Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Munosib ta’lim yoshlar qalbida Vatanga muhabbat va sadoqatni mustahkamlab boradi
15:57 / 2024-07-23

Munosabat

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yil 11 iyul kuni keng ko‘lamli ijtimoiy, iqtisodiy va sanoat sohasidagi islohotlar, investitsion, innovatsion loyihalar bilan yaqindan tanishish maqsadida Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurgan edi.  

Tashrifda asosiy e’tibor odamlarga ijtimoiy qulaylik yaratish, yoshlarga daromadli ish o‘rinlari tashkil qilish va xorijiy investorlar bilan istiqbolli loyihalarni kengaytirish hamda yangilarini ishga tushirishga qaratildi.  

Ta’kidlash joizki, vodiyliklar farovon yashash va taraqqiyotga intilish yo‘lida tinib-tinchimas insonlar, kasb-hunar, tadbirkorlik, savdo-sotiq fazilatlari qon-qoniga singib ketgan.  

Respublikamizdagi aholi umrguzaronligi ko‘proq agrar sektorlarga to‘g‘ri keladi. Xususan, vodiyda tarmoqlar bo‘yicha aholining ish bilan ta’minlanish darajasida qishloq xo‘jaligi yetakchi rol o‘ynaydi.  

O‘zining mehnatsevar, tashabbuskor va tadbirkorligi bilan ko‘plab vodiylik yoshlarga ustozlik qilgan O‘zbekiston Qahramoni Lola Murodovaning qishloq xo‘jaligidagi samarali ish faoliyati ham bunga yaqqol misoldir.  

Prezidentimiz 1977 yil tashkil topgan, mahalliy aholi qatnovi uchun qayta modernizatsiya qilinib, ishga tushirilgan Qo‘qon aeroportining ochilish marosimidan chiqarkan, qahramonga aylanib qalblardan joy olgan Lola Murodova nomidagi qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan kasb-hunar maktabiga ham bordi.

Davlatimiz rahbari uning qishloq xo‘jaligi sohasidagi boy tajribasini yoshlarga singdirish, mana shu kasb-hunar maktabi orqali minglab o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash va cheklangan resurslarning o‘rnini innovatsiyalar bilan to‘ldirish maqsadga muvofiq ekanini ta’kidladi.  

Darhaqiqat, o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash va ularni oliy muhandislik maktablari bilan integratsiyalash, hatto hududlar kesimida kengaytirish va takomillashtirish kutilgan samarani beradi.  

Davlatimiz rahbari kechagi hayot bilan bugungi hayotning farqi katta ekanligini ta’kidlaganida, kechagina aksariyatimiz ma’lum mavsumni, ta’lim vakili va o‘quvchilar esa yangi o‘quv yilini maktab partalarida emas, paxta dalalarida kutib olgani ko‘z oldimizda gavdalanadi. Kech kuzgacha o‘quvchilar, talablar va o‘qituvchilarning qo‘llari paxta chanoqlaridan qadoq bog‘lab, ming azoblar bilan paxta xirmoniga hissa qo‘shardi. Shu bilan bir chorak ta’lim yo‘qotilishga mahrum, o‘quvchi va talablar esa undan mosuvo qolaverardi.

Bugun ana shu illatlardan qutilib, ta’lim mustaqillikka erishdi, o‘qituvchi qadr topdi. Natijada mamlakatimiz ta’limi xalqaro maydonlarda ham o‘z o‘rnini topa boshladi.  

Davlatimiz rahbari qaysi hududga bormasin, oliy ta’lim sohasi rivojiga katta e’tibor qaratadi. Xususan, Prezidentimizning Qo‘qon universitetiga tashrifi – mazkur oliygoh oldiga yaratilgan shart-sharoitlardan samarali foydalanishni ustuvor vazifa qilib qo‘yadi. Sig‘imi 6 400 o‘ringa mo‘ljallangan mazkur oliygoh 500 o‘rinli 2 ta talabalar turar joyiga ega.  

Unda 233 nafar professor-o‘qituvchi talabalarga ta’lim beradi, oliygoh 80 ga yaqin xorijiy universitet bilan akademik ta’limda integratsiyalashib bormoqda. 2019 yilda tashkil etilgan oliygohda olti qavatli, ikki ming o‘ringa mo‘ljallangan yangi o‘quv binosi ham qurilmoqda. Yangi ob’ektda fan laboratoriyalari va boshqa infratuzilmalar tashkil qilinadi.  

Aholiga munosib yashash sharoitlari yaratish, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida. Shu bois barcha hududlarda ta’lim bilan bog‘liq ulkan loyihalar va bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.  

Ayniqsa dual ta’lim tizimining joriy etib borilayotgani –ixtisoslashgan ta’lim turi sifatida talaba uchun yana bir imkoniyat eshigi bo‘ldi. U orqali nazariy bilimlarni ta’lim muassasasida, amaliy ko‘nikmalarni esa ish joyida, ya’ni tashkilotda olish imkoniyati yaratiladi.  

Muxtasar qilib aytganda, yosh avlodga xalqaro standartlar asosida munosib ta’lim berish hamda ish o‘rinlari yaratish ularning qalbida ona Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini kamol toptirib, innovatsiyalarga intilishini yuksaltiradi va bu qo‘llab-quvvatlash har tomonlama istiqbollidir.  

Qo‘ng‘irotboy SHARIPOV,

O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim,

fan va innovatsiyalar vaziri.

O‘zA