Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muqobil energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish – zamon talabi
14:46 / 2024-08-17

Energetika vazirligida Prezidentimiz tomonidan muqobil energiya manbalarini joriy etishni rag‘batlantirish bo‘yicha belgilab berilgan topshiriqlar ijrosiga bag‘ishlangan videokonferensiya shaklida yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, Bosh prokuror o‘rinbosari Shohrux Aminov va boshqalar bugungi kunda energiya resurslaridan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanishni zamonning o‘zi taqozo qilayotgani ta’kidladi. Shundan kelib chiqib, aholi xonadonlari, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’ektlarida o‘rnatilayotgan quyosh panellari hamda quyosh suv isitish qurilmalarini keng tatbiq etish muhim masalalardan biridir. 

Bugungi kunda mamlakatimizda umumiy quvvati 2500 megavattdan ortiq bo‘lgan 9 ta quyosh va 1 ta shamol elektr stansiyasi ishlab turibdi. Bundan tashqari, ijtimoiy soha binolari, aholi xonadonlari, tadbirkorlik sub’ektlari hamda ko‘p qavatli uylarda umumiy quvvati 551 megavatt bo‘lgan kichik hajmdagi quyosh tizimlari va 1 142 300 litrli quyosh suv isitish qurilmalari o‘rnatilgan. 

Bu esa energiyadan samarali foydalanish, turli yangi xizmatlarning yaratilishi, olis aholi punktlariga energiya yetkazib berishni yaxshilash hamda elektr yuklamalarini kamaytirish evaziga qo‘shimcha infratuzilma uchun xarajatlarni qisqartirish imkonini bermoqda. 

Tadbirda aytilganidek, ko‘p qavatli uylar, aholi xonadonlari, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’ektlarida quyosh panellari va quyosh suv isitish qurilmalarining o‘rnatilishi tufayli kutilayotgan tabiiy gaz va elektr energiyasi iqtisodi o‘rtacha 40-45 foizni tashkil etadi. 

Qolaversa, bir yil davomida 1 kvadrat metrni isitishga sarflanadigan energiya resurslari miqdori tabiiy gazda 3 baravar, elektr energiyasida esa 2,6 baravar kamayadi. 

Shuningdek, uchrashuvda quyosh paneli hamda quyosh suv isitish qurilmalarini o‘rnatgan aholi xonadonlari va tadbirkorlik sub’ektlariga berilgan imtiyozlar haqida ham so‘z yuritildi. 

Anjumanda aholi va tadbirkorlarning bino-inshootlariga energiya tejamkor uskunalar hamda quyosh panellarini o‘rnatish borasidagi ishlar tanqidiy muhokama qilindi. 

Yig‘ilish yakunida energetika tizimida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar, energiya tejamkor uskunalardan foydalanish orqali iqtisod qilish bo‘yicha kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilab olindi. 

N.Ziyodullayeva, O‘zA