Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muqobil investitsiya jamg‘armalarining huquqiy maqomini belgilab beruvchi hujjat
18:50 / 2026-02-03

Ma’lumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga murojaatnomasida bir nechta ustuvor yo‘nalishlarni belgilab berdi. Ulardan biri moliyaviy bozorni rivojlantirish, “Muqobil investitsiya jamg‘armalari to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqishga qaratilgan.

Xo‘sh, mazkur qonun loyihasini ishlab chiqish qanday strategik ahamiyatga ega?

Toshkent davlat yuridik universiteti Huquq va texnologiyalar sho‘’basi o‘qituvchisi G‘ayrat Eshbayev ushbu mavzu yuzasidan quyidagilarni ma’lum qildi:

– Bugungi kunda O‘zbekistonda tadbirkorlik muhitini yaxshilash, investitsiyalarni jalb qilish va xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Biroq amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, an’anaviy bank kreditlari va davlat moliyalashtiruvi innovatsion loyihalar ehtiyojini to‘liq qondira olmaydi. Startaplar va texnologik kompaniyalar, odatda, yuqori riskli, lekin istiqbolli loyihalar bo‘lgani uchun ularga mos moliyalashtirish mexanizmlari talab etiladi. Aynan shu o‘rinda venchur fondlar va muqobil investitsiya jamg‘armalari muhim rol o‘ynaydi.

Venchur fondlar asosan yangi tashkil etilgan, tez o‘sish salohiyatiga ega bo‘lgan startaplarga sarmoya kiritadi. Ularning asosiy maqsadi qisqa muddatli foyda emas, balki uzoq muddatda kompaniya qiymatini oshirishdir. Fintex kompaniyalar esa moliyaviy xizmatlarni raqamlashtirish, to‘lov tizimlarini soddalashtirish va moliya bozoriga yangi texnologiyalarni olib kirish orqali iqtisodiy samaradorlikni oshiradi. Ushbu segmentlar rivoji iqtisodiyotda sog‘lom raqobat muhitini shakllantiradi, yangi ish o‘rinlari yaratadi va intellektual salohiyatdan samarali foydalanishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, muqobil investitsiya bozori o‘ziga xos murakkabliklarga ham ega. Venchur investitsiyalar yuqori risk bilan bog‘liq bo‘lgani sababli, investorlar uchun ham, startap tashabbuskorlari uchun ham aniq qoidalar va huquqiy kafolatlar zarur. Agar bu soha yetarlicha tartibga solinmasa, moliyaviy suiiste’mollik, investorlar huquqlarining buzilishi yoki bozor ishtirokchilari o‘rtasida kelishmovchiliklar yuzaga kelishi mumkin. Natijada butun tizimga nisbatan ishonch susayadi va investitsiya faolligi pasayadi.

Shu nuqtai nazardan qaraganda muqobil investitsiya jamg‘armalari faoliyatini qonuniy asosda tartibga solish dolzarb vazifalardan biridir. Amaldagi qonunchilikda investitsiya va moliya bozoriga oid bir qator normalar mavjud bo‘lsada, ular venchur fondlar va startaplar ekotizimining barcha jihatlarini to‘liq qamrab olmaydi. Masalan fondlarni tashkil etish tartibi, ularning boshqaruv modeli, investorlar va loyihalar o‘rtasidagi munosabatlar, risklarni taqsimlash mexanizmlari ko‘pincha aniq belgilab berilmagan.  

Shu sababli parlament va hukumatning hamkorlikda “Muqobil investitsiya jamg‘armalari to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqishi strategik ahamiyatga ega. Ushbu qonun avvalo, muqobil investitsiya jamg‘armalarining huquqiy maqomini belgilab beradi. Qonunda venchur fondlar, xususiy kapital fondlari va boshqa muqobil investitsiya vositalarining turlari, ularning faoliyat prinsiplari va davlat tomonidan tartibga solish mexanizmlari aniq ko‘rsatilishi lozim. Bundan tashqari, mazkur qonun investorlar huquqlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratishi kerak.  

Xususan, sarmoya kiritish shartlari, foyda va zararlarni taqsimlash tartibi, axborot ochiqligi va moliyaviy hisobot masalalari qonun darajasida mustahkamlansa, investorlar uchun ishonchli muhit yaratiladi. Bu esa nafaqat mahalliy, balki xorijiy investorlarni ham O‘zbekiston bozoriga faolroq kirib kelishga undaydi.

Startaplar uchun esa bunday qonun huquqiy aniqlik va barqarorlikni ta’minlaydi. Ular qaysi shartlarda sarmoya jalb qilishi mumkinligini, investorlar bilan munosabatlar qanday tartibga solinishini aniq biladi. Natijada, tadbirkorlar o‘z e’tiborini hujjatbozlik va huquqiy xavflarga emas, balki mahsulot va xizmatlarni rivojlantirishga qaratadi. Alohida ta’kidlash joizki, muqobil investitsiya jamg‘armalari bo‘yicha qonun moliyaviy texnologiyalar yo‘nalishining rivojiga ham kuchli turtki beradi. Raqamli moliya xizmatlari, elektron to‘lovlar va boshqa zamonaviy moliyaviy yechimlar aynan venchur investitsiyalar hisobiga tez rivojlanadi. Agar bu soha aniq va shaffof qonunchilik asosida faoliyat yuritsa, moliya bozorining umumiy samaradorligi oshadi va aholining moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari kengayadi.

Xulosa qilib aytganda, venchur fondlar, startaplar va fintex kabi yangi moliyaviy instrumentlar bozorini rivojlantirish O‘zbekiston iqtisodiyotining kelajakdagi o‘sishi uchun muhim omillardan biridir. Ushbu sohaning barqaror va samarali rivoji esa mustahkam huquqiy asosga bog‘liq. “Muqobil investitsiya jamg‘armalari to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi bozor ishtirokchilari huquqlarini kafolatlaydi, investitsiya muhitini yaxshilaydi va innovatsion iqtisodiyot sari dadil qadam tashlash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratadi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA