Yangiyer shahrida tibbiy xizmatlar sifatini yanada rivojlantirish va yuqori texnologiyali operatsiyalarni mahalliy darajada amalga oshirish maqsadida Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasida ilk marotaba qorin bo‘shlig‘ida joylashgan jigar va diafragma sohalarida yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi.
Bugungi kunga qadar ushbu tur operatsiyalar viloyat va respublika klinikalarida amalga oshirilgan bo‘lsa, endilikda Yangiyerda ham bu turdagi jarrohlik amaliyotlari tizimli ravishda yo‘lga qo‘yildi.

Mazkur jarrohlik amaliyotini shahar tibbiyot birlashmasi malakali mutaxassislari poytaxtdan tashrif buyurgan laparoskopik bariatrik jarroh, tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali shifokor Ulug‘bek Allayarov bilan hamkorlikda amalga oshirishdi.
Shu bilan birga, Yangiyerda yashovchi fuqaro Sanjar Hoshiyevda laparoskopik exinakokkektomiya, qorin bo‘shlig‘i chandiqlarini ajratish, kista bo‘shlig‘i hamda kichik chanoqni naychalash amaliyoti bajarildi.

– Jigar va diafragma sohalarida amalga oshirilgan yuqori texnologiyali operatsiyaning ahamiyati shundaki, u ancha murakkablikka ega bo‘lib, ko‘plab anatomik va fiziologik jihatlarni hisobga olishni talab qiladi, – deydi Ulug‘bek Allayarov. – Jigarning yuqori segmentlari va diafragmaning qizilo‘ngach qismi turli qon tomirlari va muhim strukturalar bilan yaqin joylashganligi tufayli minimal invaziv usullarda ham yuqori malakali jarrohlikni talab qiladi. Laparoskopik usullarni qo‘llash bemorning tiklanish muddatini qisqartiradi, jarrohlik travmasini kamaytiradi va operatsiyadan so‘ng tezda tiklanish imkonini beradi.
Eng muhimi, bemorlarning umumiy ahvoli yaxshi. Ular ma’lum bir vaqt shifokorlar nazorati ostida davo muolajalarini olgandan so‘ng, uylariga javob berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri