English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Munosib nomzodlarga ovoz berildi
17:00 / 2022-05-16

Farg‘ona viloyatida bo‘lib o‘tadigan fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovida 1 ming 62 nafar mahalla raisi saylanadi.

Shahar va tumanlarda saylovga puxta tayyorgarlik ko‘rildi va bugun mazkur jarayon ko‘tarinkilik bilan boshlandi. Oshkoralik, muqobillik hamda tenglik tamoyillari asosida o‘tkazilayotgan ushbu muhim ijtimoiy-siyosiy tadbirlarda fuqarolar faol qatnashmoqda. 

Bag‘dod tumanida mavjud 59 ta mahalla fuqarolar yig‘inida mahalla raisi lavozimi uchun 164 nafar nomzod ko‘rsatilgan. Bugun tumanning 5 ta hududida saylovlar o‘tkazilib, fuqarolar vakillari o‘zlari munosib deb bilgan nomzodlar uchun ovoz berdi. 

Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi tuman komissiyasi raisi Islomjon Ahmedovning aytishicha, saylov o‘tkazilgan mahallalarda aholining faolligi kuzatildi. 

– Mahalla raisi o‘z ortidan odamlarni ergashtira oladigan, hayot tajribasiga ega, salohiyatli, obro‘-e’tiborli va eng muhimi, islohotchi bo‘lishi kerak, – deydi I.Ahmedov. – Shunga ko‘ra, raislikka nomzodlar muayyan hududda doimiy yashovchi fuqarolarning fikrlari inobatga olingan holda ro‘yxatga olindi. 134 nafar fuqaroning nomzodligi mahalla raisi lavozimi uchun ilk marta ilgari surilgan bo‘lsa, nomzodlarning 10 nafari ayollarni tashkil etmoqda. Ishonamizki, saylovchilar mahallani “ipidan ignasigacha” biladigan, aholi o‘rtasida ahillik, hamjihatlik va birlikni ta’minlay oladigan, xullas, xalq xizmatiga shay bo‘lgan nomzodlarga ovoz berishadi. 

“Saxovat” mahalla fuqarolar yig‘ini raisligi lavozimiga ikkita nomzod ko‘rsatilgan edi. Saylov kuni 120 nafar vakil o‘zlari ishongan nomzodni qo‘llab-quvvatlab ovoz berdi. 

M. Sulaymonov, O‘zA