Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muqobil energiya manbalarini yaratish ustida tadqiqot olib borilmoqda (+video)
18:47 / 2024-02-27

Bugungi kunda aholining o‘sishi va sanoatning jadal rivojlanishi tufayli global energiya iste’moli muttasil o‘sib, energiya manbalarida muammolar yuzaga keldi. Shu sababli olimlar o‘rtasida yangi resurslarni olish va mavjudlarini yanada yuqori samaradorlik bilan kengaytirish yo‘llari to‘g‘risida munozaralar kuchaymoqda.

Fanlar akademiyasi Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti olimlari ham nanomateriallar asosidagi organik va perovskit quyosh elementlari ya’ni muqobil energiya manbalarini yaratish borasida tadqiqot olib bormoqda. 

– Bugungi kunda biz kondensirlangan muhitlar optikasi laboratoriyasida ikkita asosiy yo‘nalish, organik quyosh elementlari hamda perovskit quyosh elementlari ustida ish olib boryapmiz, – deydi Ion-plazma va lazer texnologiyalar instituti yetakchi ilmiy xodimi Ilhomjon Tojiboyev. – Barchamizga ma’lumki, kremniy asosida an’anaviy quyosh elementlarini tayyorlash texnologiyasining qiyinligi, yuqori temperatura va vakuumda, o‘ta toza sharoitda ishlash zarur bo‘lgani uchun bugungi kunda quyosh elementlarining narxi ancha qimmat bo‘lyapti. Ulardan ishlab chiqariladigan elektr energiyasining tannarxi nisbatan yuqori. Shu sababli butun dunyo olimlari quyosh elementlaridan ishlab chiqiladigan elektr energiyasi tannarxini kamaytirish uchun perovskit va organik quyosh elementlarini amaliyotga joriy qilishga harakat qilishmoqda. 

AQSH olimlarining hisob kitoblariga ko‘ra, agar zamonaviy perovskit elementlari bir yil barqaror ishlab beradigan bo‘lsa, ularning ishlab chiqaradigan elektr energiyasi boshqa turdagi elektr generatsiyalardan tannarxi 2-3 barobargacha kam bo‘lishi mumkin. 

Stanford universiteti olimlari robotlashtirolgan qurilma yordamida olgan peraskit panellarini 1 kv.metri tannarxi 2.7 dollar tengligini aniqladi. Kremniy asosidagi quyosh elementlarining tannarxi esa 50-100 dollar atrofida bo‘ladi. 

Shu sababli butun dunyoda peraskit quyosh elementlari ustida jadal tadqiqot olib borilyapti. O‘zbekistonda ham shu yo‘nalishda izlanishlar boshlangan. Xususan, olimlar tomonidan laboratoriyada perovskit – organik quyosh elementlarining strukturalarini olish, ularning spektral, optik energetik xususiyatlari o‘rganilmoqda. 

2022-yildan laboratoriyada Toshkent davlat texnika universiteti bilan hamkorlikda Istiqbolli perovskitli quyosh elementlarida energiya almashinishi va zaryadlarning foto majburiy migratsiyasi jarayonlarini o‘rganish bo‘yicha 5-yillik fundamental loyiha boshlangan. 

– Ushbu loyiha boshlangach 2022-2023-yilda yaxshi yutuqlarga erishdik, – deydi Ion-plazma lazer texnologiyalar instituti laboratoriya mudiri, fizika-matematika bo‘yicha falsafa doktori Vaxobjon Quvondiqov. – Ya’ni mukammal, yaxshi perovskit strukturalarni olish, ulardagi zaryadlar almashinuv jarayonlarini tadqiq qilishga bag‘ishlangan butun dunyoda tan olingan 6 ta jurnalda maqolalarimiz chop etildi. Undan tashqari laboratoriyamiz olimlari Xitoyning Sian shahridagi Shimoli-g‘arbiy politexnika universiteti olimlari bilan hamkorlikda tadqiqotlar o‘tkazib, bir qancha yutuqlarga erishib qaytishdi. 

– Xo‘sh, ushbu tadqiqotning qanday foydali taraflari mavjud?  

– Tadqiqotlar natijasida ishlab chiqiladigan organik quyosh elementlar bir qancha afzallik tomonlariga ega bo‘lishi bilan dunyo olimlarining diqqatiga sazovor bo‘lmoqda. Xususan, organik quyosh elementlarining eng ustun tomonlari, bu uning egiluvchanligi bo‘lib plyonka shaklida ishlab chiqarilishi hisobiga uni har qanday yuzaga, misol uchun uyning derazasiga yopishtirib qo‘yish yoki ko‘chadagi oynali bekatlarga yopishtirish orqali bekatning o‘zini elektr energiya bilan ta’minlash mumkin. Yana bir ustun tomoni, quyosh elementi organik moddalardan foydalanib ishlab chiqilganligi tufayli xizmat vazifasini bajarib bo‘lgandan keyin uni tabiatga zarar yetkazmasdan utilizatsiya qilish hamda qayta ishlash imkoniyatlari mavjud. Hozirgi izlanishlar asosan uning barqarorligini ta’minlashga qaratilgan, – deydi V.Quvondiqov. 

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/0zyWZ4EVR6Y" title="Muqobil energiya manbalarini yaratish ustida tadqiqot olib borilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

N.Rahmonova, N.Abduvoitov(video), O‘zA