Buxoro neftni qayta ishlash zavodi nafaqat viloyat, balki yurtimiz sanoatining ham muhim ob’ektlaridan biridir. So‘nggi yillarda dunyoda energiya tanqisligi kuzatilayotgan bir vaziyatda mamlakatimizda ham ko‘p xarajat va xomashyo resursi evaziga ishlab chiqariladigan energiya resurslari evaziga muqobil energiyani tatbiq etish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Shu bilan birga, viloyatdagi barcha korxona va tashkilotlar tomonidan o‘z energiyasi iste’molini muqobil elektr energiyalari manbalari hisobidan qoplash borasidagi tashabbuslar ilgari surildi. Zavodning o‘ziga xos mo‘’jaz quyosh elektr stansiyasi shunday tashabbuslarning amaliy ifodasidir. Bu borada Prezidentimizning 2023 yil 16 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori dasturilamal vazifasini o‘tamoqda.

Uch gektar maydonni egallagan va 3,5 megavatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan ushbu elektr stansiyaning faoliyati natijasida endilikda to‘liqligicha qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan quvvatlantirilishiga erishiladi. Zavod bino-inshootlarini issiq suv bilan ta’minlash uchun quyosh suv isitgichlari ham o‘rnatilganligi korxonada nafaqat ekologik, balki salmoqli iqtisodiy samara beradigan energiya tejovchi texnologiyalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganligidan dalolat bermoqda.

Zavodning muqobil energiya manbai – quyosh elektr stansiyasi qurilishida pudratchi sifatida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Ogma projects” korxonasi, loyihachi sifatida “ARH Grand projects” xususiy korxonasi jamoalari alohida jonbozlik ko‘rsatgan. Mazkur muqobil energiya quvvati zavodning ko‘p yil barqaror faoliyati, aholining turmush farovonligiga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri