Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasini barcha vatandoshlarimiz singari men ham diqqat va katta hayajon bilan tingladim.
Yurtdoshlarimiz Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasini mamlakat hayotida muhim voqea sifatida intiqlik bilan kutadi. Boisi, Yurtboshimiz bugungi tarixiy murojaatida mamlakat ertasi, xalq farovonligiga daxldor masalalarni o‘rtaga tashladi, ko‘tarilgan har bir masalaga esa o‘ziga xos, uzoqni ko‘zlagan yechimlar ko‘rsatildi va kelgusi 2023 yilni “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qildi.
Demak, Taraqqiyot strategiyasi asosida amalga oshirilayotgan islohotlarimizning navbatdagi yilida insonga e’tibor va sifatli ta’lim masalalari eng ustuvor vazifalarimizdan biriga aylanadi. Aslida-ku, so‘nggi yillarda hayotga joriy etilayotgan barcha islohotlarning markazida Inson qadri turibdi, uning manfaatlari eng oliy mezon, deb qaralmoqda. Shu ma’noda olib qaraganda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da mazkur qadriyatlar ma’no va mazmun jihatidan uzviy davom ettiriladi, ham ma’no, ham mazmun yanada boyiydi.
Prezidentimiz o‘z murojaatida “Ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘lidir!”, deya ta’kidlab o‘tdi. Yangi O‘zbekiston uchun eng katta investitsiya bo‘lgan ta’limni qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratilishi, o‘qituvchilarning maqomini, ularning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishni Konstitutsiyada alohida belgilash zarurligi qayd etildi.
Kelgusi yildan boshlang‘ich sinflarda mutlaqo yangi metodika asosida yaratilgan darsliklar bo‘yicha o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. Barcha viloyatlar va Toshkent shahri maktablarida ham bepul ovqatlanish joriy etiladi.
“Yil boshidan Qoraqalpog‘iston va Xorazmda 285 ming nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul ovqatlanish yo‘lga qo‘yildi. Bu borada yetarli tajriba orttirdik. Endi, kelasi o‘quv yilidan ushbu amaliyot qolgan viloyatlar va Toshkent shahri maktablarida ham joriy etiladi va buning uchun 2,3 trillion so‘m ajratiladi”, – dedi Davlatimiz rahbari.
Ta’kidlanganidek, kelasi yili 70 ta yangi maktab quriladi, 460 tasi kengaytiriladi. Xususiy investitsiyalar ishtirokida 100 ta maktab qurish loyihalari boshlanadi, kelasi besh yilda ularning soni mingtaga yetkaziladi.
Umuman olganda, Yurtboshimizning murojaatnomasini butun O‘zbekiston xalqi katta hayajon va qiziqish bilan kuzatdi. Prezidentimizning so‘zlari xalqimizga katta umid va ishonch ulashgani ham ayni haqiqat.
Biz o‘zbeklar, umuman barcha o‘zbekistonliklar bolajon xalqmiz. O‘zi yemay-ichmay bolasiga tutqazadigan, farzandlarimiz o‘qisin, o‘nsin degan millat, xalq vakillarimiz. Shu sabab, xalqimiz mamlakatimizda kelgusi yilda ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan e’tiborni birinchi navbatda Insonga bo‘lgan e’tibor, deb qarayotganliklariga ishonchim komil.
Erkin Xolmatov,
O'zLiDeP Jizzax viloyati Kengashi raisi,
Xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashidagi
partiya deputatlik guruhi rahbari
O‘zA