English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Muqaddas qasam”: unga xiyonat qilib bo‘lmaydi (+video)
10:57 / 2025-06-16

Namangan viloyati musiqali drama teatrida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tashabbusi bilan sahnalashtirilgan “Muqaddas qasam” spektaklining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Namoyish oldidan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Abdulhodi Iminov, viloyat teatri direktori Nozimjon Toshpo‘latov yangi asar kasbiga sadoqatli shifokorlarning jonkurligi va fidoyiligini aks ettirishda, tibbiyotda uchrab turadigan ayrim korrupsion muammolar hamda uning oqibatlaridan ogohlantirishi bilan alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. 

Zamon va makon tanlamaydigan, hech bir sohani chetlab o‘tmaydigan korrupsiya va ta’magirlik shunday razil illatki, bunga ruju qo‘yilgan joyda rivojlanishga emas, tanazzulga yuz tutitladi. Dramaturg Nodir Majid asari asosida, Shuhrat Abdullayev rejissyorligida besh oy davomida qilingan mehnatlar samarasida sahna yuzini ko‘rgan spektaklda ham syujet jarayonlarida sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rsatish va bu jirkanch illatning asl manzarasi bosh vrach Suxsurbekning qilmishlari misolida mahoratli aktyorlar tomonidan maromiga yetkazib ijro etilgan.

– Hayotda oq va qora bo‘lganidek, yaxshilik va yomonlikni yonma-yon ko‘ramiz. Shifokorlar hayoti va ularning kasbiga bag‘ishlangan “Muqaddas qasam” asarida tibbiyot xodimlarining ma’suliyati va og‘ir mehnati, insonparvarlik, bemorlarga bo‘lgan munosabati haqida xikoya qilishga intildik, – deydi teatr aktyori, “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni sohibi Ma’rufjon Niyozov. – Shuning barobarida, asosan korrupsiya botqog‘iga botgan kasalxonada yangi ish boshlagan  jarroh qiz Lobarning ish faoliyatida uchragan qiyinchiliklari aks ettiriladi. Shifoxonani tom ma’noda korrupsiya o‘chog‘iga aylantirib olgan rahbar o‘zi boshlagan jarga o‘zi tushadi.

Darhaqiqat, “Gippokrat qasami”ni qabul qiladigan oq xalatli salomatlik posbonlari inson hayotini ko‘z qorachig‘idek asrash, har qanday sharoitda, bemor kimligidan qat’iy nazar kecha-yu kundaz halol va beminnat xizmat qilishdek muqaddas burchga sadoqat bilan chinakam saodatga erishadi. Aksincha, nafsining so‘ziga kirib, vijdonini yutgan nopok shifokorlar ham afuski borki, ular muqaddas qasamga xiyonat qilib, nafaqat bemorlar, balki o‘zining ham hayotini izdan chiqarishi muqarrar.

Viloyat teatrida ilk bor sahna yuzini ko‘rgan tibbiyot yo‘nalishidagi ilk spektakl “Muqaddas burch” davolash-profilaktika muassasalaridan kelib zalnni to‘ldirib o‘tirgan tibbiyot xodimlari tomonidan qarsaklar bilan olqishlandi. Spektaklni mazmunli va ta’sirchan chiqishida Ma’rufjon Niyozov, Nuriddin Ismoilov, Madina Kamolova, Dildora Ahmedova, Furqat Raimjonov kabi iste’dodli aktyorlarning munosib hissa qo‘shganliklarini aytib o‘tish joiz.

Yangi spektakl namoyishi bir oy davom etib, shahar va tumanlar sog‘liqni saqlash muassasalari xodimlari e’tiboriga havola qilinadi.

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/nH6_RjKiN4w?si=B8yRSCLXqgK9PatV" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA