Buxoro viloyati Shofirkon tumanining Boboato mahallasida yashovchi Malohat Murodova bir necha yillar davomida oyoqdagi og‘riqlar, harakatlanishda noqulayliklar va yurishda qiynalishdan aziyat chekib kelgani sabab, shifo istab Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalariga murojaat qildi.
Poytaxtda o‘tkazilgan tibbiy tekshiruvlar va malakali shifokorlar tomonidan berilgan tavsiyalar asosida bemor o‘z hududida Shofirkon tumani tibbiyot birlashmasida davolanishni davom ettirishga qaror qildi.
Jarrohlik amaliyoti tuman tibbiyot birlashmasiga Toshkent shahridan kelgan tajribali shifokor, ortoped-travmatolog Abdulloh Hafizov boshchiligida, tuman birlashmasining yuqori malakali jarrohlari hamkorligida amalga oshirildi. Bemorga o‘ng chanoq-son bo‘g‘imining total endoprotezlash amaliyoti — JRI (Buyuk Britaniya) endoprotezi yordamida muvaffaqiyatli o‘rnatildi.

Mazkur murakkab va yuqori texnologik operatsiyaning mahalliy muassasada o‘tkazilgani tibbiyot birlashmasida yaratilgan zamonaviy infratuzilma, ilg‘or tibbiy jihozlar, malakali mutaxassislar va ularning doimiy kasbiy rivojlanishi natijasidir.
– Avvalo, davlat rahbariga rahmat, chekka hududda bemorlar uchun mana shunday zamonaviy sharoit yaratib bergani uchun. Tibbiyot birlashmasi mutaxassislariga chuqur minnatdorlik bildiraman. O‘z vaqtida ko‘rsatilgan yuqori malakali tibbiy yordam hayot sifati va harakatlanish imkoniyatimni sezilarli darajada yaxshiladi, – deydi Malohat Murodova.
Zarif Komilov, O‘zA