French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Munosib e’tirof
15:54 / 2025-08-27

Mustaqilligimizning o‘ttiz to‘rt yilligi munosabati bilan prezidentimiz farmoniga muvofiq bir guruh marhum ijodkorlar Davlat mukofoti bilan taqdirlanganlaridan xabaringiz bor.

Ana shunday ijodkorlardan biri  o‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Oxunjon Madaliyevdir. Yurtboshimiz farmoni bilan sevimli hofizimizga “Mehnat shuhrati” ordeni berildi.  

Ta’kidlash joizki, Oxunjon Madaliyev tom ma’noda xalqning hofizi edi. Uning qo‘shiqlarida o‘zbekona ruh ufurib turadi. Hofiz umri davomida o‘lmas asarlar yaratganki, bugungi kunga qadar muxlislari qalbida.

—Men Oxunjon Madaliyev qo‘shiqlarini doimo sevib, eshitaman, —deydi Urgut tumani, Qaynarbuloq mahallasida joylashgan 43-sonli  umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Doston Yusupov.—Ayniqsa, uning “Yashashga vaqt bo‘lmay goh bo‘lib arang, umring o‘tganini bilmay qolasan”,—deya kuylangan qo‘shig‘i meni mushohada qilib yashashga undaydi.  

Umuman olganda Oxunjon Madaliyevning qo‘shiqlarida xalqchillik bilan birgalikda, chuqur falsafiy ma’nolar ham mujassam.  

Unda ilgari surilgan  g‘oyalar ayni hayotning rad etib bo‘lmas haqiqatlaridir. Uning yana bir olqishga sazovor jihati adabiyotga oshnoligidir. U mumtoz adabiyotimiz namoyondalari bilan bir qatorda zamondosh shoirlar ijodini muntazam kuzatib borgan. Xususan, Muhammad Yusuf, Iqbol Mirzo, Shuhrat Ahmedov, Sirojiddin Sayyid shular jumlasidandir.  

Hofizning muvaffaqiyatlarining siri ham asl she’riyatni  yurakdan kuylaganida bo‘lsa, neajab. Hofizning: “O‘zbekistonim”, “Bobodehqonim”, “Navoiy bobo” kabi bir qancha xonishlari kishini vatanparvarlikka, milliy g‘ururni, o‘zlikni anglashga chorlaydi. Zero, milliy istiqlolimiz bayramida hofiz yodi ardoqlanishi ramziy ma’no kasb etadi. Ma’lumki hech narsa kishini mehnatchalik aziz qilmaydi. Oxunjon Madaliyev ham o‘zining tinimsiz qilgan mashaqqatli mehnatlari samarasi o‘laroq inson qadri ulug‘lanayotgan yurtda munosib qadr topmoqda desak, adashmagan bo‘lamiz. Quvonarlisi shundaki, yoshlar orasida ham hofiz muxlislari talaygina.

—Men Oxunjon Madaliyev qo‘shiqlarini bolaligimdan sevib eshitib kelaman. Ularda targ‘ib etilgan insonparvarlik, samimiylik, shukronalik kabi muqaddas tushunchalarni  yanada teranroq his qilganday bo‘laman, — deydi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabasi Humoyunjon Normatov.

Darhaqiqat, Oxunjon Madaliyev qisqa umri mobaynida o‘zidan boy musiqiy me’ros qoldirdi. U uyg‘oq qalb sohibi edi. Shuning uchun ham har lahzaning g‘animatligi va o‘tayotgan vaqtdan unumli foydalanish kerakligini yashash tarzida ham, qo‘shiqlarida ham bot-bot bizga eslatdi.

Ha, uning umri behuda o‘tmadi. U vataniga, xalqiga sidqidildan xizmat qildi. Shuning uchun har bir muxlisining qalbida so‘nmas yulduz kabi mangu yashaydi.

Sherbek Islomov,

O‘zA