Hikmat izlaganga hikmatdur dunyo. Mumtoz adabiyotimiz o‘z xazinasida ko‘plab duru-gavharlarni, hikmatli so‘zlarni saqlaydi. Faqat unga yetmoq uchun kitobxon albatta chuqur bilim, zehn va yuksak tafakkurga ega bo‘lishi lozim. Bu tafakkurni ustozlar o‘gitlaridan, tahlillaridan, ilmiy izlanishlaridan bilim olamiz.
O‘z umrini shogirdlar kamolotiga bag‘ishlagan serqirra ijod sohibi, taniqli pedagog Hamidjon Homidiy adabiyot xazinasidan hikmat izlab, boy meros qoldirgan ustozlardan edi. Mumtoz adabiyotimizni chuqur o‘rganib, undagi ma’no va satrlarda yashiringan sirlarni shogirdlariga ulashib, adabiyotimiz rivojiga ulkan hissa qo‘sha olgan inson edi. “Avesto”dan boshlanadigan va bugungi kun adabiyot darg‘alarining asarlarigacha bo‘lgan katta davrni qamrab olgan ulkan ilmiy meros ko‘p yillar davomida yoshlar uchun mayoq vazifasini o‘taydi.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida adabiyotshunos olimning 90 yilligiga bag‘ishlab, “Mumtoz adabiyotning dolzarb muammolari” mavzusidagi Respublika ilmiy-nazariy anjuman tashkil qilindi. Shu bahonada Respublikamizdagi taniqli olimlar, adabiyotshunoslar, ilmiy tadqiqotchilar turli mavzularda o‘z ilmiy izlanishlari xulosalarini taqdim qildilar va hamkasblari bilan yillar davomida mumtoz adabiyotimizda to‘planib qolgan muammolar va istiqboldagi rejalarni muhokama qilib oldilar.
Anjuman davomida ustozning “Avesto”ni o‘rganishda yaratib ketgan ilmiy meroslari tahlil qilindi. Ma’ruzalarda Alisher Navoiyning mumtoz asarlaridagi ma’rifat, qahramonlari obrazi, 19-20 asrlarda o‘zbek adabiyotida yuzaga kelgan yangi muhit, adabiyotning tarbiyaviy usullari kabi o‘nlab yo‘nalishlardagi ilmiy izlanishlar natijalari taqdimot qilindi. Har bir olimning fikrlari tinglandi. Respublikamizning turli hududlarida shakllangan adabiy muhit va ijodkorlarning yangi asarlari tahlil qilindi.
Muhimi anjuman orqali bugun yoshlarga mumtoz adabiyotimizni targ‘ib qilish va o‘qitishning zamonaviy pedagogik texnologiyalaridan foydalanish, kitobxonlikni ommaviylashtirishdagi yutuqlar va kamchiliklar muhokamalar markazida bo‘ldiki, bu ham bo‘lsa adiblarimiz ilmiy merosini chuqur o‘rganishga va rivojiga xizmat qiladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/yG2aF_jy0ps" title="Mumtoz adabiyotimizning dolzarb muammolari o`rganildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Doniyor Yakubov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA