Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanish tabiiy manbalarni tejashga xizmat qiladi
17:20 / 2022-09-28

Mamlakatimizda muqobil energiya manbalaridan foydalanish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda. Xususan, tashkilotlar binolar tom qismlariga quyosh panellarini o‘rnatish ishlari jadal davom ettirilmoqda.

Bu boradagi ishlar “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizimida muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanish tizimli tashkil etilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan galdagi brifing “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizimidagi tashkilot va korxonalarning kuz-qish mavsumida muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanish masalalari tahliliga bag‘ishlandi.

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ matbuot xizmati rahbari Muhammadjon BEKMUHAMMEDOV bu jarayonlar haqida qo‘yidagilarni gapirib berdi.

– Energiya tejamkor qurilmalarni hayotga joriy etishdan maqsad kuz-qish mavsumida o‘z ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan elektr va issiqlik energiyasidan samarali foydalanish hisoblanadi, – dedi M.Bekmuhammedov. – Shundan kelib chiqib, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizimida muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanish ishlariga asosiy e’tibor qaratilmoqda.

Misol tariqasida aytadigan bo‘lsak, kuni kecha aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi yana bir korxona “O‘zenergosozlash” MCHJ ma’muriy binosi tom qismiga quyosh fotoelektr stansiyasini o‘rnatish ishlari yakuniga yetkazildi. 30 kVt. soat quvvatga ega ushbu qurilmaning ishga tushishi natijasida yiliga 90 000 kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Har bir kilovatt elektr energiyasini imkon qadar tejash tarafdorimiz.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytgacha tizim korxonalarida 300 kVt. Soat bo‘lgan quyosh fotoelektr panellari, 32 ta chastota o‘zgartirgich qurilmalar, 138 ta quyosh suv isitgichlari, 286 ta quyosh panelli yoritish chiroqlari, 829 ta sensorli yoritish datchiklari kabi jami 1336 ta energiya tejovchi va muqobil energiya manbalari qurilmalari o‘rnatildi. Bu ishlar natijasida 2022 yilning 8 oyida 1,2 million kVt.soatga teng elektr energiyasi va 62 Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarildi. 140 ming metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinishiga erishildi.

Ayni kunlarda “O‘zbekenergota’mir” AJ tomonidan “Farg‘ona IEM” AJda quvvati 1800-2000 kVt. soat va “Sirdaryo IES” AJda quvvati 1200-1500 kVt. soat bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. 2022 yil yakuniga qadar tizimda jami quyosh fotoelektr stansiyalarining o‘rnatilgan quvvati 3300 kVt. soatga yetkaziladi. Bu esa yiliga o‘rtacha 8 million kVt. soat qo‘shimcha elektr energiyasi ishlab chiqarish hamda qariyb 1,2 million metr kub tabiiy gaz iqtisod qilish imkoiniyatini yaratadi.

Shuningdek, 2023-2024 yillarda issiqlik elektr stansiyalarning ichki hamda yondosh hududlaridagi bo‘sh yer maydonlarida 30-40 MVt va undan yuqori quvvatli quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha o‘rganishlar olib borilmoqda. Unga ko‘ra, “Sirdaryo IES” AJda 40 MVtli, “Muborak IEM” AJda 30 MVtli, “To‘raqo‘rg‘on IES” AJda 15 MVtli va “Tallimarjon IES” AJda 43 MVtli quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi. Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi issiqlik elektr stansiyalarining o‘z ehtiyojlari va xo‘jalik ehtiyojlari uchun sarflanayotgan elektr energiyasini muqobil energiya manbalari hisobidan qoplash imkoniyatini yaratadi. Bu kabi yangi imkoniyatlar yiliga o‘rtacha 200 million kVt.soat elektr energiyasi yoki 21,0 million metr kub tabiiy gaz iqtisodiga erishiladi.

Umuman olganda, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizimida muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanishga qaratilgan tadbirlar tabiiy manbalarni iqtisod qilish bilan birga, elektr energiyani tejash va uning samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

O‘zA muxbiri

Nasiba ZIYODULLAEVA yozib oldi.