Sirdaryo viloyat Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida bosh miya orqa o‘smalari, bolalarda uchraydigan tug‘ma anomaliyalar, bo‘yin qiyshiqligi, gidrotsefaliya, orqa miya churralari va bosh miya bilan bog‘liq muammolari bor bolalarga yuqori aniqlikdagi operativ davo muolajalarini o‘tkazish maqsadida neyroxirurgiya bo‘limi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu bo‘limning tashkil etilishi nogironlikning oldini olish va bolalar salomatligini tiklashda katta ahamiyatga ega.
– Shuningdek, bolalarda uchraydigan ortopedik kasalliklarni operativ davolash, gidrotsefaliya ventrikulopertoneal shuntlash amaliyoti ham tatbiq etildi, – deydi Sirdaryo viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi neyroxirurgiya bo‘limi mudiri, oliy toifali neyroxirurg Shuhrat Qilichev. – Shu jumladan, son suyaklari tug‘ma va patologik chiqishlari, tug‘ma mushakli bo‘yin qiyshiqligi, tug‘ma maymoqliklar, oyoq o‘qlari tug‘ma varusli va valgusli deformatsiyalari, tug‘ma qo‘l va oyoq kaltaligini uzaytirishlar, tizza bo‘g‘imlari torsion qiyshiqliklarini operativ davolash ishlari ham olib borilmoqda.

Ushbu yo‘nalishdagi ishni tashkil etishda Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika bolalar milliy tibbiyot markazi malakali mutaxassislarining yordamlari katta bo‘lmoqda.
Ilgarilari ushbu toifadagi bemorlarni davolash, salomatligini tiklash maqsadida ota-onalar respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalariga, shuningdek, Hindiston, Koreya va Rossiyadagi tibbiyot muassasalariga borishgan bo‘lishsa, endi bunga hojat qolmadi. Barcha amaliyotlar endilikda shu yerda, Sirdaryo viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi neyroxirurgiya bo‘limida, bo‘lim mudiri, neyroxirurg Shuhrat Qilichev, ortoped Farrux Hakimov, ortoped travmatolog B. Madrahimov va boshqa malakali mutaxassislar tomonidan muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Eng asosiysi, markaz shifokorlari Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bolalar salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo viloyat filiali, shahar tug‘ruq bo‘limi mutaxassislari bilan uzviy bog‘liqlikda ish olib borishmoqda.

– Bilasizmi, ota-onalar farzandlarida uchraydigan tug‘ma anomaliyalar, bo‘yin qiyshiqligi va boshqa shunga o‘xshash kasalliklardan shikoyat qilib, ko‘cha gaplariga ishonib, boshqa muassasalarga davo umidida borishadi. Bu esa bemor bolaning salomatligi og‘irlashishiga, keyingi davo muolajalarni samarasiz bo‘lishiga sabab bo‘ladi, – deydi Shuhrat Qilichev.
Markazning neyroxirurgiya bo‘limi faoliyati yo‘lga qo‘yilgandan buyon tug‘ma anomaliyalar, bo‘yin qiyshiqligi, gidrotsefaliya, orqa miya churralari, bosh miyadagi travma va ortopedik muammolari bor 100 dan ziyod bolada murakkab jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli o‘tkazilib, bolalarning salomatligi saqlab qolindi. Eng asosiysi, nogironlikning oldi olindi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri