O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida yangi kitob
Taniqli shoira, Saodat” jurnali bosh muharriri Munavvara Usmonovaning “Kiprikdagi tun” nomli saylanmasi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida nashrdan chiqdi.
Saylanmadan shoiraning turli yillarda yozilgan eng sara she’rlari joy olgan.
Kitobdagi she’rlarni o‘qirkansiz, milliylikka yo‘g‘rilgan samimiy o‘zbekona hayot tarzi, qalb suvrati va manzaralarini ko‘rgandek bo‘lasiz.
Munavvara Usmonova qalbi munavvar – yorug‘ ijodkor. U yon-atrofida yuz berayotgan voqea-hodisalar, hayot atalmish charxpalak aylanishi, odamlar bilan muloqot, sog‘inch, diydor, qarzdorlik hissi, hamma-hammasidan hikmat izlaydigan, falsafa axtaradigan va topa oladigan shoira.
Ey ko‘ngil, ko‘ngil desam men,
To‘ldingu toshding, qara.
Ko‘namiz, ko‘ngin desam men,
Sen nega shoshding, qara.
Har kimu har yerda bordir
Azaliy ozori ishq.
Men-ku, nolonman yo‘l topolmay,
So‘ndimi shashting, qara.
Bor izidan, yo vido ayt,
Aytganing bo‘lmaydi, bil.
Ey ko‘ngil, holi xarobim,
Sevgining gashtin, qara...
Munavvara Usmonova muhabbatning xushnud damlariyu hijron alamlarini yurak-yurakdan tarannum etadi. Vatan va xalq birligi, yurt obodligi, ertangi yorug‘ kunlarni ko‘rib turgandek faxr-iftixor bilan tasvirlaydi.
Yuz yoshga kirarman, ehtimol,
Yo umr qisqadir, bilmadim.
Tark etmas baribir bir savol –
Shuncha vaqt kim uchun yashadim...
Saylanmaga adabiyotshunos Zuhriddin Isomiddinov “Yorug‘ so‘zli she’riyat” nomli so‘zboshi yozgan.
“Men iste’dodli shoira Munavvaraning she’rlarini o‘zidan avvalroq taniganman... Shoiraning yozganlarini o‘qir ekanman, she’rlarining mavzu ko‘lamini aniqlashga harakat qildim. Chamasi, eng teran milliy tuyg‘ularimizni odamlar yodiga solish, ana shu ezgu fazilatlarni tarannum etish, xullas, odamiylikni va o‘zbeklikni ulug‘lash shoiraning ijodidagi asosiy pafos ekan, degan xulosaga keldim” deya yozadi olim. Va u haq.
O‘z ovozi, o‘z ohangiga ega bo‘lgan so‘z ustasi Munavvara Usmonovaning “Kiprikdagi tun” saylanmasini, albatta, o‘qing...
O‘zA