Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Munir MAMEDZADE: O‘zbekiston BMTga shunchaki a’zo davlat emas! (+video)
19:16 / 2022-07-23

So‘nggi yillarda O‘zbekistonning BMT tizimidagi ishtiroki sezilarli darajada oshdi – bu xalqaro miqyosda ham e’tirof etilmoqda.

Zero, mamlakatimizning bugungi kunda olib borayotgan ichki va tashqi siyosati Birlashgan Millatlar Tashkilotining umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan, dunyoda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, davlatlararo birdamlikni mustahkamlash, xalqaro iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy-siyosiy aloqani rivojlantirish, inson huquqi va erkinligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘liq hamohang. O‘zaro hamkorlik zamirida yotgan ayni muvofiqlik BMTning mamlakatimizdagi doimiy koordinatori vazifasini bajaruvchi Munir Mamedzade bilan suhbat orqali yanada ayonlashadi, degan umiddamiz.

– Tajribali xalqaro mutaxassis sifatida bugungi O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi o‘rnini qanday baholaysiz? Xususan, BMT bilan 30 yillik hamkorlik davrida mamlakatimizning qaysi natijalarini alohida qayd etish mumkin?

– Birlashgan Millatlar Tashkiloti va O‘zbekiston uzoq muddatli hamkorlik tarixiga ega. BMTning to‘la huquqli a’zosiga aylangan 1992 yil 2 mart kunidan boshlab mamlakat asosiy idoralar ishida faol ishtirok etib kelayotganini alohida e’tirof etaman.

Respublika BMT Bosh Assambleyasi doirasida dastur va jamg‘armalar, shuningdek, turli ixtisoslashgan tuzilmalar bilan global va mintaqaviy miqyosda samarali hamkorlik qilyapti, deyish mumkin. Yurtingiz BMTning inson huquqlari, gender tenglik, xavfsizlik, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida qator konvensiyalarni imzolagan, ratifikatsiya qilgan. BMT mazkur hujjatlar nizomiga amal qilish, qabul qilingan xalqaro majburiyatlarni bajarishda O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlaydi.

BMT tizimi O‘zbekiston xalqi va hukumatiga keng ko‘lamli masalalarni hal etishda amaliy ko‘mak berib kelayotganini ta’kidlash joiz. Mamlakatingiz siyosiy islohotlar borasida quvonarli natijalarga erishdi. 2018 yil oktyabrda qabul qilgan milliy Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ga erishish yo‘lidagi tizimli sa’y-harakatlar esa taraqqiyotga erishish yo‘lining mantiqiy davomidir.

Shu maqsadda kambag‘allikni qisqartirish, sifatli ta’limni ta’minlash, arzon, ishonchli, barqaror va zamonaviy energiya manbalariga yaratish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha ishlab chiqilgan strategiyalarni yuqori baholaymiz.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston hukumati ko‘p qirrali hamkorlik majburiyatini to‘liq amalga oshirishda faollik ko‘rsatmoqda. Taraqqiyotga erishish, xavfsizlikni ta’minlash, global xavf-xatarlarga birgalikda qarshi turishga, mintaqaviy va xalqaro sheriklikda ishtirokini kengaytirishga tobora intilmoqda. Bularning bari, birinchi navbatda, mamlakatning yaxshi qo‘shnichilik, ochiqlik va insonparvarlikka asoslangan siyosatidan dalolat.

Shu nuqtai nazardan O‘zbekistonning mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, barqaror rivojlanish va iqtisodiy xavfsizlik masalalarini ilgari surish, millatlararo hamjihatlik va konfessiyalararo bag‘rikenglikni yanada yaxshilash yo‘lidagi tashabbuslari xorijda chuqur e’tirof etilmoqda.

O‘zbekiston tomonidan bildirilgan quyidagi muhim tashabbus va takliflar BMT maydonida alohida qiziqish bilan qarshi olindi va Bosh Assambleya tomonidan ma’qullangan:

– 2018 yil 22 iyunda qabul qilingan “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va barqaror rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” bo‘yicha rezolyutsiya;

– 2018 yil 12 dekabrda qabul qilingan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasi;

– 2021 yil 18 mayda qabul qilingan Orolbo‘yi mintaqasini innovatsiyalar va texnologiyalar hududi, deb e’’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiya;

– 2022 11 iyulda qabul qilingan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasiidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiya.

Shuningdek, respublikaning 2030 yilgacha barqaror taraqqiyot sohasidagi global Kun tartibi va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdagi hissasini, Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij global iqlim kelishuvini amalga oshirish ishlariga sodiqligini ham alohida ta’kidlash lozim.

Yana bir ma’lumot: 2020 yil BMTning 75 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston jahonning boshqa mamlakatlari qatori mazkur ahamiyatli sanani keng nishonladi. Shu kungacha BMT tizimi O‘zbekistonda 50 dan ziyod milliy va mintaqaviy muloqot o‘tkazdi, mamlakatning 34 mingdan ziyod aholisi BMT Bosh kotibi tomonidan ilgari surilgan “Biz istagan kelajak” nomli global so‘rovnomada faol qatnashdi.

– Janob Mamedzade, siz yuqorida so‘nggi yillarda mamlakatmizning BMT doirasidagi ishtiroki sezilarli darajada kuchayganini, jumladan, Orolbo‘yi va ekologiya masalasida davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan hayotiy tashabbuslar tuzilma doirasida bir ovozdan ma’qullanganini ta’kidladingiz. Umuman, sayyoramizning ekologik xavfsizligiga tahdid hozir insoniyatning asosiy muammolari qatorida turganini inobatga olsak, belgilangan vazifalarning ahamiyati nimada?

– 2021 yil may oyida BMT Bosh Assambleyasi Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiyani qabul qilgan kundan e’tiboran, ayni yo‘nalishda ijobiy natijaga erishish eng ustuvor vazifalardan biriga aylangan.

Masalan, BMT shafeligi ostida Orolbo‘yi mintaqasi masalasiga doir, inson xavfsizligini ta’minlash maqsadida tuzilgan – “trast jamg‘armasi” mintaqaga yangi bilim, innovatsiya va yangi texnologiya jalb qilish, hudud cho‘llanishining oldini olish, “yashil” iqtisodiyot tamoyillarini kompleks joriy etish, ekologik migratsiyani amalga oshirish va boshqa muhim choralar ko‘rish bo‘yicha faoliyat yuritmoqda.

BMT va O‘zbekiston birgalikda turli donorlarni jalb qilgan holda, inson xavfsizligi uchun tuzilgan ko‘p sherikli “trast jamg‘armasi” Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish uchun muloqot maydoniga aylandi. Ushbu jamg‘arma aholi farovonligini oshirish, ta’lim olish uchun qulay sharoit yaratish, sog‘liqni saqlash, onalik va bolalikni muhofaza etish hamda aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash masalalarida odamlarning real ehtiyojiga asoslangan loyihadir.

– O‘zbekistonning so‘nggi yillarda BMT minbaridan yangrayotgan tashabbus va takliflarini ahamiyati, dolzarbligi, xalqchilligi, qolaversa, global ahamiyati nuqtai nazaridan qanday baholaysiz?

O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan bir necha loyiha asosidagi maxsus rezolyutsiyalarning har biri globallashuv jarayonida o‘ta muhim ahamiyat kasb etuvchi hujjatlar. bugungi O‘zbekiston BMTga shunchaki a’zo davlatlardan biri emas, balki davrning eng dolzarb masalalarini faol ilgari surayotgan mintaqaviy va global darajadagi sermahsul ishtirokchi.

Yurtingiz jahonning muayyan davlati duch keladigan ichki muammolar bilan cheklanib qolmaydi. Masalan, koronavirus pandemiyasi, iqlim o‘zgarishi yoki boshqa turlicha gumanitar vaziyatlarni hal etishda O‘zbekiston global miqyosdagi birdamlikni namoyish etib kelmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tahdid va xavf-xatarlarni dunyoning hech bir mamlakati yolg‘iz yenga olmasligini asoslab berdi.

O‘zbekiston muhim tashabbuslari bilan dunyo hamjamiyati va BMT a’zolari e’tiborini tortdi. Mintaqaviy va ko‘p yo‘nalishli o‘zaro hamkorlik nuqtai nazaridan munosib o‘rni, yetakchilik rolini namoyish qila oldi. Ishochim komilki, bu tashabbuslarning barchasi tizimli ravishda amalga oshiriladi, jarayonga boshqa mamlakatlar ham qo‘shiladi.

– 11 iyul kuni BMT Bosh Assambleyasida bir ovozdan ma’qullangan, O‘zbekiston tomonidan 40 davlat bilan hammualliflikda ishlab chiqilgan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash bo‘yicha maxsus rezolyutsiyaning ahamiyati haqida fikringiz...

– Ushbu hujjatning qabul qilinishi O‘zbekiston ilgari surayotgan tashabbuslar naqadar muhimligiga yana bir yorqin misol.

Mazkur rezolyutsiya o‘tgan yili Toshkentda tashkil etilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya asosida ishlab chiqilgan. Ikkala mintaqa davlatlari vakillari tomonidan ma’qullangan mazkur hujjatda hududlar aholisi duch kelayotgan umumiy tahdidlarga qarshi turish yo‘llari ko‘rsatilgan.

Afg‘onistondagi vaziyatdan kelib chiqadigan bo‘lsak, mintaqada oziq-ovqat xavfsizligi, logistika va boshqa qator sohalarda jiddiy muammolar mavjud. Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlarining birgalikdagi sa’y-harakati markaziy hududlardagi mamlakatlarning jahon bozoriga chiqish yo‘lini ochib berishi jihatidan muhim.

Iqtisodiy, infratuzilmaviy, transport, raqamlashtirish, energiya ta’minoti bilan bog‘liq tashabbuslar doirasida kelishib ish olib borish butun Osiyo mintaqasini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqadi, albatta.

Ta’kidlash joiz, so‘nggi yillarda O‘zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatini misli ko‘rilmagan darajada mustahkamlashga erishdi. Mazkur rezolyutsiya mamlakatning insonparvarlik siyosati tarkibiy qismi sifatida Afg‘oniston bo‘yicha yetakchilik rolini ham namoyish etadi.

Bundan tashqari ta’lim, madaniyat, mintaqa davlatlari fuqarolari o‘rtasida almashinuv sohasidagi o‘zaro sa’y-harakat zaruratini ham qayd etadi. Ya’ni, mintaqa jipslashishi uchun nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy-madaniy hamkorlik ham juda muhim ekanini ko‘rsatadi.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/fKfMEONyVEk" title="Munir MAMEDZADE: O‘zbekiston BMTga shunchaki a’zo davlat emas!" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>

Behruz Xudoyberdiyev suhbatlashdi.

Doniyor Yakubov (video),

O‘zA