Aslida insonga e’tibor ko‘rsatiladigan jamiyatda yoshu-keksa birdek ezozlanib, barcha soha va tarmoqlarga birdek etibor qaratiladi. Keyingi yillarda mamlakatimizda yoshu-keksa, barcha sohalar xodimlari ana shunday ulug‘ yangilanishlar yuz berayotganidan faxr hissini tuymoqda.
Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida talim tizimida amalga oshiriladigan o‘zgarishlarni tinglab, shu sohani tanlaganimdan beixtiyor suyundim.
Bilasizmi, bundan olti yil muqaddam Surxondaryo viloyatida talim tizimida juda ko‘p muammolar to‘planib qolgan edi. Masalan, birgina oliy talimni oladigan bo‘lsak, faqat Termiz davlat universiteti mutaxassislar tayyorlagani va qabul kvotalarining cheklangani uchun ko‘plab yoshlar yurtimizdagi boshqa oliy talim muassasalariga hujjat topshirishga majbur edi. Shuningdek, mazkur universitetning moddiy texnik bazasi ham ancha orqada qolgan edi. Bundan tashqari, talim muassasamizning ilmiy darajasi past bo‘lib, professor-o‘qituvchilar, talabalar qishloq xo‘jaligi yumushlari va obodonlashtirish ishlariga jalb etilishi ta’lim sifatiga o‘z ta’sirini o‘tkazar edi.
Bugun bu boradagi vaziyat tubdan o‘zgarib, vohada oliy talim muassasalari soni yettitaga yetdi. Avvallari viloyatda yetti ming atrofida talaba tahsil olgan bo‘lsa endilikda qariyb 45 ming yigit-qiz oliy talim muassasalarida o‘zlari tanlagan yo‘nalishlarda o‘qimoqda. Vohada xalqimizning asriy orzusi bo‘lgan tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgani ham so‘nggi yillarda talim sohasiga ko‘rsatilayotgan etibor va insonni ezozlashga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning amaldagi samarasi bo‘ldi.
Talim tizimida ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni Termiz davlat universiteti misolida ko‘rish mumkin. Jumladan, hozir talim muassasamizga mamlakatdagi 41 ta oliygoh qatorida akademik va moliyaviy mustaqillik berildi. Bu 26 ming 224 nafar talaba tahsil olayotgan universitetda ta’lim sifatini oshirish, ilmiy salohiyatni yanada ko‘tarish uchun keng imkoniyat yaratdi. Keyingi yillarda barcha zamonaviy sharoitlarga ega yangi binolar barpo etilib, o‘quv binolari soni 9 ta yetkazildi. Barcha binolarda bundan olti yil oldin ham talabalar uchun orzu bo‘lgan Wi-Fi zonalari tashkil etildi. Mavjud 397 ta auditoriya internetga ulandi. Hozir barcha auditoriyalardagi o‘quv jarayonlari maxsus kameralar yordamida simulyatsiya markazida kuzatib borilmoqda. 150 auditoriya proyektor, 25 tasi smart doska bilan jihozlandi. 17 ta ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha mavjud laboratoriya ishlari jihozlangan laboratoriyalarda amalga oshirilmoqda. Biologiya ta’lim yo‘nalishida beshta fandan 58 ta, kimyo ta’lim yo‘nalishida 8 fandan 35 ta, magistratura mutaxassisligida 4 ta fandan virtual laboratoriyalardan foydalanish yo‘lga qo‘yildi.
Joriy o‘quv yilidan boshlab 1,2 va 3-kurs bakalavriat hamda 1 va 2 kurs magistratura mutaxassisliklarida dars jarayonlari to‘liq HEMIS tizimida tashkil etildi. Dekanat va kafedralarga fanlar bazasi, o‘quv jarayoni, talabalar kontingenti bo‘limlariga doir ma’lumotlarni to‘g‘ri, to‘liq va o‘z vaqtida kiritish uchun seminarlar o‘tkazildi. Universitetda ta’lim-kredit tizimini boshqarish sektori tashkil etilib, HEMIS tizimidagi barcha faoliyat sektor xodimlari tomonidan muntazam nazorat qilib borilmoqda.
Talabalar tomonidan ta’limni boshqarish axborot tizimi HEMIS dasturi orqali o‘quv semestri boshida 1 hafta muddat davomida o‘zi tanlagan professor-o‘qituvchining mashg‘ulotida qatnashish uchun Onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tish tizimi yaratildi.
Shuningdek, 1-2 kurslar kredit-modul tizimiga o‘tgani munosabati bilan ushbu kurslarda akademik qarzdor hisoblangan 700 dan ortiq talaba uchun yozgi ta’til vaqtida tegishli fanlardan o‘zlashtirilmagan kreditlar miqdoriga mos ravishda bazaviy to‘lov-kontrakt miqdoridan kelib chiqib, to‘lovni amalga oshirgan holda yozgi semestr tashkil etildi. Darslar Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 dekabrdagi “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim jarayonini tashkil etish bilan bog‘liq tizimni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori talablari asosida olib borildi. Shu asosda 24 ta akademik guruh tashkil etilib, professor-o‘qituvchilar barcha darslarni yuqori saviyada o‘tdi.
Mavridi kelganda aytish kerakki, professor-o‘qituvchilarni moddiy qo‘llab-quvvatlashning eng samarali tizimi joriy etilgani ularni yanada ko‘proq izlanib, ilmiy ish bilan shug‘ullanishiga qulay muhit yaratdi. Bundan besh-olti yil muqaddam sanoqli fan doktori mehnat qilgan jamoamizda bugun ilmiy darajaga ega pedagoglar 212 nafar bo‘lib, ularning 36 nafari fan doktori, professor, 176 nafari fan nomzodi va falsafa doktorlaridir. Ilmiy salohiyat ko‘rsatkichi 24,6 foizni tashkil etayotgan oliy talim dargohimizdagi ilmiy darajali pedagoglarning 52 nafari yoki 24,5 foizini ayollar tashkil etadi.
Xullas, murojaatnoma kelgusi yilga mo‘ljallangan ishlarimizni qayta ko‘rib chiqib, yangi yil uchun keng ko‘lamli rejalarni belgilab olishga undadi. Eng muhimi bu yo‘nalishdagi barcha harakatlarimiz talim sifati va samaradorligini yanada oshirib, Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti uchun yetuk bilim hamda ko‘nikmaga ega malakali mutaxassislarni tayyorlashga yo‘naltiriladi.
Obidjon Shofiyev,
Termiz davlat universitetining yoshlar masalalari va manaviy-marifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori,
O‘zA