Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muqobil energiya: qulay va samarali
19:15 / 2023-08-17

Aholining yashash sharoitlari yaxshilangani sayin yoqilg‘i-energetika resurslariga bo‘lgan talab-ehtiyoj ham ortib bormoqda. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, ayni paytda mamlakatimiz iqtisodiyotining energiya sarfi rivojlangan davlatlardagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha yuqori. Ushbu tafovutni bartaraf etish uchun iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini yanada oshirish, energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etishga alohida e’tibor qaratish lozim.

Shu bois mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan ushbu yo‘nalishda qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Energotejamkor texnologiyalar va muqobil energiya tizimini rivojlantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Quyosh panellari va quyosh suv isitish qurilmalarini o‘rnatish uchun zarur qulayliklar yaratilib, qator imtiyozlar joriy etildi.  

Sirdaryo viloyatida ham bu boradagi ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Birinchi galda viloyatdagi mavjud 167 407 ta bino va inshootlarda quyosh panellari va quyosh suv isitish qurilmalarini o‘rnatish imkoniyatlari o‘rganib chiqildi. Natijada mazkur qurilmalarni o‘rnatish uchun 2 698 ming kvadrat metr maydonlar mavjudligi aniqlandi. Ayni vaqtgacha ijtimoiy soha ob’ektlarida belgilangan quvvatlar to‘liq o‘rnatilgan. Davlat idoralari va tashkilotlari, tadbirkorlik sub’ektlariga tegishli bino va inshootlar, ko‘p qavatli uylar va aholi xonadonlarining tom qismiga quvvati 7,13 MVt bo‘lgan quyosh paneli, 53 ming litr sig‘imli quyosh suv isitish uskunalari o‘rnatildi. Yil yakuniga qadar yana 12,5 MVt.li quyosh paneli va 23,4 ming litr sig‘imli suv isitish uskunalari o‘rnatilishi nazarda tutilgan. Shuningdek, tarmoqlardagi yo‘qotishlarni o‘rtacha 1,5 foizga kamaytirish, sanoat korxonalari va bino-inshootlarda samaradorlikni 2,2 foizga oshirish hisobiga 64,5 million kVt soat elektr energiyasini iqtisod qilish belgilab olingan. Bundan tashqari, viloyatda faoliyat yuritayotgan 10 ta issiqxona va 663 ta ijtimoiy soha ob’ektlarini to‘liq ko‘mirga o‘tkazish evaziga viloyat bo‘yicha jami 43 million kVt-soat elektr energiyasi va 17,2 million kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishish ko‘zda tutilgan.  

Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri