Prezident raisligida qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
– Nima uchun ushbu yigʻilishni oʻzim oʻtkazayapman? Inson qadrini ulugʻlash yilida har bir fuqaromizning xonadonida yaxshi yashashiga sharoit yaratishimiz zarur. Bir narsani aniq tushunish kerak. Bir yilda Oʻzbekistonda 10 milliard dollarlik elektr va gaz isteʼmol qilinadi. Agar buning 10 foizini iqtisod qilishni oʻrgansak, 1 milliard dollarini boshqa ehtiyojlar uchun sarflashimiz mumkin.
Hokim va vazirdan tortib, mahalla raisigacha barcha darajadagi rahbarlar bu masalaning qanchalik muhimligini tushunayaptimi, bu borada oʻzining masʼuliyatini his qilayaptimi, degan savollar meni juda qiynaydi.
Qaysi vazir yoki uning oʻrinbosari hisob-kitob qilib, energiya sarfini qisqartirish boʻyicha tashabbus koʻrsatdi? Ular oʻzi nima uchun oylik olayapti, – dedi davlat rahbari yigʻilish avvalida.
Yigʻilishda soʻnggi yillardagi islohotlar natijasida aholining elektr taʼminotidagi uzilishlar ancha qisqargani qayd etildi.
Lekin, kuz-qish mavsumida aholining gazga boʻlgan ehtiyoji keskin oshishi sababli barcha yuklama elektr tarmoqlariga tushmoqda.
Hozirgi kunda aholining kamida 2-3 milliard kilovatt soat elektr energiyasiga qoʻshimcha talabi mavjud. Kelgusi besh yilda esa bu ehtiyoj yana 10 milliard kilovatt soatga oshadi.
Bunday vaziyatda eng samarali yoʻl – muqobil energiyadan foydalanishni koʻpaytirish.
Bu borada 2019-yilda alohida jamgʻarma tashkil qilinib, aholiga byudjetdan subsidiya berish tizimi joriy etildi.
Lekin birorta viloyat, tuman va shahar hokimida yoki vazirda oʻz tizimidagi tashkilotlarda energiya isteʼmoli, uni tejash, muqobil energiya uskunalarini oʻrnatish boʻyicha hisob-kitob yoʻqligi, ular joriy qilingan subsidiya va kompensatsiyadan oʻz tarmogʻi yoki hududida foydalanish boʻyicha jon kuydirmagani tanqid qilindi.
Prezident ushbu masala umummilliy ahamiyatga egaligini qayd etib, muqobil energiya uskunasini oʻrnatgan aholi va tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha mutlaqo yangi tizim joriy etilishini taʼkidladi.
Bunda, aholi va tadbirkorlarga:
– oʻrnatilgan quyosh va shamol elektr uskunalari uchun quvvatiga qarab 15 million soʻmgacha, suv isitish qurilmasi uchun esa 2 million soʻmgacha kompensatsiya toʻlanadi;
–yoki uskuna qiymatini 3 yil ichida foizsiz boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati yaratiladi.
Ushbu tizim Energetika vazirligining maxsus jamgʻarmasi orqali joriy etilishi belgilandi.
Muqobil energiya uskunalarini oʻrnatish istagida boʻlgan aholi va tadbirkorlar bu imkoniyatlardan foydalanishi uchun biron-bir idoraga borishga majbur boʻlmaydi. Barcha hujjatlar uskuna xarid qilinadigan joyning oʻzida hal boʻladi.
Buning uchun:
– jamgʻarma mahalliy ishlab chiqaruvchilar hamda hududlardagi sotuvchilar bilan hamkorlik shartnomalarini tuzadi;
– ishlab chiqaruvchilarning aholi va tadbirkorlarga uskunalarni boʻlib-boʻlib toʻlashga berish xarajatlari jamgʻarma tomonidan qoplab beriladi;
– jamgʻarmaga 100 milliard soʻm ajratiladi, ishlatishiga qarab yil yakuniga qadar yana 100 milliard soʻm beriladi;
– jamgʻarmaning elektron portali ishga tushirilib, barcha jarayonlar toʻliq raqamlashtiriladi.
Mutasaddilarga tizimni 1-sentyabrdan amaliyotga joriy qilish topshirildi.
Viloyat hokimlari oldiga joriy yilda “daftarlar”ga kirgan kamida 5 mingta oilani, kelgusi yilda yana 10 mingtasini suv isitish qurilmasi bilan taʼminlash choralarini koʻrish vazifasi qoʻyildi.
OʻzA