Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muqobil energetikani rivojlantirishga qaratilgan ishlarga ko‘makdoshmiz
09:35 / 2023-02-08

Davlatimiz rahbarining Farg‘ona vodiysi viloyatlariga tashrifi har jihatdan samarali kechdi. Prezidentimiz tashrif chog‘ida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yoshlarga kasb o‘rgatish, aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha bir qator vazifalarni belgilab berdi, energetika bilan bog‘liq muammolarga alohida e’tibor qaratdi.

Mazkur tashrif doirasidagi maqsad-vazifalar keng jamoatchilik tomonidan o‘rganilib, fikr-mulohaza va munosabatlar bildirilmoqda. Jumladan, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Dilshod Shoumarov tashrif yakunlari yuzasidan O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:  

— Prezidentimizning vodiy viloyatlariga tashrifi chog‘ida mohiyat-e’tibori bilan xalq farovonligi oshishi, iqtisodiyot mustahkamlanishiga xizmat qiladigan ko‘plab topshiriqlar berdi, — deydi D.Shoumarov. — Bir jihatni alohida qayd etishni istardik: tashrif mobaynida Prezidentimizning aholi talab-ehtiyojini yaxshi bilishi, soha, tarmoqlarni yanada taraqqiy ettirish uchun qanday chora-tadbirlar amalga oshirilishi zarurligidan to‘la-to‘kis xabardorligi va tegishli topshiriqlar berib, ular bajarilishini talab qilishi yana bir bor yaqqol namoyon bo‘ldi.  

Tabiiy gaz, neft, ko‘mir zaxiralari cheklangani barchamizga ma’lum. Ularni qazib olish yildan yilga qiyinlashyapti, shu bois narxlari tobora qimmatlashyapti. Ustiga-ustak, mazkur yoqilg‘ilardan foydalanish tabiatga ko‘p ziyon keltiradi. Aholi soni va korxonalar ko‘payib borayotgan sharoitda eng maqbul yo‘l – qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan unumli foydalanish. Mamlakatimizning bu boradagi ulkan salohiyatiga ko‘plab davlatlar havas qiladi. Misol uchun, o‘lkamizda yilning o‘rtacha 320 kuni quyoshli. Doim shamollar esuvchi hududlarimiz, soy, anhorlarimiz ham bisyor. Xalqaro moliya institutlarining hisob-kitobiga qaraganda, respublikada muqobil energiya (ayniqsa, quyosh quvvati)ning yillik zaxirasi 270 million tonna shartli yoqilg‘i ekvivalentiga teng. Bu real ehtiyojimizdan uch barobar ko‘p. Demak, imkoniyatlardan samarali foydalana olsak, marra bizniki.  

Keyingi yillarda sohaga xorijiy investorlar jalb etilib, ko‘plab istiqbolli loyihalar ishlab chiqildi. Birin-ketin quyosh va shamol elektr stansiyalari, kichik GESlar ishga tushirilyapti.  

Tashrifda mazkur yo‘nalishga alohida e’tibor berilgani, Andijon tumanida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ommalashtirish choralari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilgani “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish yo‘lidan qaytmasligimiz, bu yo‘nalishda izchil, ayni vaqtda jadallik bilan ish olib boraverishimizdan dalolat. Yig‘ilishda  muqobil yo‘sinda energiya ishlab chiqarish bo‘yicha tegishli yo‘l-yo‘riqlar berildi, aniq vazifalar, choralar belgilandi.  

Shu o‘rinda qayd etish lozimki, partiyamiz dasturiy maqsadlari sirasidan qayta tiklanuvchi va muqobil energiya manbalaridan foydalangan holda elektr energiyasini ishlab chiqarish, quyosh, shamol energiyasidan sinalgan texnologiyalar asosida generatsiyalanuvchi quvvatlarni, mikrogidroelektrostansiyalarni qurishga tadbirkorlik sub’ektlarini jalb qilish masalalari ham o‘rin olgan. Shuningdek, energiya resurslariga tejamkor munosabatda bo‘lish, energiyani tejovchi texnologiyalar va muqobil energiya manbalaridan foydalanishni aholi orasida targ‘ib qilish ham ustuvor vazifalarimizdan. Shu bois ham O‘zLiDeP tashrif davomida bu yo‘nalishda berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan maxsus reja ishlab chiqib, uni bajarishga kirishdi.  

Avvalo, energiya resurslarini iqtisod qilish, muqobil energetikani rivojlantirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ommalashtirish yo‘nalishida O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi a’zolaridan iborat ishchi guruhlar tashkil etildi.  

Mazkur ishchi guruhlarga partiya xodimlari va hamkor tashkilotlar vakillari biriktirilyapti hamda vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida hududlarda o‘rganishlar tashkil etilyapti. Chorak yakunlari bo‘yicha har bir ishchi guruh tomonidan amalga oshirilgan ishlar Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasining yig‘ilishlarida muhokama qilinadi.  

Parlament quyi palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi va xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlaridagi deputatlarimiz hududlarda energiya samaradorligini oshirish, muqobil energiyani rivojlantirish yuzasidan muhokamalar o‘tkazib, sohadagi tizimli muammolar yechimlari bo‘yicha amaldagi qonunchilikka taklif va tavsiyalar ishlab chiqadilar. Shuning barobarida ta’sirchan deputatlik va jamoatchilik nazorati o‘rnatilib, idoraviy mas’ul ijro organlari rahbarlari axborotlari eshituvlari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sessiyalari kun tartibiga masalalar kiritilishi tashkil etiladi.  

Partiya hududiy kengashlari tomonidan davlat dasturlari doirasida amalga oshiriladigan muqobil energetika inshootlari qurilishi jarayonlari monitoring qilinib, jamoatchilik nazorati o‘rnatiladi, qilinayotgan ishlar muntazam ravishda jamoatchilikka yetkaziladi. Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida shamol elektr stansiyalarini joylashtirish va qurish uchun joylar aniqlanadi va mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda shamol oqimlari yo‘nalishlari tahlil qilinadi.  

Andijonda 41 ta, Namanganda 32 ta va Farg‘onada 27 ta mikro gidroelektr stansiya qurish imkoniyati mavjud bo‘lgan manzillarda loyiha tashabbuskorlari aniqlanishiga ko‘maklashilmoqda hamda jamoatchilik nazorati o‘rnatilmoqda. Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida faoliyat yuritayotgan korxonalarda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni tashkil qilish yuzasidan targ‘ibot tadbirlari tashkil qilinmoqda. Aholi xonadonlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish yuzasidan targ‘ibot ishlari yo‘lga qo‘yilmoqda.  

Muxtasar aytganda, partiyamiz kuch va imkoniyatlarini ishga solib, mamlakatimizda muqobil energetikani rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amaliy ishlar bilan qo‘llab-quvvatlaydi.  

Muhtarama Komilova yozib oldi.  

O‘zA