatimizda fuqaro aviatsiyasi sohasidagi boshqaruvning zamonaviy shakllari va usullarini joriy etish, aviatashuvlar bozorida raqobatni rivojlantirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ammo “Uzbekistan airways"da Turkiya, Rossiya, Misr yoki Dubayga uchish narxi xuddi shu yurtlarga Qozog‘istondan yoki Qirg‘izistondan uchishga qaraganda ikki barobar qimmat ekani bor gap. bugungi kunda parvoz vaqti 1 soat 10 daqiqa bo‘lgan Toshkent–Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptaning narxi ekonom 3 mln. 562 ming so‘m, biznec klass esa 5mln. 22 mingni tashkil qilmoqda. Holbuki, parvoz vaqti 3 soat 40 daqiqadan iborat Toshkent–Moskva yo‘nalishi bo‘yicha aviachipta narxi ekonom 3 mln. 254 ming so‘m, biznes-klass esa 7 mln. 29 ming; Toshkent–Riga yo‘nalishi bo‘yicha 2 mln. 773 ming so‘m (parvoz vaqti – 5 soat 30 daqiqa), Toshkent–Nyu York yo‘nalishi bo‘yicha esa ekonom 4 mln. 677 ming so‘m, (parvoz vaqti – 12 soat) etib belgilangan. Samolyotlar turlari esa deyarli bir xil.
Ko‘rinib turibdiki, parvoz vaqti 1 soat 10 daqiqa bo‘lgan Toshkent–Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptaning narxi undan bir necha soat ko‘p parvoz qilinadigan yo‘nalishlar uchun belgilangan narxlardan sezilarli darajada yuqoridir va endi, masalan, oddiy ishchi chet el sayohatiga borishi uchun kamida 6 oy tinimsiz mehnat qilishi va ortiqcha xarajatlarsiz pul jamg‘arishi kerak. Albatta, aviachipta narxlari qimmatligi birinchi navbatda chet ellik sayyohlarning yurtimizga tashrif buyurishlariga ham biroz to‘sqinlik qiladi.
Masalan, Istanbuldan Chimkentga uchayotgan xorijiy kompaniya samolyoti Istanbuldan Toshkentgacha ham shuncha vaqt, shuncha masofa va shuncha yo‘lovchi bilan uchadi, agar zarar qilsa, uchmasdi...
Aviachiptalar bo‘yicha xalqaro sayt hisoblangan “Anywayanyday” da ham chiptalar narxidagi farqni ko‘rish mumkin.
Birgina Xalqaro reyslar emas, balki mahalliy aviaqatnovlarning narxlari ham juda qimmat. Misol uchun, Nukusdan Toshkentgacha bo‘lgan chiptalar 12 fevral kuniga eng arzoni ekonom klass (405508 so‘mdan eng qimmati 830593 so‘mgacha). Parvoz vaqti - 1 soatu 20 minut.
O‘zbekiston va Qozog‘istonning aviatsiya bozoridagi, masalan, Toshkent–Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha aviachipta narxini ko‘rib chiqamiz (parvoz vaqti 50 min.) Aviasales.uz saytida ushbu yo‘nalishda $ 21 evaziga biletlar mavjud.
Yana bir misol. Urganch–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptaning narxi 385 ming so‘mdan boshlanadi. Parvoz vaqti - 1 soatu 30 min. Biroq, Nur-Sulton–Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha eng arzon aviachipta o‘sha sana va o‘sha parvoz vaqti bilan (1 soat 35 min.) - 344 ming so‘mni tashkil etadi. Ushbu narx Qozog‘iston loukosteri tomonidan taqdim etilgan.
Yurtdoshlarimiz bunga nima deydi?
Aholi bilan joylarda o‘tkazilgan muloqotlar va tegishli tahlillar shuni ko‘rsatdiki, mas’ullar narx belgilashda fuqarolarimiz tushib qolgan tanlovsiz, murakkab vaziyat – pandemiyadan insofsizlarcha foydalanmoqda. Zotan, Qozog‘istonga chegaradan piyoda yoki avtotransport vositasida o‘tishga Qozog‘iston tomonidan pandemiya sababli taqiq qo‘yilgan va bizning mas’ullarimiz ana shunday sharoitda fuqarolarimiz majburligidan ham qimmat narxda chipta sotib olaveradi, degan ishonch bilan o‘z yurtdoshlarining manfaatlariga zid harakat qilishmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda kuniga 2 mingga yaqin o‘zbekistonlik Qozog‘iston samolyotlari orqali parvoz qilmoqda. Buning sabablari nimada? Aslida milliy aviakompaniyamiz xalqimizga boshqa kompaniyalarga nisbatan eng qulay xizmatlarni taqdim etishi kerak emasmi?
Keyingi paytda Chimkent aeroporti xizmatidan foydalanish keng tus olmoqda. To‘g‘ri, Chimkentdan parvoz qilish arzonga tushadi. Ammo o‘zimizdan parvoz qilishning ham qulayliklari bor. Milliy aviakompaniyamiz qatnovlarida Istanbuldan istalgan klassda keladigan yo‘lovchining 30 kilogramm o‘lchamli bepul yuk limiti mavjud. Chimkentdan parvoz qiluvchilar uchun bunday limit ko‘rsatilmagan. Shuni ta’kidlash mumkinki, “Uzbekistan airways” shu vaqtgacha yagona monopol aviakompaniya edi. Alaloqibat, ishlash yoki boshqa maqsadlarda qo‘shni Qozog‘istonga ketayotgan fuqarolarimiz yana asossiz va ortiqcha xarajat qilishga majbur bo‘lishgani bor gap.
Aviachiptalar narxi nimalarga bog‘liq?
Ba’zan charter reyslar nima o‘zi, bizga nega kerak degan tushunmovchiliklar ham kelib chiqdi. Charter reyslar sayyohlik operatorlari tomonidan sayyohlik mavsumi davomida tashkil etiladigan jarayon. Muntazam qatnovlar esa aviakompaniyalar tomonidan tashkillashtiriladi. Yoz mavsumida mahalliy sayyohlik agentliklari charter qatnovlariga buyurtma berish uchun Milliy aviakompaniyalarga murojaat qilishadi. Aviakompaniya majburiyatiga esa, samolyot, uchuvchi tarkibi hamda parvoz xavfsizligini ta’minlash kiradi. Shuningdek, Hindiston, Fransiya, Germaniya, Italiya, Latviya, AQSH, Yaponiya va boshqa mamlakatlarning aviatashuvchilari O‘zbekistonga tenglik asosida qatnovlarni amalga oshirish uchun to‘la huquqqa ega va mamlakatimiz yuridik jihatdan ularga rad javobini bermaydi.
Fuqaro qancha vaqtliroq, ya’ni oldinroq aviachipta sotib olsa, bilet shuncha arzonga tushadi. Qatnov kuni yaqinlashgani sari tariflar qimmatlashadi. Har bir klass uchun aviachiptalar narxi, qoidaga ko‘ra, oldindan tasdiqlanadi va narx keyinchalik o‘zgarmaydi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, Aviakompaniya o‘zining imkoniyatlari va qulayliklari haqida qanchalik tushuntirishga urinmasin, mavjud kamchiliklardan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Narxlarni minimallashtirish esa yurtdoshlarimizning Qozog‘iston yoki Qirg‘iziston aviakompaniyalari orqali parvoz qilish o‘rniga o‘zmizning milliy aviakompaniyamiz orqali parvoz qilishlariga zamin yaratadi.
Aviakompaniya o‘zining imkoniyatlari va qulayliklari haqida qanchalik tushuntirishga urinmasin, mavjud kamchiliklardan ko‘z yumib bo‘lmaydi.
Aviachiptalar narxi aholi orasida keskin noroziliklarni keltirib chiqarayotgani hech kimga sir emas.
bugungi kunda har qanday kishi uchun havodagi qulaylikdan ko‘ra, arzon uchish muhimdir.
Shahboz ABDUSATTOROV,
O‘zbekiston iste’molchilar
huquqlarini himoya qilishjamiyatlari federatsiyasi
Matbuot xizmati xodimi
O‘zA