Buxoro viloyati Shofirkon tumanida yuqori texnologik buyrak jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli bajarildi.
1991 yili tug‘ilgan bemor M.S. so‘nggi besh yil davomida kasallikdan aziyat chekib kelgan bo‘lib, o‘ng bel sohasidagi doimiy og‘riqlar bilan shikoyat qilgan. Mutaxassislar tomonidan bemorga yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti – “O‘ng buyrak yuqori qutbi kistasini laparoskopik usulda olib tashlash” operatsiyasi muvaffaqiyatli bajarildi. Mazkur turdagi murakkab operatsiyalar avvallari asosan Respublika Urologiya markazi va uning filiallarida amalga oshirilgan bo‘lsa, endilikda bunday jarrohlik amaliyotlari Shofirkon tuman tibbiyot birlashmasida ham yo‘lga qo‘yildi.

Jarrohlik amaliyotida Turkiyaning Anqara shahridagi nufuzli klinikalarda malaka oshirib qaytgan malakali mutaxassis, urolog-jarroh Bekzod Rofiyev va Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali urolog shifokori Shohrux Xolovning xizmatlari katta bo‘ldi.
– Avvallari bu turdagi operatsiyalar katta kesmalar orqali bajarilgan bo‘lsa, hozirda esa zamonaviy laparoskopik usul qo‘llanilmoqda. Bu usulda bemorning sog‘ayish jarayoni ancha tez kechadi. Og‘riq sindromi kam bo‘ladi hamda operatsiyadan keyin 2-3 kun ichida bemor uyiga javob berilib, qisqa muddatda mehnat faoliyatini tiklash imkoniga ega bo‘ladi, – deydi urolog-jarroh Bekzod Rofiyev.
Shofirkonda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan bunday yutuqlar aholiga yuqori sifatli, zamonaviy tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini yanada kengaytirmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.