Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muqobil energiya imkoniyatlari
17:27 / 2015-07-15

Termizda ekologik toza texnologiyalarni amalda rivojlantirish va joriy qilish, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, tabiat manbalaridan maqsadga muvofiq foydalanishni o‘rganishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Termizda ekologik toza texnologiyalarni amalda rivojlantirish va joriy qilish, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, tabiat manbalaridan maqsadga muvofiq foydalanishni o‘rganishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi huzuridagi “Eko-energiya” ilmiy-tatbiqiy markazi hamda viloyat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda soha mutaxassislari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, xususiy korxona va fermer xo‘jaliklari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi huzuridagi “Eko-energiya” ilmiy-tatbiqiy markazi rahbari Zokir Rahimov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida ekologik toza muqobil energiya manbalaridan foydalanishning me’yoriy-huquqiy bazasini mustahkamlash, sohaga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Davlatimiz rahbarining 2013-yil 1-martdagi “Muqobil energiya manbalarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlar ko‘lamini kengaytirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Sayyoramizda elektr energiyasi ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan uglevodorod xomashyosi zaxiralari yildan-yilga kamayib borayotgan bir paytda mamlakatimizda muqobil energiya manbalaridan oqilona va samarali foydalanish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirishga xizmat qilayotir. Sanoat korxonalari, tibbiyot, ta’lim va boshqa ijtimoiy soha obyektlari, xususiy korxona va fermer xo‘jaliklari zamonaviy energiya qurilmalari – quyosh stansiyasi va kollektorlari bilan jihozlanib, uzluksiz elektr energiyasi hamda issiq suv bilan ta’minlanmoqda.

Surxondaryo viloyatida ham muqobil energiya manbalaridan unumli foydalanayotgan korxona, tashkilot va muassasalar safi kengayib borayotir. Jumladan, Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Charog'on tekstil” trikotaj fabrikasi, Sherobod, Oltinsoy, Angor, Denov, Sariosiyo, Termiz, Uzun tumanlaridagi tibbiyot birlashmalarining tug‘ruq bo‘limlari, qishloq vrachlik punktlari, qator sug‘urta kompaniyalarining viloyatdagi filiallari, ta’lim muassasalari hamda xususiy sektorga o‘rnatilgan tejamkor quyosh batareyalari energetika xavfsizligini ta’minlash, aholining ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilashda yuksak samaralar bermoqda. Viloyatdagi ko‘plab xonadonlarda ham ekologik toza va uzluksiz elektr manbasi – quyosh batareyalaridan unumli foydalanilayotir.

– Davlatimiz rahbarining joriy yil 5-maydagi 2015-2019-yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya sig‘imini qisqartirish, energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risidagi qarori bilan mamlakatimizda sohani izchil rivojlantirishning 2015-2019-yillarga mo‘ljallangan dasturi qabul qilingani ayni muddao bo‘ldi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi huzuridagi “Eko-energiya” ilmiy-tatbiqiy markazi bo‘lim boshlig‘i Rustam Yodgorov. – Muqobil energiyadan foydalanayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarga soliq to‘lovlarida qator imtiyozlar qo‘llanilayotgani ham ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, muqobil energiyaning quyosh batareyasi va quyosh kollektorlaridan foydalanish uchun qulay iqlimga ega Surxondaryo viloyatida yetmishdan ortiq xo‘jalik yurituvchi subyekt qayta tiklanadigan elektr manbalaridan foydalanayotir. Ularning o‘ttizga yaqini viloyat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasining maxsus jamg‘arma mablag‘lari hisobidan bepul o‘rnatilgan.

Keksalarni e’zozlash yilining o‘tgan davrida mazkur jamg‘arma mablag‘lari evaziga Denov va Sariosiyo tumanlaridagi Muruvvat uylari qayta tiklanadigan elektr energiyasi bilan ta’minlandi. Sherobod va Angor tumanlari tibbiyot birlashmalarining tug‘ruq bo‘limlari zamonaviy quyosh batareyasi energiyasidan uzluksiz foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Termiz tumanidagi “Surxon sarvari” fermer xo‘jaligining dala shiyponiga ham ana shunday muqobil energiya qurilmalari o‘rnatib berildi.

– Dala shiyponimizda o‘rnatilgan quyosh batareyasi uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlab, ishimizni yanada unumli tashkil etishda qulaylik yaratdi, – deydi “Surxon sarvari” fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi Rustam Boynazarov. – Komputer va qo‘l telefonlarimiz uzluksiz ishlamoqda. Xo‘jaligimiz paxta dalasida oltmishdan ortiq ishchi mehnat qiladi. Endilikda ular dam olish soatlarini yanada mazmunli o‘tkazayotir. Shuningdek, muqobil energiya manbasidan foydalanayotganimiz uchun soliq to‘lovlarida ham qator imtiyoz bor ekan. Ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rliklar uchun davlatimizdan minnatdormiz.

Seminarda yurtimizda quyosh energetikasining bugungi salohiyati va sohaga tatbiq etilayotgan yangi texnologiyalar xususida atroflicha ma’lumot berildi. Ishtirokchilar “Eko-energiya” ilmiy-tatbiqiy markazining muqobil energiya manbalarini joriy etish amaliyoti bilan tanishtirildi.