Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida “Mumtoz miniatyuraning zamonaviy talqini” nomli ko‘rgazma ochildi.
Asrlar davomida rivojlanib kelgan miniatyura rangtasviri jahon san’ati tarixida munosib o‘ringa ega. O‘zbekiston rassomlari hamda xalq ustalari tomonidan ko‘plab durdona asarlar yaratildi.

Sharq adabiyotining mumtoz vakillaridan bo‘lmish Abulqosim Firdavsiy, Umar Xayyom, Nizomiy Ganjaviy, Sa’diy Sheroziy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Abdulla Qodiriy kabi ijodkorlar musavvirlar uchun bitmas-tuganmas ilhom manbaidir.

Kitobat miniatyurasi va lokli miniatyura uslubida yaratilgan asarlarda an’analardagi sodiqlik va shu bilan birga betakrorlik ustuvordir. Miniatyura asarlarida rassomning nafosatni tomoshabinga yetkaza olishi, ohanglar o‘ynoqiligi, ranglar jo‘shqinligi, kompozitsiya uyg‘unligi va g‘oyaviy-falsafiy ohangdorlik ustunlik qilgan.

Mazkur ko‘rgazmadan ko‘zlangan asosiy maqsad Sharq miniatyurasining betakrorligini zamonaviy talqinda namoyish qilishdan iborat. Ko‘rgazmada 20 nafardan ortiq rassomlarning 60 dan ortiq asarlari namoyish etilmoqda.
Mazkur ko‘rgazma san’at ixlosmandlariga musavvirlarimiz ijodi va erishgan yutuqlari bilan keng tanishish imkonini beradi.
N.Usmonova,
O‘zA