O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, aktrisa, rejissyor hamda mahoratli pedagog Munavvara Abdullayeva tavalludining 75 yilligiga bag‘ishlangan ijodiy kecha tashkil etildi.
Tadbirda Kinematografiya agentligi rahbariyati, san’atkorning oila a’zolari, kinoijodkorlar hamda media soha vakillari ishtirok etdi.
Ijodiy kechada e’tirof etilganidek, Munavvara Abdullayeva yaxshi san’atkor, yaxshi aktrisa, mohir rejissyor bo‘lishi bilan birga mehribon ustoz hamdir.
Aytish kerakki, Munavvara Abdullayeva 1950 yilda Marg‘ilon viloyatida tavallud topgan. 1968-1971 yillarda Marg‘ilon reja-iqtisod texnikumida tahsil olgan.
1971 yilda Toshkent davlat san’at institutining "Teatr va kino aktyorligi” bo‘limiga o‘qishga kirib, 1975 yil muvaffaqiyatli tamomlagan. Institutni bitirganidan so‘ng, u tahsil olgan kurs yo‘llanma bilan Sirdaryodagi Olim Xo‘jayev nomli teatrga yuborilib, u yerda bir yil ishlagach, Toshkentga qaytgan.
1976-78 yillarda Moskvaga borib, davlat teatr san’ati institutida pedagogika bo‘yicha aspiranturada o‘qigan. Shu bilan birga teatrlarda, rejissuradan ham amaliyot o‘tagan. O‘sha davrdagi san’at darg‘alaridan teatr san’ati bo‘yicha saboq olgan.
Munavvara opa uzoq yillar davomida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining "Drama va kino san’ati” fakulteti, "Drama va kino san’ati” kafedrasida samarali faoliyat ko‘rsatib kelgan.
San’atkor bir qator filmlarda rollarni ijro etgan. Shuningdek, O‘zbek Milliy akademik drama teatri sahnasida "Chimildiq”, "Andishali kelinchak”, "Bevalar”, "Dadajon demayman” kabi turli mashhur spektakllarni sahnalashtirgan.
– Munavvar opa ko‘plab mahoratli aktyorlarning kamolga yetishida munosib hissa qo‘shgan ustoz san’atkorlardan, - deydi taniqli artist Rixsitilla Abdullayev. – Ular shunchaki ustoz emas, balki yoshlarga onalardek yordamlashgan, kerak bo‘lsa moddiy dalda bo‘lgan, qo‘lidan kelgan ko‘makni ayamaydigan mard, saxovatli, ham mehribon, ham talabchan insonlar.
Bir qator san’atkorlar aktrisaning hayoti va ijodiy faoliyati, milliy kino san’ati taraqqiyotidagi o‘rni haqida iliq fikr-mulohazalar bildirishdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Kino san’ati muzeyi tomonidan san’atkor hayoti va ijodiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma ham tashkil etildi.
Tadbir davomida Munavvara Abdullayeva ishtirokidagi “Baxt uyi” filmi namoyish etildi.
N.Usmonova, O‘zA