Keyingi yillarda muqobil energiya manbalari, jumladan, quyosh foto elektr panellaridan foydalanish ko‘lami kengaymoqda. Bu borada Qashqadaryo viloyatida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Viloyatda quyosh panellari dastlabki bosqichlarda ta’lim muassasalari, tashkilot va idoralar, ijtimoiy soha ob’ektlariga o‘rnatilgan bo‘lsa, bugungi kunda aholi xonadonlariga ham o‘rnatila boshlandi.
Masalan, Qarshi tumani Qovchin mahallasida yashovchi tadbirkor “Lazizbek Jahongir” xususiy korxonasi rahbari Jumanazar Niyozov korxonasiga qarashli sexlarni energiya bilan ta’minlash maqsadida 65 kilovatt kuchlanishga ega quyosh panelini o‘rnatishni maqsad qildi. Iste’moldan ortgani esa aholiga tarqatiladi.

Qovchin mahallasi raisi Umidjon Xolyarovning ta’kidlashicha, tuman hokimining tashabbusi bilan muqobil energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha mahallada doimiy ravishda targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Buning natijasida mahalla aholisi xonadonlariga qayta tiklanuvchi energiya manbalarini o‘rnatish ishlarini boshlab yuborgan. Yil boshidan buyon 2 ta xonadonda 2 kilovattlik quyosh panellari o‘rnatilgan bo‘lsa, yana 3 ta xonadon quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha qiziqish bildirgan.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri