Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muqobil energiya — elektr uzilishlarni bartaraf etishning yechimlaridan biri
13:29 / 2023-07-13

Yozning jazirama hamda qahraton qishning izg‘irin sovuq kunlarida elektr energiyasi sarfining oshishi oqibatida elektr uzatish tizimlariga bosim kuchayib, uzilishlar bo‘lib qolmoqda. Bunga qish kunlarida ham, ayni yoz pallasida ham guvoh bo‘layapmiz.

Shu bois ham mamlakatimizda aholi punktlari, ijtimoiy soha ob’ektlari va iqtisodiyot tarmoqlarini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu boradagi ishlarni jadallashtirish, sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari takomillashtirilmoqda.  

Ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishni jadallashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.    

— Mazkur qonun loyihasi bilan umumiy quvvati 100 kVtgacha bo‘lgan qayta tiklanadigan energiya manbalari qurilmalaridan foydalangan holda umumiy tarmoqqa sotilgan elektr energiyasidan olinadigan daromadlarni foyda solig‘idan ozod etish taklif etilmoqda, — deydi Qonunchilik palatasi deputati Islom Xushvaqtov. — Shu bilan birga, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanuvchi jismoniy va yuridik shaxslarni mol-mulk solig‘idan, qurilmalar bilan band bo‘lgan yerlar bo‘yicha yer solig‘idan ozod etish nazarda tutilmoqda. Bundan tashqari, yerdan oqilona foydalanish, ko‘p qavatli ishlab chiqarish binolarini qurish hamda hududlarning sanoat salohiyatini kengaytirish maqsadida ko‘p qavatli ishlab chiqarish binolarini foydalanishga topshirgan tadbirkorlarga mol-mulk solig‘ini pasaytirilgan koeffitsiyentlarda to‘lashga doir imtiyozlar belgilanyapti. 

Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini ko‘llab-quvvatlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, energiya samaradorligini oshirish orqali respublika hududlarida energiya taqchilligini bartaraf etish, bu boradagi ishlarni kompleks tashkil etish hamda investorlar uchun qulay sharoitlar va rag‘batlantirish mexanizmlarini belgilash imkonini beradi.  

Mazkur qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida qizg‘in muhokama qilinib, ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.    

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA