Islomning beshinchi rukni bo‘lgan Haj boshqa ibodatlardan farqli ravishda ham jismoniy, ham moliyaviy ibodatdir. Namoz va ro‘za jismoniy ibodat bo‘lsa, zakot moliyaviy ibodatdir, Haj esa har ikkalasini ham o‘zida qamrab oladi. Shu bois bu ibodatga ko‘plab ajr-savoblar va’da qilingan.
Misol uchun, hadisi sharifda: “Mabrur (gunoh va ma’siyatlardan tiyilgan holda qilingan) Hajning mukofoti faqat jannatdir”, deyilgan.
Ana shu ulug‘ va’dalarga muvofiq har bir mo‘min-musulmon umrida bir marta Haj safarini orzu qiladi, shu maqsadga erishish uchun intiladi, talpinadi va bu yo‘ldagi mashaqqatlarni o‘zi uchun sharaf deb biladi.
Shukrki, bugun yurtimizda Haj ibodatini ado etish istagida bo‘lgan yurtdoshlarimiz juda ko‘p. Ular davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan shart-sharoitlardan ruhlanib, imkoniyatlardan foydalanyapti. Bu yil o‘n mingdan ziyod yurtdoshimiz muqaddas zaminga borayotgani bunga misol bo‘la oladi.
Umra safariga otlangan yurtdoshlarimiz dastlab Madinai munavvara shahriga kelishib, ziyorat va ibodatlarini bekami-ko‘st ado etishmoqda. Payg‘ambarimizning muborak shaharlari bugun butun Islom olamidan kelgan bo‘lajak hojilar bilan gavjum. Ziyoratchilar orasida O‘zbekistonning bayrog‘i ramzi tushirilgan nimchalarni kiyib olganicha Masjidi Nabaviyga shoshayotgan yurtdoshlarimiz yuzu ko‘zlaridagi mamnuniyat, shodu xurramlik kishiga musofir yurtlarda o‘zgacha zavq-shavq bag‘ishlash barobarida boshqa davlat fuqarosi orasida faxr tuyg‘usini tuyishga ham sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekiston ishchi guruhi vakillari Alloh taoloning mehmonlariga risoladagidek xizmat ko‘rsatish, ularga qulay sharoitlarni yaratib berish maqsadida barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda. Jonajon yurtimizdan safarga otlanganlar ham har kuni belgilangan vaqtda aviaqatnov orqali muborak zaminga yetib kelib, Haj qiluvchilar safiga qo‘shilmoqda.
Joriy yilgi Haj mavsumi yilning nisbatan issiq paytiga to‘g‘ri keldi. Shunday bo‘lsa-da, havo harorati u qadar baland emas, mo‘’tadil. Bu bo‘lg‘usi hojilar belgilangan arkonlarni to‘liq bajarishida ayni muddao bo‘layotir. Har bir guruhga biriktirilgan ellikboshilar ularga eng yaqin ko‘makchiga aylangan. Sog‘liqlari esa shifokorlarning doimiy nazorati ostida.
Yurtimiz ziyoratchilari sog‘-salomat va ibodatlarni bekami-ko‘st bajarmoqda. Bu muborak safarga chiqayotgan yurtdoshlarimizning barchasi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgani, kasalliklarga qarshi emlangani samarasidir.
Masjidi Nabaviyning tarovati o‘zgacha. U yerda o‘zgacha shukuh va sokinlik bor. Bu bejiz emas, albatta, – deydi Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov. – Rasululloh (s.a.v.)ning muborak masjidlari ziyoratining fazli haqida ko‘plab hadislar keltirilgan. Ularning birida, jumladan, shunday deyiladi: “Mening masjidimdagi bir namoz bundan boshqasidagi mingta namozdan yaxshidur, faqat “Masjidul Harom”gina undan mustasno”. Shu bois ham yurtdoshlarimiz har bir damni g‘animat bilib, vaqtlarini “Masjidi Nabaviy”da o‘tkazishga intilmoqda.
Darhaqiqat, 800 ming kishiga mo‘ljallangan masjidga odamlar sig‘may ketyapti. Uning hovlilari, tepa qismlari ham ibodatchilar bilan to‘lib-toshgan. Zotan, hamma savob umidida, gunohlarga mag‘firat ilinjida olis yo‘l bosib kelishgan.
O‘zbekistonlik ziyoratchilar Payg‘ambarimizning eng sevimli maskanlaridan biri bo‘lgan Uhud tog‘ida ham bo‘ldilar. Sahih hadislarda keltirilishcha, Rasululloh: "Biz Uhudni yaxshi ko‘ramiz, Uhud bizni yaxshi ko‘radi", deya marhamat qilgan ekan.
Tog‘ 7 kilometrga cho‘zilgan bo‘lib, baland nuqtasi 2 ming metrgacha yetadi. Diniy manbalarda keltirilishicha, dunyo tog‘lari orasida faqat Uhud jannatga kirar ekan.
Ziyoratchilar mazkur tog‘ etagida mangu qo‘nim topgan Payg‘ambarimizning amakisi hazrati Hamza ibn Abdulmuttalib qabrini ziyorat qildilar. U va Badr jangida halok bo‘lgan muslimlar ruhiga Qur’oni karim tilovat qilindi. Yaratgandan yurtimizga tinchlik, xalqimizga omonlik, boshlangan islohotlarimiz davomli bo‘lishini so‘rab, duo qildilar.
Bu toqqa ziyoratga kelgan kishining vatanparvarligi yanada oshadi. Chunki Uhud qahramonlari o‘z vatanlari Madinai munavvarani, shu bilan birga, rahbar, ya’ni Rasulullohni qanday himoya qilganini Sa’d ibn Abu Vaqqos misolida bilib olamiz. Bu ulug‘ sahoba Nabiy alayhissalomni himoya qilaman deb mazkur jangda yetmishdan ortiq joyidan yaralangan.
Hajning fazilatlari haqida ko‘p eshitganmiz, kitoblarda o‘qiganmiz, ammo ixlos qilib, bu muqaddas manzillarga kelgandan keyin ruhiyatingizda shunday o‘zgarish ro‘y berib, qalbingizni o‘zgacha tuyg‘u chulg‘ab olarkan. Buni so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi. Alloh taologa shukronalar aytib, bizga shunday imkoniyatni yaratib bergan hukumatimiz mutasaddilariga rahmat! Ziyoratchilar uchun barcha sharoit muhayyo qilingan. Tashkiliy ishlar bundan ortiq bo‘lmasa kerak, – deydi Sirdaryo viloyati 1-guruhidan Muhammad Anvarov.
Shundan so‘ng ziyoratchilar Islom olamida birinchi qurilgan masjid — Quboga yo‘l oldilar. Bu yerda ikki rakat nafl namozi o‘qidilar. Diniy ulamolarning ta’kidlashicha, kimki Quboga kelib, nafl namozini o‘qisa, Umra savobiga teng savob beriladi.
Boshqa davlatlardan kelgan ziyoratchilar o‘zbekistonliklar uchun yaratilgan shart-sharoitlarga havasi kelayotganini yashirishmadi. Misol uchun, fransiyalik Ibrohim Xalil Madina shahridagi “Zamzam pulman” mehmonxonasi foyesida yurtdoshlarimizni ko‘rib, bunday dedi: "Saf-saf bo‘lib Ravzaga ketayotgan, Uhud tog‘i va Qubo masjidi sari yo‘l olayotgan o‘zbekistonliklarni ko‘rib, ochig‘i, havasim keldi. Dunyoda sanoqli davlatlargina o‘z fuqarolarini Hajni ado etishlari uchun shunday sharoit yaratib beradi. Yurtingiz hojilarini shu jihatdan chinakam baxtli, saodatli deyish mumkin".
Hajni ado etish niyatida muqaddas zamin sari otlangan yurtdoshlarimizning dastlab Madina shahriga kelishi zamirida hikmat ko‘p. Chunonchi, bundan 14 asr muqaddam bu yerda payg‘ambarlarning eng ulug‘i yashab o‘tgan. U zot mangu qo‘nim topgan maskan ham, Rasulullohga safdosh bo‘lgan sahobalar ham shu yerda. Bu muborak manzil bir qancha tabarruk ziyoratgohlarni o‘z bag‘riga olgan, ko‘plab oyatlar aynan mazkur manzilda nozil bo‘lgan. Shu bois u nafaqat Islom olamining markazi, balki payg‘ambarlik yeri, vahiy manzili sifatida ham alohida qadrlanadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati,
O‘zA