Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Munosib mehnat sharoitlari yaratilmoqda
20:55 / 2020-09-30

Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan “Xodimlar uchun munosib mehnat sharoitlarini taʼminlashda kasaba uyushmalarining oʻrni” mavzuida matbuot anjumani oʻtkazildi.


Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan “Xodimlar uchun munosib mehnat sharoitlarini taʼminlashda kasaba uyushmalarining oʻrni” mavzuida matbuot anjumani oʻtkazildi.

Unda oxirgi 4 yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan inson manfaatlari yoʻlida olib borilayotgan izchil islohotlar va ularning natijalari alohida taʼkidlandi. Bu jihatlar kasaba uyushmalari tizimida ham oʻz aksini topmoqda.

Matbuot anjumanida taʼkidlanganidek, yurtimizda davlat, ish beruvchilar va kasaba uyushmalari oʻrtasida konstruktiv ijtimoiy muloqot yoʻlga qoʻyilgan. Oʻzbekistonda davlat, kasaba uyushmalari va ish beruvchilar ijtimoiy sherikligida Munosib mehnat konsepsiyasini yaratish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Natijada har bir fuqaroning adolatli mehnat sharoitlarida ishlash, erkin kasb tanlash huquqlari toʻla taʼminlanmoqda. Xususan, Munosib mehnat konsepsiyasi tamoyillaridan biri – fuqarolarning mehnat sohasida asos soluvchi huquqlarini roʻyobga chiqarish strategiyasiga asosan Oʻzbekiston kasaba uyushmalari oʻz aʼzolarini huquqiy jihatdan himoyalash, ular murojaatlari yuzasidan tezkor amaliy choralar koʻrish boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.

2016-2020-yillar davomida Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan ijtimoiy-mehnat sohasiga doir 2000 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari koʻrib chiqildi va ularga takliflar berildi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining tashabbuskor guruhi bilan birgalikda 2019-yilda “Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida”gi yangi qonunning qabul qilinishiga erishildi, natijada kasaba uyushmalarining vakolatlari yana-da kengaytirildi. Oxirgi 5 yil davomida barcha boʻgʻindagi kasaba uyushma tashkilotlariga kelib tushgan 35 mingdan ziyod murojaatlarning 7 ming 590 tasi qanoatlantirildi, 18 ming 359 tasi boʻyicha mualliflarga tushuntirish berildi va 599 ta murojaat mualliflari xabardor qilingan holda, boshqa vakolatli organlarga yuborildi. Xodimlar huquqlarini tiklashni soʻrab ish beruvchilarga 2 ming 295 ta taqdimnoma va sudga 765 ta daʼvo arizalari kiritildi. Buning natijasida 13 ming 471 nafar xodimning huquqi tiklanib, yetkazilgan zarar uchun xodimlar foydasiga 13 milliard 600 million soʻmdan ortiq mablagʻ undirib berildi.

Fuqarolarga ijtimoiy-mehnat sohasiga oid masalalarda bepul yuridik xizmat koʻrsatish hamda ijtimoiy-mehnat sohasiga oid xalqaro va milliy standartlarni targʻib etish maqsadida Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi qoshida Yuridik klinika faoliyati yoʻlga qoʻyilgan, shuningdek, 1092 qisqa raqamli Ishonch telefoni, aholi bilan qayta aloqa mexanizmi faoliyat koʻrsatmoqda.

Kasaba uyushmalari federatsiyasining aʼzo tashkilotlari ish beruvchilar bilan jamoa muzokaralarini olib borishi natijasida jamoa kelishuvlari va shartnomalari orqali xodimlarning mehnat huquqlari himoya qilinishiga, yuqoriroq ijtimoiy standartlar oʻrnatilishiga qaratilgan choralar qabul qilinishiga erishib kelinmoqda. Bugungi kunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida 14 ta hududiy kelishuv amal qilmoqda. Tarmoqlarda respublika miqyosida 107 ta tarmoq kelishuvi va bevosita korxona, tashkilot va muassasalarda 111 ming 469 ta jamoa shartnomasi mavjud. 2016-2020-yillar mobayinida amaldagi tarmoq kelishuvlari soni 95 tadan 107 taga yetdi.

Korxona, tashkilot, muassasalarda ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish borasida olib borilayotgan saʼy-harakatlar natijasida Jamoa shartnomalarini tuzgan yuridik shaxslar ulushi 2016-yildagi 95,1 foizdan 2020-yilga kelib 99,6 foizgacha koʻtarildi. 2019-yil yakunlariga koʻra, respublikada 111,5 mingta jamoa shartnomasi amal qilib, ularda 4,4 million nafar xodimning, yaʼni ishlayotgan kasaba uyushma aʼzolarining 99,7 foizining manfaatlari oʻz aksini topdi. 

Amaldagi jamoa shartnomalarining 97 foizidan koʻp qismiga ish beruvchi tashabbusiga koʻra xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishdan oldin kasaba uyushma qoʻmitasining roziligini albatta olish lozimligi toʻgʻrisidagi band kiritilishiga erishildi. Yana bir muhim jihat – bugungi kunda Jamoa shartnomasi xodimlarning bevosita va bilvosita daromadlarini kupaytirishning amaliy vositasiga aylanmoqda. 

Chunonchi, koʻplab korxonalarda Yagona tarif setkasidagiga nisbatan oshirilgan tarif koeffitsiyentlari joriy etilib, bu orqali jami xodimlarning 20 foizga yaqin qismining ish haqlari oshirilgan bazaviy stavkalar asosida hisoblab toʻlanmoqda. Shuningdek, Jamoa shartnomalari orqali har yili jami ishlayotgan kasaba uyushma aʼzolarining 55 foizi asosiy uzaytirilgan, 51 foizi esa qoʻshimcha taʼtillardan foydalanmoqda. Jamoa shartnomasi tadbirlarini bajarish uchun oʻrta hisobda bir xodimga sarflangan mablagʻ 2019-yilda 5,1 million soʻmni tashkil etdi.

Xodimlarning ish haqi va daromadlarini yuksaltirishga koʻmaklashish maqsadida ham tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, kasaba uyushmalari tomonidan aholi daromadlari va turmush darajasining oshirilishiga, xodimlar uchun mehnatga haq toʻlash va uni meʼyorlashtirishning ijtimoiy adolatli tizimini joriy etishga koʻmaklashish borasidagi ishlar izchil olib borilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasining “Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida”gi qonuniga muvofiq tashkil etilgan Kasaba uyushmalarining mehnat-huquq inspeksiyasi xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlariga taalluqli boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarga hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirib kelmoqda. Xususan, kasaba uyushmalarining mehnat texnik va mehnat huquq inspektorlari qurilish ishlari borayotgan 6 ming 599 ta obyektda xodimlarga mehnat sharoitlari yaratilganligi boʻyicha monitoring oʻtkazdilar. Oʻrganilgan qurilish obyektlari va ishlab chiqarish tashkilotlarida mehnat sharoiti taʼminlanmagan, yotoq joylari qoniqarsiz, maxsus kiyim, himoya niqobi, antiseptik vositalar yoʻq boʻlgan 3 ming 907 ta holat aniqlanib, aksariyat kamchiliklar joyida bartaraf etildi.

Kasaba uyushmalarining inspeksiyasi tomonidan oʻtkazilgan jamoatchilik nazorati davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida inspektorlar tomonidan ish beruvchilarga 78 ta koʻrsatma kiritilib, 17 milliard soʻmga yaqin oylik ish haqidan oʻtgan qarzdorlik bartaraf etildi. Bundan tashqari, kasaba uyushma inspektorlari tomonidan berilgan koʻrsatmalar hamda sudlarga kiritilgan daʼvo arizalari asosida 54 nafar xodimning mehnat huquqi tiklanib, ular foydasiga 370 million soʻmdan ortiq moddiy va maʼnaviy zarar undirib berildi.

“Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi” mablagʻlari hisobidan koronavirus infeksiyasidan zararlangan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan, bemorlar joylashtirilgan obyektlarda hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga berilayotgan maxsus ragʻbatlantirish toʻlovlarining amalga oshirilishi boʻyicha kasaba uyushmalarining inspeksiyalari tomonidan tibbiyot muassasalari rahbarlariga kiritilgan koʻrsatmalar natijasida 12 milliard 200 million soʻmga yaqin qarzdorlik xodimlarga undirildi. 

Shuningdek, kasaba uyushmalari Inspeksiyasi paxta yigʻim-terimi mavsumida terimchilar uchun shart-sharoitlar yaratilgani, bolalar mehnati va majburiy mehnatga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirmoqda. Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi 36 ta tumanda 100 dan ortiq paxta-toʻqimachilik klasterlari va kooperatsiyalar hamda fermer xoʻjaliklarida terimchilar uchun tashkil etilgan vaqtinchalik yashash joylari, binolarni isitish koʻzda tutilganligi, oziq-ovqatlarni saqlash, tayyorlash va tarqatish anjomlarining mavjudligi, binolarning texnik holati, yongʻin xavfsizligi hamda sanitariya-gigiyena qoidalariga muvofiqligi, binolar va hududlarning yoritish uskunalari bilan taʼminlanganligi, tibbiyot xodimi ajratilganligi hamda zarur dori-darmonlar bilan taʼminlanganligi, aloqa vositalari oʻrnatilganligi, terimchilarni tashish uchun transport vositalari tashkil etilganligi holatlari oʻrganildi. Oʻrganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar boʻyicha kasaba uyushma inspektorlarining talabi bilan kamchiliklar joyida bartaraf etilishiga erishildi.

Matbuot anjumani yakunida jurnalist va blogerlar oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldilar.