Navoiy shahrida o‘tkazilgan “Mumtoz she’riyat” xalqaro festivali va TURKSOY Yozarlar birligining birinchi yig‘ilishi o‘z nihoyasiga yetdi.
Tadbirning ikkinchi kuni avvalida ishtirokchilar, ijodkorlar, ma’naviyat va ma’rifat sohasi fidoyilari, talaba va o‘quvchi yoshlar viloyat markazidagi Alisher Navoiy nomi bilan ataluvchi istirohat bog‘ida qad rostlagan buyuk mutafakkir haykali poyiga gulchambarlar qo‘yib, ulug‘ shoirga ehtirom ko‘rsatdi. Shundan keyin mehmonlar markaziy istirohat bog‘ida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida manzarali ko‘chatlar ekdi.
Tadbirning asosiy qismi viloyat hokimligining tantanalar zalida davom etdi. Bu yerda TURKSOY Yozarlar birligining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 1993 yilda tashkil etilgan TURSKOY tashkilotining maqsadi turkiy xalqlarning ma’naviy yaqinligi va qardoshlik birligini mustahkamlash, turkiy madaniyatni dunyoga tanitish va uning an’analarini kelajak avlodlarga yetkazishdan iborat.
Yaqinda Anqara shahrida turkiy tilli davlatlar ijodiy tashkilotlari rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda esa TURKSOY Yozarlar birligi ta’sis etilib, unda tashkilotning ilk yig‘ilishini O‘zbekistonda, Navoiy shahrida o‘tkaziladigan “Mumtoz she’riyat” festivali doirasida tashkil etish taklifi barcha ishtirokchilar tomonidan bir ovozdan ma’qullangan edi.
Yig‘ilishni tashkilot bosh kotibi Sulton Rayev boshqarib bordi va festivalning ulug‘ mutafakkir shoir Alisher Navoiy nomi bilan atalgan shaharda o‘tayotgani alohida ramziy ma’noga ega ekanligi, mazkur anjuman turkiy xalqlar o‘rtasida adabiy aloqalarni yanada rivojlantirish, turkiy xalqlar mumtoz she’riyatini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilish, adabiyot sohasida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
[gallery-11219]
Tadbirda jahon va turkiy xalqlar adabiyoti rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun Ozarbayjon Yozarlar birligi raisi Anor Rzayevga tashkilotning eng yuksak sharaf nishoni – Oltin medali topshirildi.
– Ozarbayjon va o‘zbek xalqi o‘rtasida azaldan do‘stona aloqalar mavjud, – deydi Anor Rzayev. – “Mumtoz she’riyat” xalqaro festivali va TURKSOY Yozarlar birligining birinchi yig‘ilishi aynan shoir nomi bilan ataluvchi shaharda o‘tkazilishi buyuk so‘z san’atkoriga bo‘lgan cheksiz ehtirom ifodasidir. Bu ulug‘ zotning asarlari Ozarbayjon shoirlari uchun ham ilhom manbai bo‘lib kelgan. Bizning yurtda yashab ijod etgan qator shoirlar ijodida buyuk mutafakkirning ulkan ta’siri bor. Uning asarlari ozarbayjon tiliga tarjima qilingan va xalqimiz sevib o‘qishadi.
Yig‘ilishda turkiy davlatlar Yozuvchilar uyushmalari raislari so‘zga chiqib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
– Alisher Navoiy nafaqat butun turkiy xalqlar adabiyotida, balki jahon adabiyotida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan shoirlardan biridir. Uni butun turkiy tillarda ijod qilgan shoirlar ustoz, deb bilishadi, – deydi Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi Ulug‘bek Yesdavlat. – Bugun qozoq xalqi, adabiyot ixlosmandlari Alisher Navoiy asarlarini o‘z tillarida mutolaa qilmoqda. Yaqinda Navoiyning “Xamsa” asari qozoq tiliga tarjima qilindi. Bu ham buyuk Navoiyga qozoq xalqining ehtiromi namunasidir. bugungi festival doirasida esa TURKSOY Yozarlar birligining birinchi yig‘ilishini o‘tkazdik. Unda hamkasblarimiz bilan o‘zaro fikr-mulohaza almashib, qilinajak ishlarimizni rejalashtirib oldik.
Tadbirda Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov ishtirok etib, tadbir ishtirokchilariga estalik sovg‘alarini topshirdi.
Viloyat ma’naviyat va ma’rifat markazida festival doirasida “Mushoira kechasi” tashkil etilib, “Istiqlol davri o‘zbek navoiyshunosligi” kitobining 30 jildligi, Alisher Navoiyning qozoq tilida chop etilgan “Xamsa” asari taqdimotlari turkiy tillarda ijod qiladigan shoir-yozuvchilarda chuqur taassurot qoldirdi.
Kunning ikkinchi yarmida tadbir ishtirokchilari yurtimizning go‘zal va obod maskanlaridan biri Nurota tumanidagi “Chashma majmuasi”ni borib ko‘rishdi.
Ulkan taassurotlar va fikr-mulohazalarga boy tarzda o‘tgan “Mumtoz she’riyat” xalqaro festivali va TURKSOY Yozarlar birligining birinchi yig‘ilishi o‘z nihoyasiga yetdi.
Abduvali Bo‘riyev,
Siroj Aslonov (surat), O‘zA