Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muqobil energiya sanoat korxonasiga samara keltirmoqda
16:05 / 2023-09-26

Prezident topshiriqlari amalda

Bugungi energotaqchillik kuzatilayotgan zamonda muqobil energiya manbalaridan oqilona foydalanish sanoat korxonalarida ishlab chiqarish hajmi va samaradorligini oshirishda alohida ahamiyat kasb etadi.  

Ayni muhim jihatga ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar Namanganda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi hamda Energetika vazirligi hamkorligida uyushtirilgan press-tur davomida amin bo‘lishdi.

Tadbir ishtirokchilari Chust tumanining Chustnon-Do‘stlarobod massivida joylashgan, umumiy qiymati 60 million AQSH dollarini tashkil etuvchi “Namangan sement” mas’uliyati cheklangan jamiyatida amalga oshirilayotgan xayrli ishlar, portland sement ishlab chiqarish jarayonlari va zavodning kelgusidagi rejalari bilan yaqindan tanishdi.

Ta’kidlash joizki, sanoat rivoji iqtisodiyot ravnaqida muhim o‘rin tutadi. Shu nuqtai nazardan yurtimizda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga berilayotgan e’tibor natijasida yirik ishlab chiqarish korxonalari soni kundan-kunga ortib bormoqda.  

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 9 iyundagi “Hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan Chust tumani qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan tuman etib belgilangan. Bugungi kunga kelib, tumanda ana shunday uchta yirik korxona faoliyat yuritmoqda.

Bundan to‘rt yil avval “Namangan sement” MCHJ tomonidan yirik istiqbolli loyihaning birinchi bosqichi doirasida yiliga 300 ming tonna, 450, 550 va 600 markadagi sement ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona barpo etildi. Zavod o‘zining xomashyo bazasi, ya’ni konlariga ega. Ularga asosan Chust tumanidagi G‘ova qishlog‘idagi karerdan ohak-tosh olinadi.

– Prezidentimizning tadbirkorlik, ayniqsa, sanoatni jadal rivojlantirishga qaratayotgan g‘amxo‘rligi tufayli 2018 yilda Chustning 20 gektar qir-adirlik maydonida yer tekislash ishlari bilan zavod qurilishiga kirishgandik, – deydi “Namangan sement” MCHJ direktori Abdurashid Murodov. – Ikki bosqichdan iborat yirik loyihamizning 20 million dollar qiymatga ega bo‘lgan dastlabkisida 470 ta ish o‘rni bilan ish boshladik. Navbatdagi loyihamizga 49 million dollar sarflanishi hisobiga ishchilar sonini 1050 nafarga oshirib, yillik 1 million tonna sement ishlab chiqarish quvvati yo‘lga qo‘yildi. Korxonamizda yiliga jahon standartlariga mos va import o‘rnini bosuvchi 700-800 ming tonna sement mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Birgina 2020-2023 yillar oralig‘ida 179 milliard so‘m, jumladan, 2023 yilning o‘tgan davri mobaynida 50 milliard so‘m byudjetga soliq tushumlari amalga oshirildi. Yangi quvvat ishga tushirilishi samarasida byudjetga yiliga 100 milliard so‘mdan ortiq soliq tushumlari amalga oshirishni ko‘zda tutganmiz. Texnologik uskuna va jihozlarni Xitoy davlatidan keltirganmiz, ular xalqaro standartlarga javob beradi. Sharqiy osiyolik malakali muhandislar faoliyatimiz avvalida zavodda bo‘lib, mahalliy mutaxassis va ishchi-xodimlarga yaqindan ko‘maklashdi. Ishlab chiqarilgan ilk mahsulotlarimiz laboratoriya va texnik sinovlardan o‘tib, ichki bozorga yo‘naltiriladi.  

E’tiborlisi shundaki, ushbu korxonada ishlab chiqarish jarayonlari to‘liq ko‘mir yoqilg‘isiga moslashtirilgan. Ikkilamchi manba sifatli bo‘lib, Qirg‘iz Respublikasidan keltiriladi. 1 tonna ko‘mir 850 ming so‘mga keltirilib, kuniga ishlab chiqarish jarayoniga 300-320 tonna ko‘mir ishlatiladi. Ayni vaqtda zavodda 5 oylik ko‘mir zaxirasi mavjud.

Mutaxassislarning qayd etishicha, sanoat korxonalarida muqobil energiya manbalari, shu jumladan, ko‘mirdan foydalanish tabiiy gaz iste’moliga qaraganda ancha arzonga tushadi. Ya’ni korxonaning yillik ko‘mirga bo‘lgan talabi 300 ming tonna bo‘lib, bu orqali 1 ming 360 ming metr kub tabiiy gaz tejalmoqda.

Taqqoslash uchun 1 tonna sement ishlab chiqarish uchun 120 kilogramm ko‘mir sarflansa, bunga 140 kub gaz taqozo etiladi. Bundan tejalgan mablag‘lar esa ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, ishchi-xodimlarni moddiy rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.

“Namangan sement” mas’uliyati cheklangan jamiyati joriy yilning o‘tgan sakkiz oyi davomida 84,4 mln.kVt/soat elektr energiyasi iste’mol qilgan bo‘lib, bu bir oyga o‘rtacha 10,55 mln.kVt/soat va 1 kunlik iste’moli o‘rtacha 347,2 ming.kVt/soatga to‘g‘ri kelmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2023 yil 1 fevral kuni Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida vodiy viloyatlari misolida aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha bildirgan takliflari hamda yirik korxonalarda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, ularni elektr bilan o‘zini o‘zi ta’minlashga o‘tkazish yuzasidan bergan topshiriqlari ijrosidan kelib chiqib, jamiyat tomonidan yo‘qotilayotgan issiqlikdan elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi.

[gallery-13730]

10 million dollarlik bank krediti hisobidan xitoylik hamkorlar bilan birgalikda bajariladigan mazkur loyiha 6 megavatt/soat ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, zavodning umumiy elektr energiya iste’molining 40 foizni qoplaydi. Bunday istiqbolli loyiha hozirga qadar respublikamizning ikkita hududida – Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanidagi sement zavodi hamda Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinatining Jizzaxdagi zavodida tatbiq etilgan. Chustda rejalashtirilgan navbatdagi loyihani 2025 yilning birinchi choragida to‘liq ishga tushirish rejalashtirilgan.

Oqilxon Dadaboyev, A’lo Abdullayev (surat), O‘zA