Ko‘hna va navqiron Buxoroda jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy hayotida faol ishtirok etish istagida bo‘lgan yoshlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentiga o‘tkaziladigan saylovning tuman va shahar bosqichlarida 300 nafarga yaqin yoshlar faol ishtirok etdi. Ular orasidan saralab olingan iqtidorli, zukko, tashabbuskor, yangilikka intiluvchi yigit-qizlardan 23 nafari saylovning viloyat tanlovida o‘z bilim va mahoratlarini sinovdan o‘tkazdi.
Mahalliy Kengash deputatlari, O’zLiDeP viloyat Kengashi raisi o‘rinbosarlari va mas’ullaridan iborat hakamlar hay’ati huzurida o‘z taqdimotlarini o‘tkazgan navqiron avlod vakillari tanlagan sohalari, xususan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yo‘nalishlarida erishayotgan yutuqlari, oliy ta’lim muassasalarining talabalari esa o‘zlarining hozirgi va kelgusidagi ilmiy izlanishlari yuzasidan ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Hakamlar hay’ati a’zolarining savollariga ishtirokchilar tomonidan berilgan javoblar yoshlarning siyosiy dunyoqarashlari keng, mushohadalari teran ekanligini, davlat siyosati ahamiyatiga taalluqli ustuvor vazifalar ularni ham befarq qoldirmasligini ayniqsa, “O‘zbekiston-2030” strategiyasida belgilangan maqsad-vazifalar ularning kelgusidagi o‘y-rejalariga mushtarak ekanligini ko‘rsatdi.
Jumladan, Buxoro davlat Texnika universiteti o‘qituvchisi, “Ijtimoiy yoshlar” klubi rahbari Saidjon Bobojonovning “Agro yashil raqam: raqamli translyatsiya va innovatsion qishloq xo‘jaligi” masalalariga bag‘ishlab o‘tkazgan taqdimoti hakamlar hay’ati e’tiborini o‘ziga tortdi. Ta’kidlanganidek, ushbu loyihadan ko‘zlangan maqsad – fermerlarning raqamli ko‘nikmalarini oshirish, “Smart” fermerlik vositalarini joriy qilish, qishloq-xo‘jaligini raqamlashtirish orqali iqtisodiy o‘sishga erishish va fermerlarning daromadini ko‘paytirishdan iborat bo‘lib, bu o‘z navbatida agrar sohani yanada rivojlantirish imkonini beradi.

– 2023 yilda Toshkent davlat yuridik universitetiga grant asosida o‘qishga qabul qilinganligim keyingi faoliyatimni belgilab berdi, – deydi Yoshlar parlamenti a’zoligiga da’vogarlardan biri ushbu universitetning 2-bosqich talabasi Sarvara Najmiddinova. – Yoshlar parlamenti a’zosi bo‘lsam, navqiron avlod vakillarini ijtimoiy-siyosiy va huquqiy manfaatlarini himoyalash, ayniqsa, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining huquqiy ongini yuksaltirishda va qonunlarga bo‘ysunish hissini bolalikdan boshlab shakllantirishga o‘z hissamni qo‘shaman.

– Mamlakatimiz yoshlarining Yangi O‘zbekistonni barpo etishdagi roli va o‘rnini belgilash, ijtimoiy-siyosiy hayotdagi faolligini oshirishda, ertangi kunga bo‘lgan ishonchlarini mustahkamlashda va intilishlarini ro‘yobga chiqarishda Yoshlar parlamentiga o‘tkaziladigan saylovlarning ahamiyati beqiyosdir. Ushbu saylovning Buxoro viloyat bosqichida aynan shu jihat ko‘zga yaqqol tashlandi deydi – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti raisi Otabek Sobitov. – Ushbu muhim siyosiy jarayonda qatnashgan buxorolik yoshlar ham kelgusida o‘zlarining innovatsion g‘oya va maqsadlari bilan qonun ijodkorligiga salmoqli hissa qo‘shish, O’zLiDeP dasturiy vazifalarini joylarda keng targ‘ib etish bo‘yicha yetarli bilim, tajriba va intellektual salohiyatga ega ekanliklarini istiqbolli taqdimotlari misolida ko‘rsata oldi.
O’zLiDeP Buxoro viloyati Kengashi talabchan va odil hakamlar hay’ati Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentiga saylovning viloyat saralash bosqichida ishtirok etgan nomzodlardan olti nafarini ushbu saylovning respublika bosqichida qatnashishga tavsiya etdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.