O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 32-yilligi munosabati bilan Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va xodimlari uchun tashkil etilgan bayram tadbirida davlat mukofotlari o‘z egalariga topshirildi.
Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligi munosabati bilan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida" gi farmoni bilan Milliy gvardiya harbiy xizmatchi va xodimlarining bir guruhi mukofotlandi. Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda Milliy gvardiya qo‘mondoni general-mayor R.Djurayev ishtirok etib, tizimdagi barcha shaxsiy tarkibni bayram bilan samimiy muborakbod etdi va davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lgan 14 nafar harbiy xizmatchi va xodimlarga “Mardlik”, “Do‘stlik” ordenlari hamda “Sodiq xizmatlari uchun”, “Shuhrat” medallarini topshirdi.

Shuningdek, Eng ulug‘, eng aziz bayram – Mustaqillik kuni munosabati bilan Milliy gvardiya qo‘mondoni buyrug‘iga asosan xizmatda yuqori natijalarga erishgan 10 nafar harbiy xizmatchi va xodimlarga navbatdagi “polkovnik” harbiy hamda maxsus unvonlari, 3 nafariga muddatidan oldin “podpolkovnik”, “kapitan”, “katta leytenant” maxsus unvonlari, 7 nafariga “A’lo xizmatlari uchun”, 20 nafariga “Milliy gvardiya fidoyi xodimi”, 10 nafariga “Ma’naviyat a’lochisi”, 65 nafariga “Namunali xizmatlari uchun” ko‘krak nishonlari hamda 100 dan ortiq faxriy yorliq va esdalik qo‘l soatlari topshirildi.

– Vatan – muqaddas makon, – deydi muddatidan oldin kapitan maxsus unvonini olgan Milliy Gvardiya Qo‘riqlash Bosh boshqarmasi bosh inspektori Munisa G‘aniyeva. – Uni himoya qilish, dushmanlardan asrash, ravnaqi va farovonligi yo‘lida xizmat qilish har bir inson uchun ham farz, ham qarzdir. Prezidentimiz rahnamoligida o‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan, o‘zining ko‘lami va mohiyatiga ko‘ra g‘oyat ulkan, tom ma’noda tarixiy ishlar natijasida bugungi kunda O‘zbekiston zamonaviy, ixcham va harakatchan, yaxshi tayyorlangan, mamlakatimiz xavfsizligi, hududiy yaxlitligi, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlash, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini himoya qilish bo‘yicha taktik va strategik vazifalarni samarali hal etishga qodir o‘z milliy armiyasi, milliy gvardiyasiga ega bo‘ldi, deb aytish uchun barcha asoslarimiz bor. Ta’kidlash joizki, osuda hayotimiz, musaffo osmonimiz, aziz bolajonlarimizning quvnoq kulgisi, ota-onalarimizning farovon umr kechirishi yurtimizdagi barqarorlik, tinchlik tufaylidir. Tinchlikning qadriga yetib yashash kerak. Shu aziz Vatan barchamizniki ekan, uni avaylab-asrash ham barchamizning chin farzandlik burchimizdir. Men ham yurtimiz tinchligi yo‘lida xizmat qilayotganimdan faxrlanaman. Kamtarona mehnatlarimni yuqori baholab, muddatidan oldin kapitan maxsus unvoni berilganidan juda xursandman. Bildirilgan ushbu ishonch menga katta mas’uliyat yuklaydi. Vatanimiz taraqqiyoti, tinchligi yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilishga va’da beraman.

Tadbirda shuningdek, namunali xizmat qilib kelayotgan 120 nafar muddatli harbiy xizmatchilarning ota-onalariga Milliy gvardiya qo‘mondonligi nomidan tashakkurnomalar yuborildi. Mazkur bayram munosabati bilan tizimda faoliyat yuritib kelayotgan 472 nafar harbiy xizmatchi va xodimlar hamda faxriylar, ishchi-xizmatchilarning munosib taqdirlanganligi, ularning keyingi xizmat davomidagi shijoatini oshirishga xizmat qiladi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA