Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muqaddas ayol timsollari
09:43 / 2025-09-10

Oramizda imkoniyati cheklangan bo‘lsa-da, hech kimga yuk bo‘lmasdan o‘z yo‘lini topib, hatto atrofdagilarga yordami tegayotgan xotin-qizlarimiz ham bor.

Qahramonimiz Dilnoza Husanjonova ham nafaqat ustoz, balki o‘zining shaxsiy brendi egasi, o‘nlab shogirdlariga ilhom berayotgan mehribon murabbiy. Ko‘plab ko‘rgazmalarda ishtirok etib, o‘zining ijodi va mahoratini hammaga namoyon etayotgan qat’iyatli ayollardan biri. 

Dilnoza opa nogironligi sababli hayoti davomida 18 ta jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazgan, ammo hech qachon ruhan tushkunlikka tushmagan kuchli ayol. Hali-hanuz tug‘ma son-suyak chanog‘i chiqishi bilan xastalanib keladi.

U "Ayollar daftari"ga kiritilgan bo‘lsa-da, yordam kutib o‘tiradiganlardan emas, balki o‘z mehnati va shijoati bilan oldinga intiladigan inson.

–11-12 yoshimda onam tikuvchi bo‘lganlar, fabrikada ishlar edilar, – deydi Dilnoza Husanjonova. – Buyurtmadagi kiyimlarni tikardilar, men esa fabrikaning ishini qilishga ko‘maklashar edim. Shundanmi tikuvchilikka mehr qo‘yib boshlaganman. O‘zimdagi og‘riqlarni manashu hunarimga bog‘lanib, unutganday bo‘ldim. Keyinchalik turmushga chiqdim, 2 nafar farzandli bo‘ldim. Respublika “Hunarmand” uyushmasiga a’zo bo‘lganimdan so‘ng yakka tartibdagi tadbirkorlik ochib, o‘z biznesimni yo‘lga qo‘ydim. “Ayollar daftari”da ro‘yxatda bo‘lganim uchun menga imtiyozli kredit berishdi. Shundan 20 millioniga tikuv mashinalari va kerakli xomashyolarni oldim. Hozirda 10 nafar xotin-qizni ish bilan ta’minladim. Kelajakda o‘z brendimni yaratib, tadbirkorlik faoliyatimni kengaytirishni maqsad qilganman. 

Hayot sinovlariga dosh berib, 7 yoshidan buyon oyoq displaziyasi tashxisi bilan yashayotgan Tamara opa Sapayeva ham Dilnoza opa kabi bardoshli va mehnatsevar ayollardan biri hisoblanadi.

Tamara opaning aytishicha, nogironligi unga hech qachon to‘siq bo‘lmagan, aksincha unga kuch bag‘ishlagan. Qahramonimiz nogironlikni boshidan o‘tkazgani bois, bolalardagi muammolarni his etadi va ularni bu muammolardan asrash uchun butun kuchini sarflamoqda.

U “Bolalar massaji” markazini ochib, nafaqat o‘zini, balki ikki nafar ayolni ham ish bilan ta’minlab kelmoqda.

–Bir paytlar bolamga bitta muzqaymoq olib berishga pul topa olmaganman, – deydi Tamara opa. – Keyin ish qidirishni boshladim. Nogironligim sababli meni ko‘p joylarga ishga olishmadi. Dunyoda yaxshi insonlar ko‘p ekan. Men idish-tovoq yuvuvchilikka ishga kirdim va keyinchalik oshpazlik darajasigacha yetdim. Farzandim ulg‘ayib, ijaraga joy topdi. Menga onajon, siz massaj kursini tugatgansiz, shu sohada ishlagansiz, endi shu sohaga qayting, men sizga yordam beraman, dedi. Ijaraga olgan uyimiz oldida joy ochdik.

Meni “Ayollar daftari”ga kiritishgan ekan. Hokim yordamchisi kelib joyimizni ko‘rdi. Yordam sifatida menga 17 foizlik kredit ajratib berishdi. O‘sha pulga qolgan kerakli narsalarni oldim va bolalar massajini boshladim. Bu menga juda katta yordam bo‘ldi. Prezidentimiz tomonidan xotin-qizlarga berilayotgan imkoniyatlar biz kabi nogironligi bo‘lgan ayollarga ham yo‘l bermoqda va og‘irimizni yengillashtirmoqda. Shunday farovon, odam qadri ulug‘langan yurtda yashayotganimdan quvonib ketaman doim.

Xulosa shuki, Dilnoza va Tamara opalardek hayotning past-balandiga chidab, bu ham yetmagandek, farzandlariga ham ota, ham ona bo‘lib yashab kelayotgan xotin-qizlarni muqaddas ayol timsoli, deb atasak arziydi.

Gulnoza Boboyeva,

O‘zA