Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muqobil energiyadan foydalanish davr talabi
17:23 / 2023-06-22

Yil sayin barcha jabhalarda ulkan o‘zgarishlar yuz berib, yangi turar-joy binolari va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy inshootlar qurib foydalanishga topshirilyapti. Bu esa elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojni oshirmoqda. Yuz berayotgan bunday yangilanishlar korxona va tashkilotlar, aholi xonadonlarida muqobil elektr energiyasidan foydalanishni talab etmoqda.

Prezidentimiz 2022 yil 25 noyabr kuni Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusni ilgari surib, viloyat elektr energiyasini tejash bo‘yicha namuna bo‘lishi va buning uchun barcha tashkilotlarga yuz foiz quyosh panellari o‘rnatilishi yuzasidan o‘z taklifini bergan edi.  

Qiziltepa tumani bo‘yicha umumiy hisobda tashkilot va korxonalar, ijtimoiy soha ob’ektlari, tadbirkorlik sub’ektlari va aholi xonadonlariga jami 3,1 MVt quvvatdagi quyosh panellari o‘rnatilishi rejalashtirilgan bo‘lib, hozirda 1,6 MVtga teng bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatildi.  

– Bugungi kunda tumanimizda Prezidentimiz tashabbusi, qolaversa, joriy yilning 16 fevral kuni qabul qilingan “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash borasida aniq-chora tadbirlar belgilab olingan, – deydi tuman elektr ta’minoti korxonasi qayta tiklanuvchi manbalardan elektr energiya ishlab chiqaruvchilar bilan ishlash muhandisi Bobur Boltayev. – Mazkur qarorga ko‘ra, ijtimoiy va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohalarida hamda iqtisodiyot tarmoqlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, energiya samaradorligini oshirish orqali respublika hududlarida energiya taqchilligi qoplanishini ta’minlash, bu boradagi ishlarni kompleks tashkil etish hamda investorlar uchun qulay sharoitlar va rag‘batlantirish mexanizmlarini joriy qilish belgilangan. Shu kunga qadar tumanimizda ijtimoiy soha ob’ektlariga 0,6 MVt, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi sub’ektlar binolariga 0,7 MVt, aholi xonadonlariga esa 0,30 MVt quvvatga ega bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatildi.  

Tumanda 45 ta umumta’lim maktablari mavjud bo‘lib, ularning oylik iste’moli o‘rtacha 57142 kVt/soatga teng. Bugungi kunda 4 ta maktab binolariga 35 kVt/soatga teng quyosh panellari o‘rnatilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘rtacha oylik iste’mol 54510 kVt/soatni, iqtisod qilingan energiya esa 2632 kVtni tashkil etmoqda.  

– Maktabimiz 420 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, hozirda 587 nafar o‘quvchiga 61 nafar o‘qituvchi ta’lim-tarbiya berib kelmoqda, – deydi 7-umumta’lim maktabi direktori Halovat Istamova. – Maktabimizning elektr energiyasiga bo‘lgan talabi 1500-1600 kVt atrofida. O‘tgan yil oxirida quvvati 5 kVt/soatga teng quyosh paneli o‘rnatgandik. Natijada har oyda 400-600 kVt atrofida elektr energiyasi iqtisod qilinmoqda. Maktabimizda elektr energiyasi uzilishlari kuzatilmaydi. Bundan ko‘rinadiki, quyosh paneli har tomonlama foydalidir.  

Albatta, bugungi kunda quyosh panelidan foydalanib kelayotgan xonadon sohiblari uning foydali jihatlarini anglab yetmoqda. “Gumbaz” MFY Ro‘zibiyon massivi 16-uyda istiqomat qiluvchi Gulmira Xayriddinova ham xonadoniga quvvati 2 kVt/soatga teng bo‘lgan quyosh paneli o‘rnatgan.  

– 28 yildan buyon o‘qituvchi bo‘lib ishlab kelaman, – deydi Gulmira opa. – 2 nafar farzandim, 2 nafar nevaram bor. O‘rtacha har oyda 120-160 kVt elektr energiyasi ishlatamiz. Joriy yilning aprel oyida quyosh paneli o‘rnatdik. Ikki oy davomida 30-50 kVt atrofida ortiqcha elektr energiyasi sotdik.  

[gallery-12448]

Darhaqiqat, muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanish tabiiy manbalarni iqtisod qilish bilan birga elektr energiyani tejash va uning samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Qolaversa, yurtimizda muqobil energiya manbalaridan foydalanadigan fuqarolarga bir qator soliq imtiyozlari berilgan. Ya’ni, uy-joylarda amaldagi energiya resurslari tarmoqlaridan to‘liq uzilgan holda muqobil energiya manbalaridan foydalanadigan jismoniy shaxslar mol-mulk va yer solig‘idan ozod qilinadi.  

A.Bo‘riyev,

 S.Aslonov (surat), O‘zA