Sayohat manzillari
Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi olis tog‘li Qiziltom qishlog‘ining go‘zal tabiati, musaffo havosiyu, zilol suvli buloqlari haqida maqola tayyorlash jarayonida shu qishloqlik Avaz Boboyev qishloq yuqorisidagi tog‘da Muqanna qal’asining qoldiqlari borligi haqida aytib qoldi. O‘shanda keyinroq bu manzilga borishni niyat qilib qaytgandik.
Muqanna qal’asi qoldiqlarini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rish maqsadida Qiziltom qishlog‘i sari yarim tunda yo‘lga otlandik. Quyosh sharqdan bo‘y ko‘rsatayotgan mahal Maydanak observatoriyasi joylashgan balandlikka chiqib bordik.
Kelishganimiz kabi Avaz Boboyev bizni kutib oldi. Yo‘ltanlamas “Neva” bilan Qiziltomga tusha boshladik. Qishloqqa tushadigan yo‘lning xarobligini o‘tgan galgi maqolamizda ham ta’kidlagandik. Tuman mas’ullari yo‘lni tez fursatda to‘g‘rilashga kirishishi haqida va’da berishgandi. Ammo biror ish qilinmagan.
Mashaqqatli yo‘ldan qishloqqa tushib keldik. O‘sha kuni qishloqda to‘y bo‘layotgan ekan. Ertalabdan hamma to‘y tashvishi bilan ovora. Xotinlar doira chalib, o‘lan aytmoqda. Qozonlarda taomlar osilgan. Sho‘x bolajonlar hovlini aylanib u yoqdan bu yoqqa chopadi. Tarixiy an’analarini o‘zida saqlab qolgan asl o‘zbek to‘yini shu yerda ko‘rish mumkin edi. To‘y egalarini birrov tabriklab, yo‘limizda davom etdik.
Baxtga qarshi to‘y sohiblari Avaz Boboyevga qarindosh ekan. Shu bois qal’aga qadar davom etadigan tog‘ yo‘lining katta qismini o‘zimiz bosib o‘tadigan bo‘ldik. Toqqa chiqib ketadigan daragacha Avaz aka bizni mashinada kuzatib qo‘ydi va yo‘lni tushuntirdi. Yo‘lning yarmidan bizni yana bir hamroh kutib oladigan bo‘ldi. Tog‘ yo‘llarida yurishga moslashib ketgan eshaklarga kuch-ko‘ronni yuklab, yuqoriga o‘rmaladik.
Xalq tilida Qoplon dara deb atalgan dara tepasidan yuqoriga qarab yuramiz. Qalin archazorning xushbuy hidi dimoqqa uriladi. Tabiatning go‘zal manzarasini foto va videokadrlarga muhrlaymiz.
Yo‘lda davom etar ekanmiz, pastga tushib kelayotgan yo‘lovchiga duch keldik. U bilan ozgina suhbatlashdik. O‘zini O‘roz Xolturayev deb tanishtirgan yo‘lovchi biz bilan anchagina iliq gaplashdi va hudud haqidagi o‘zi bilgan ma’lumotlarni ulashdi.
– O‘zim ovchiman, – deydi O‘roz aka. – Shu bois bu yerlarning har qarichini bilaman. Siz izlab borayotgan qal’agacha hali masofa uzoq. Hu ko‘rinib turgan qoyaning ustida. Aslida qadimda Tojikiston va Afg‘onistonga o‘tib ketadigan asosiy yo‘l shu yerdan o‘tgan. Mana shu Qoplon daraning tepasidan. Savdogarlar ham hatto shu yo‘ldan qatnagan. Hisor tog‘ tizmasi shu yerda joylashgan. Shuning uchun bu joylar strategik ahamiyatga ega bo‘lgan. Tog‘ning ustida toshdan qilingan ko‘plab tarixiy ob’ektlar bunga ishora. Muqanna ham bejizga istehkom qilmagan bu qoyalarni. Sababi butun atrof kaftdek ko‘rinib turadi o‘sha yerdan. Ota-bobolarimizning hikoya qilishicha, buyuk sohibqiron bobomiz ham bu joylarni o‘ziga makon qilgan. Temur g‘ori ham shu tog‘larning bag‘rida joylashgan. Bobur shu yerdan Afg‘onistonga o‘tib ketgan. Buxoroning so‘nggi amiri Olimxon ham shu daradan qochib o‘tgan. Bir paytlar bu tog‘larda cho‘yan ishlab chiqarish ustaxonalari ham bo‘lgan. Hozirgacha uchoqlarining izlari bor.
O‘roz aka bilan suhbatdan so‘ng yana yo‘limizda davom etamiz. Tobora yuqorilaganimiz sayin havo harorati pasayib, salqinlay boshladi. Sobir boboning kapasiga yetganimizda Bobur ismli o‘rta yoshlardagi kishi bizni kutib oldi. Bizga yo‘l ko‘rsatib ketadigan bo‘ldi.
Nihoyat Ravshan cho‘ponning kapasiga yetib bordik. 55 yoshlardagi istarali cho‘pon Ravshan Iskandarov Yakkabog‘ tumanining Tutak qishlog‘idan. Umrining katta qismi qo‘y-qo‘zilarning izidan mana shu tog‘larda o‘tgan.
Cho‘ponning kapasida biroz dam oldik. Tog‘ chakkisidan muzdek buloq suviga tayyorlangan ayrondan ichdik. Charchog‘imiz chiqib ketdi. Mana shu yerda Qamashi davlat o‘rmon xo‘jaligi tugab, Yakkabog‘ davlat o‘rmon xo‘jaligi hududi boshlanadi.
Bu yog‘iga qal’agacha tik qoyalardan chiqib boriladi. Eshakda harakatlanishning imkoni yo‘q. Piyoda yo‘limizda davom etdik. Ravshan cho‘pon va uning 4 yoshli nabirasi Shirina ham bizga hamrohlik qiladigan bo‘ldi.
Boshida 4 yoshli qizaloq qal’agacha chiqib borishga qiynalmasmikan, biz kattalar shu yerga kelguncha qancha toliqdek, degan xayol o‘tdi. Ammo Shirina haqiqiy tog‘ qizi ekan. Qaytanga yo‘l bo‘yi u bizga dalda berib ketdi. Yosh bo‘lishiga qaramay tog‘dagi giyohlarning aksariyatining nomini va xususiyatini juda yaxshi biladi. Tog‘ yovvoyi gilosi, bodomi, zirk, zira, dala choyi, kiyik o‘ti kabi ko‘plab giyohlarning shakl-shamoyiliyu xususiyatlari haqida bilib oldik. Qizaloq yo‘l-yo‘lakay barcha narsa bilan bizni tanishtirib borardi. Bundan o‘zi ham zavq tuyardi.
Qoplon dara chap yonimizda qoldi. O‘ng tomonimiz qavat-qavat tik qoyalar. Tog‘liklar bu tog‘ni “qatov” deb atashadi. Bir kishilik so‘qmoqlardan, toshdan toshga sakrab chiqib boramiz. Charchasak o‘tirib biroz dam olamiz. Ravshan aka bilan suhbatlashamiz. Hudud haqida bilganlarini so‘raymiz.
– Yoshligimdan shu tog‘larni kezib ulg‘aydim, – deydi Ravshan Iskandarov. – Turgan joyimiz qo‘rg‘oncha deyiladi. Atrofi qatov yaylovi deb ataladi. Uning tepasida harbiy istehkom bo‘lgan. Ya’ni dushmandan himoyalanadigan qal’a vazifasini o‘tagan. E’tibor qilinsa, qo‘rg‘onchaning to‘rt tarafidagi qoyalarda xabar beruvchi inshootlar bor. Men ularning har birini borib ko‘rganman. Doimiy xabarchilar u yerda postda turgan. Toshdan terilgan inshoot bo‘lgan. Bugungi kunga kelib, nurab qolgan. Lekin u yerdagi kul izlari doimiy u joyda mayoq yoqilganiga ishora qiladi.
Taxminan yarim soatlar chamasi yuqoriga yurgandan keyin qo‘rg‘on devorlari ko‘rindi. Ravshan akaning aytishicha, bunday tosh devor taxminan besh gektardan ziyod maydonni o‘rab turibdi. Tog‘ning eng yuqorisida katta-katta xarsang toshlardan eni bir yarim metr keladigan bunday tosh devorni qurish oson bo‘lmagani aniq. Hamrohimizning aytishicha, yaqin yillargacha devorning ayrim o‘ng‘ay joylarida maxsus shinaklar ham bo‘lgan. Lekin hozir nurab qolgan. Yillar devor toshdan qilingan bo‘lsada o‘z ta’siri ko‘rsatgan.
[gallery-18636]
Qoyaning yuqorisida maydoni taxminan 65-70 kvadratlik tosh uyumlari bor. Bu qo‘rg‘onning o‘rni, deydi Ravshan aka. Chiqqan joyimizning uch-to‘rtta joyida shunday tosh uyumlarini ko‘rish mumkin.
– Bu joylarga chorvamizni o‘tlatib ko‘p bora kelganmiz, – deydi R. Iskandarov. – Har kelganimda kamon va nayza uchlari, sopol idishlar qoldiqlarini topib olardim. Afsuski, ularning bu qadar qadrli ekanini bilmaganmiz.
Haqiqatda qo‘rg‘on oldidan to‘rt tomon kaftdek ko‘rinadi. Chor tarafi chqqur dara va tik qoya. Chiqish oson emas. Dushmandan saqlanish uchun juda qulay joy.
Borgan joyimiz aynan Muqanna qal’asimi yoki yo‘qmi bu haqda aniq bir tarixiy ma’lumotni topa olmadik. Lekin u yerdagi uzun va qalin devor, qo‘rg‘onlar o‘rni ushbu joyning uzoq yillar harbiy maqsadlar uchun xizmat qilgan istehkom ekanligini yaqqol anglatib turardi.
Tarixchi va publitsist Mo‘min Azizov “Muqanna qal’asini izlab...” nomli maqolasida shunday yozadi: “Muqanna boshchiligidagi “oq kiyimlilar” bilan bog‘liq voqealarning yuz berganiga 1200 yildan ko‘proq vaqt o‘tdi. Ammo tarixchilar va arxeologlar o‘rtasida uzoq vaqtdan buyon davom etib kelayotgan bahsli bir masala borki, u ham bo‘lsa, Muqanna o‘ziga qarorgoh qilib olgan Som tog‘idagi qal’a jo‘g‘rofiy jihatdan hozir qaysi hududda joylashganidir...
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/uKU2AqEqwBw" title="Muqanna qalʼasi qoldiqlarini izlab..." frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Bundan uch-to‘rt yil oldin ikki arxeolog olim – K.Abdullayev va N.Xushvaqtov Muqanna qal’asini topish uchun Hisor tog‘lariga maxsus ekspeditsiya uyushtirdi. Izlanishlar davomida ular hozirgi Qamashi tumanining Qiziltom va Yakkabog‘ tumanining Tutak qishloqlari oralig‘ida toshlardan ko‘tarilgan devor qoldiqlariga duch kelishdi. Bu yerdan bitta sopol parchasi ham topildi. Shunga ko‘ra, ular bu joyni Muqanna va uning tarafdorlari yashagan maskan (qal’a) degan xulosaga kelishdi...”.
Maqolada keltirilgan joy esa ayni biz turgan hudud edi. Albatta, tarix sir-sinoatlarga boy. O‘lkamiz ham azal-azaldan insoniyat makon qilgan saxovatli go‘shalardan biri bo‘lgan. Shu bois hududimiz odamzodning qadimiy izlaridan darak beruvchi tarixiy obidalarga boy. Ularni tadqiq qilish, o‘rganish va tarix sirlarini ochish va avlodlarga yetkazish bugunning dolzarb masalasi hisoblanadi.
Qal’adan qaytar ekanmiz, ko‘rgan kechirganlarimiz va olgan taassurotlarimiz yo‘l bo‘yi chekkan mashaqqatlarimizni bosib ketdi. Bir paytlar ota-bobolarimiz bosgan izlardan yurish va his etish qalbimizda faxr tuyg‘usini uyg‘otdi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat, video),
O‘zA muxbirlari