Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
MUNOSABAT: Tadbirkorlik – taraqqiyotimizning muhim poydevori
21:09 / 2020-07-09

Pandemiya sharoitida yurtimizda tadbirkorlik faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha zarur choralar koʻrilmoqda.


Pandemiya sharoitida yurtimizda tadbirkorlik faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha zarur choralar koʻrilmoqda. Ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar uchun qator moliyaviy imtiyozlar berilyapti.

Kuni kecha Prezidentimiz raisligida hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish hamda byudjet tushumlarini soʻzsiz taʼminlash chora-tadbirlari muhokamasiga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishda bu boradagi ishlar atroflicha tahlil qilinib, istiqboldagi vazifalar belgilab berildi.

Davlatimiz rahbari pandemiyadan muvaffaqiyatli chiqishning birdan bir yoʻli – kichik biznes va tadbirkorlikka qulay muhit yaratish ekanini alohida taʼkidladi. Bunda tadbirkorga koʻproq sharoit yaratib berish, jumladan, elektr, gaz, suv taʼminoti, yoʻl, kredit bilan bogʻliq masalalarni hal qilish zarurligi aytildi. Kichik biznesni qoʻllab-quvvatlashning mutlaqo yangi tizimini ishlab chiqish topshirigʻi berildi. Bu yoʻnalishdagi vazifalar mamlakatda tadbirkorlarning haq-huquqlarini himoyalash va faoliyatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan bizning tashkilotimiz zimmasiga ham katta masʼuliyat yukladi.

Aytish kerakki, Prezidentimiz iyun oyida Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida ham bu masalalarga eʼtibor qaratib, joylarda tadbirkorlik rivojiga toʻsiq boʻlayotgan muammolarni bartaraf etish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash boʻyicha topshiriqlar bergan edi. Ayni paytda bu yoʻnalishda Investitsiya va savdo, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirliklari bilan hamkorlikda Fargʻona viloyatida bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirmoqdamiz.

Tadbirkorlarning muammo va takliflarini oʻrganish uchun viloyatdagi, xususan Fargʻona va Margʻilon shaharlarida joylashgan kichik sanoat zonalaridagi mingga yaqin tadbirkor bilan sayyor qabullar tashkil etildi. Ularda tadbirkorlar tomonidan koʻtarilgan jami 435 muammoli masaladan, 122 tasi ijobiy hal etilgan boʻlsa, 224 tasiga huquqiy tushuntirishlar berildi, qolganlari koʻrib chiqish jarayonida. Shuningdek, sayyor qabullarda 30 tadbirkorga jami 8,4 milliard soʻm kredit mablagʻi ajratilishi taʼminlandi.

Bundan tashqari, viloyatdagi har bir tuman (shahar) sektor rahbariga kunlik joyiga chiqqan holda viloyatdagi mavjud 5 ming 698 ishlab chiqaruvchi korxonadan tizimli ravishda har kuni kamida 5 tadbirkorning faoliyati bilan tanishish va muammolarini hal etish vazifasi topshirildi.

Bu ham oʻz natijasini berib, 3 ming 575 ishlab chiqaruvchi faoliyatida oʻtkazilgan oʻrganishlarda 978 muammo aniqlanib, shundan 145 tasi sektorlar tomonidan joyida hal etildi.

Konsepsiya doirasida ish bilan band boʻlmagan aholini, ayniqsa “temir daftar”ga tushgan kam taʼminlangan fuqarolarni ish bilan taʼminlash boʻyicha aniq choralar koʻrilmoqda. Fargʻona va Margʻilon shaharlaridagi kichik sanoat zonalarida tashkil etilgan mehnat yarmarkalarida birinchi navbatda “temir daftar”dagi 360 fuqaro ish bilan taʼminlandi.

Elektr energiyasi va boshqa infratuzilmalar yoʻq joyda ishlab chiqarishni rivojlantirishning imkoni boʻlmaydi. Shu jihatlar eʼtiborga olinib, sanoat rivojlangan hududlarda elektr taʼminotini yaxshilash choralari koʻrilayapti. Misol uchun, Margʻilon shahridagi Nadirmat kichik sanoat zonasida qoʻshimcha 2 transformator oʻrnatildi. Bu 12 tadbirkorning 23,6 milliard soʻmlik loyihalarini amalga oshirishga imkon yaratdi.

Qoʻshtepa tumanida elektr taʼminoti boʻyicha yaratilgan qoʻshimcha imkoniyat tufayli 86 tadbirkor hamda 12 ming 300 dan ortiq aholi elektr quvvati bilan toʻliq taʼminlanishi bilan bir qatorda 600 yangi ish oʻrni yaratildi. Bundan tashqari, viloyatdagi mavjud kichik sanoat zonalarida ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash choralari koʻrilayapti.

Aholi orasida oʻzini oʻzi band qilish tashabbuslarini moliyalashtirish ham eʼtiborimizda. Viloyatda bu boradagi tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun 1 oy mobaynida jami 311 milliard soʻm kredit ajratildi. Jumladan, “Har bir oila – tadbirkor” dasturiga 78,7 milliard soʻm, hunarmandchilikni rivojlantirishga 20,8 milliard soʻm va qishloq xoʻjaligi tadbirkorligini rivojlantirishga 5,6 milliard soʻm yoʻnaltirildi.

Tadbirkorlik faoliyati tashabbuslarini kreditlash natijasida, viloyatda oxirgi oyda tadbirkorlar soni 2 ming 836 taga oshdi, shundan 554 tasi sanoatdagi ishlab chiqaruvchilardir, shuningdek, 1 ming 785 fuqaro oʻzini oʻzi band qildi va 2883 yangi ish oʻrni tashkil qilindi.

Videoselektor yigʻilishda shuningdek, tadbirkorlarga yer va bino-inshootlar ajratishda koʻplab toʻsiqlar mavjudligi aytildi. Bu muammolarni ijobiy hal qilish maqsadida boʻsh turgan davlat mulki obyektlari va boʻsh yer uchastkalariga tadbirkorlar keng jalb etilmoqda.

Xususan, Fargʻona viloyatida boʻsh turgan 21 davlat mulki obyekti elektron auksion savdolari orqali tadbirkorlarga sotilib, ushbu obyektlarga jami 1,85 milliard soʻmdan ortiq investitsiya kiritildi. Shu bilan birga, 23 davlat obyekti ijaraga berildi. Ayni paytda bugungi kungacha auksion savdolariga chiqarilmagan obyektlarni baholash va auksion savdolariga chiqarish choralari koʻrilmoqda. 

Boʻsh yer uchastkalari sotilishining kelishish jarayonlarini oʻz vaqtida amalga oshirilishini nazorat qilish uchun telegram tarmogʻida “Fargʼona Yerelektron” maxsus guruhi tashkil etildi. Oʻz navbatida, yer uchastkalarining kelishish tartibini buzgani uchun 4 mansabdor shaxsga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomalar rasmiylashtirildi. Bunday holatlarning oldini olish, tizimda ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash uchun zamonaviy axborot texnologiyalari imkoniyatidan oqilona foydalanilmoqda.

Xususan, “YERELEKTRON” tizimida maxsus kabinetga ulanib, onlayn kelishish jarayonlari monitoring qilinmoqda. Natijada boʻsh yer uchastkalarini auksion savdolariga qoʻyishda muddatlarni buzish holatlari keskin bartaraf etildi. Boʻsh turgan 251 yer uchastkasining bahosi belgilanib, “E-auksion” tizimi orqali savdoga qoʻyilishi taʼminlandi. Bir oy mobaynida yer uchastkalarining ochiq savdoga chiqarilishi oʻtgan oyga nisbatan 2 barobarga oshdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi bilan hamkorlikda tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish choralari ham koʻrilmoqda. Xususan, Fargʻona viloyatida oʻtgan bir oy ichida tadbirkorlarga belgilangan imtiyozlarni qoʻllamaganlik, litsenziya va ruxsatnomani berish va tekshirish tartibini buzganlik hamda murojaatlarni koʻrib chiqishda sustkashlikka yoʻl qoʻygani uchun 38 mansabdor shaxsga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma rasmiylashtirilib, sudlarga koʻrib chiqish uchun yuborildi.

Qonunbuzilishlarni bartaraf etish va kelgusida yoʻl qoʻyilmasligi yuzasidan davlat organlariga jami 8 taqdimnoma va 6 ogohlantirish xati kiritildi. Xususan, viloyatning 13 tuman (shahar) hokimlari tomonidan tadbirkorlarga ajratilgan yer maydonlarini olib qoʻyilishi haqidagi 87 qarorni qonun hujjatlariga muvofiqlashtirish yuzasidan taqdimnoma kiritildi.

Bugungi murakkab sharoitda tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish uchun huquqiy va tashkiliy koʻmak bilan bir qatorda ularni qiynayotgan muammo va kamchiliklarni doimiy oʻrganib borish ham muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda, “Yuksalish” umummilliy harakati, Germaniyaning “Konrad Adenauer” jamgʻarmasining yurtimizdagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tadbirkorlar ishtirokida maslahat uchrashuvlari tashkil etildi.

Tadbirkorlik bilan bogʻliq muammolarni chuqur oʻrganish maqsadida ular oʻrtasida onlayn soʻrovlar oʻtkazila boshlandi. Bundan koronavirus pandemiyasining tadbirkorlik faoliyatiga taʼsirini baholash, muammoli masalalarni manzilli aniqlash va natijasi asosida qiyinchilikka duch kelgan tadbirkorlik faoliyat turlarining muammolarini bartaraf etish koʻzlangan.

Bu chora-tadbirlar bugungi sinovli kunlarda global pandemiya va iqtisodiy inqirozning xalqimiz turmush tarziga salbiy taʼsirini bartaraf etish barobarida ertangi taraqqiyotimizning ham muhim poydevori boʻlajak.

Dilmurod QOSIMOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik 
subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil.