Mana, hozir biz O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis hamda O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasini ko‘rdik. Unda juda ko‘plab dolzarb masalalarga to‘xtalib o‘tildi. Xususan, 2023 yilda amalga oshirishimiz lozim bo‘lgan ishlar bo‘yicha muhim yo‘nalishlar belgilab berildi. Birinchisi, davlat boshqaruv tizimini ixchamlashtirish va uning samaradorligini oshirish bo‘yicha bir qator vazifalar qo‘yildi.
Xususan, vazirliklar, qo‘mitalar hamda agentliklar sonini 61 tadan 28 tagacha qisqartirish, ularning tuzilmalarini optimallashtirish masalasi ko‘tarildi. Bundan tashqari, vazirlarning javobgarlik masalasi, har bir xodimning belgilangan islohotlar doirasida harakatlanishi, shuningdek, sudlar faoliyati hamda tergov harakatlari bo‘yicha muhim masalalar ko‘tarildi. Endilikda, prokuror vakolatida bo‘lgan mulkni xatlash, telefon so‘zlashuvlarini eshitish kabi vakolatlar sud organlariga o‘tkazilishi belgilandi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/krPvgWv7J6w" title="Munosabat: ustuvor vazifalar yurt taraqqiyotiga xizmat qiladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>Sudlar jarayonida fuqarolar huquqlarini ta’minlash, ularga faqatgina ayblov nuqtai nazaridan emas, balki inson huquqlarini ta’minlashda sud organlarining o‘rnini oshirish islohotdan asosiy maqsad sifatida belgilangan. Fuqarolarga davlat tomonidan tayinlanadigan bepul himoyani elektron tarzda tanlash imkoniyati ham berilmoqda. Ya’ni faqatgina belgilangan advokatlar emas, balki elektron ravishda ro‘yxati yuritiladigan advokatlarni tanlash imkoniyati berilmoqda.
Prokuratura xodimlarining sud ishlarida qatnashishlarini sifat jihatidan yangilash bo‘yicha bir qator vazifalar belgilandi. Prokurorlar korpusini shakllantirish hamda ularni sudlarda qatnashishlari bo‘yicha maxsus kurslarda o‘qitish masalasi ham qo‘yildi.
Abbosxon A’zamxonov,
Farg‘ona viloyati adliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i
O‘zA