Ma’lumotlarga ko‘ra, Germaniya davlatida 1 yilda bor-yo‘g‘i 190 kun quyoshli ekan. Lekin shunga qaramay, bugungi kunda mamlakatda quyosh energiyasidan to‘liq foydalanish uchun milliy dastur ishlab chiqilib, amalga keng tatbiq etilyapti. Hozirda qishloq xo‘jaligida, sanoatda va ishlab chiqarishda hamda aholi turar joylarida muqobil energiya manbalari, jumladan, quyosh fotostansiyalari keng joriy qilinyapti. O‘zbekiston esa Germaniyaga nisabatan salkam ikki barobar quyoshli bo‘lib, yiliga 300 kun quyosh charaqlab turadi. Bugun mamlakatimizda ham quyosh energiyasidan maqsadli foydalanishgaalohida e’tibor qaratilmoqda. Yashil iqtisodiyot siyosati ilgari surilmoqda.
Prezidentimizning 2022 yilning 2 dekabrdagi “2030 yilgacha O‘zbekiston Respublikasining “Yashil” iqtisodiyotga o‘tishiga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ishlab chiqarish quvvatini 15 GVt. ga oshirish va ularning ulushini elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmining 30 foizdan ko‘prog‘iga yetkazish hamda sanoat sohasida energiya samaradorligini kamida 20 foizga oshirish ko‘zda tutilgan. Mazkur qaror ijrosiga asosan Chirchiq-Ohangaron irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi Ta’mirlash-mexanika sexi binosining tom qismiga hamda avtosaroy xizmati va oshxona ehtiyojlari uchun quyosh isitish qurilmalari o‘rnatilib, keng foydalanilmoqda.
– Yurtimiz quyoshli o‘lka, bundan samarali foydalanish kerak, – deydi Chirchiq-Ohangaron ITHB huzuridagi Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi boshlig‘i Murod Tillayev. – Bugun davlatimiz tomonidan innovatsion texnologiyalar, jumladan, muqobil energiya manbalaridan foydalanishga katta e’tibor qaratilyapti, qator imtiyozlar va subsidiyalar ajratilmoqda. Joriy yilda boshqarmamiz ma’muriy binosiga ham quyosh batareyalari o‘rnatishni rejalashtirganmiz.
A. Musayev, O‘zA.