Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Mumkin emas”, degan so‘zlar inobatga olinmadi, shaharsozlik me’yorlari buzildi” – Energetika sohasidagi muammolar xususida professor bilan suhbat
13:52 / 2023-01-23

Bu yilgi qish energetika tizimiga oyna tutdi. Muammo va kamchiliklar yaqqol ko‘rindi. Tabiat qonuni shunday: qish davomiy tarzda eshik qoqib kelaveradi.

Xo‘sh, bu yilgi muammolar keyingi yil takrorlanmasligiga kafolot bormi? Kamchiliklarni to‘g‘rilash uchun nimalarga e’tibor berish kerak?

O‘zA muxbiri shu kabi savollarga javob olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Energetika muammolari instituti direktori, texnika fanlari doktori, professor Hakimjon Muratov bilan suhbatlashdi.

– Institut olimlari oldidagi eng asosiy maqsad va vazifalar nimalardan iborat?

– Energetika sohasining rivojlanish istiqbollarini belgilab berish, strategiyalar ishlab chiqish, energetika samaradorligini oshirish, tejamkorlik bo‘yicha ishlanmalarni joriy etish, energiyaning qayta tiklanuvchi va muqobil turlarini ishlab chiqarishga joriy etish asosiy vazifalarimizdan biri.

Undan tashqari sohada yuqori malakali olimlar, ilmiy xodimlar tayyorlash, yaqin atrofimizdagi davlatlar bilan energetik hamkorlik asoslarini ishlab chiqish, raqamli texnologiyalarni joriy qilish, energetik quvvatlarning to‘g‘ri integratsiya qilishni ta’minlab berish institutimizning asosiy ilmiy yo‘nalishlaridan hisoblanadi.

Shu bilan birga, energetika sohasini favqulodda vaziyatlarda faoliyat yuritishi, energiyani qanday sarflash bo‘yicha ishlanmalarni joriy etish masalalari bo‘yicha ham shug‘ullanamiz.

–Anomal sovuq barchani birdek sarosimaga solib qo‘ydi. Mana shu vaziyatni favqulodda holat deyish to‘g‘rimi?

– Anomal sovuq kelishini favqulodda holat deyish unchalik to‘g‘ri emas. Chunki respublikamiz iqlimi keskin-kontinental iqlim bo‘lganligi sababli, qishda havo sovushi tabiiy jarayon. Yurtimizda havo harorati -20 gradusdan ham sovugan holatlarning guvohi bo‘lganmiz. Bu yilgi sovuqning haddan ziyod bilinishiga asosiy sabab energetika sohasidagi faoliyatga jiddiy yondashmaslik, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikning sustligi bo‘ldi.

– Energetika vazirligi bilan sohani rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikdagi ishlaringiz haqida to‘xtalsangiz.

– bugungi kunda energetikaning dolzarb muammolari, energiyadan samarali foydalanish, sohani to‘g‘ri boshqarish, quyosh yoki shamol stansiyalarini qanday holatda, qayerda qurish kerakligi bo‘yicha takliflarni doim berib boramiz. Lekin ba’zida takliflarimizga ularning e’tiborini sezmaymiz. Iqtisodiyot tarmoqlarida energiyadan samarali foydalanish bo‘yicha ham takliflar berdik. Ammo, inobatga olishdi, desam noto‘g‘ri bo‘ladi.

Chunki takliflarimizga nisbatan hech qanday reaksiya bo‘lgani yo‘q. Energetika ilmsiz rivojlana olmaydi. Bu yilgi qishning qanday kelishini ma’lum darajada taxmin qilib, gidrometeorologlar bilan hamkorlikda taxminiy ssenariy yozilishi kerak edi. Kuchli sovuqda elektr stansiyalari va tarmoqlari qanday ishlaydi, degan savolga javob topib harakat qilinsa, muammo bu darajaga yetmas edi.

– Energetikadagi muammolar sabab, ko‘plab rahbarlar ishdan olindi. Sohada asosiy muammo nimada? Kadrlar yetishmaydimi yoki boshqa sabablar bormi?

– Energetika vazirligi Prezidentimiz qarori asosida tashkil topgan. Sohani rivojlantirish bo‘yicha kerakli qarorlar chiqarilgan, topshiriqlar berilgan, yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatilgan. Afsuski, ishga sovuqqonlik bilan qaralyapti. Toshkent shahri misolida ko‘radigan bo‘lsak, elektr energiya bilan ta’minlaydigan taqsimlash podstansiyalari bor. Yoz oylarida hech birining ahvoliga qaralmadi. Vaholanki, bular oddiy ekspluatatsiya ishlari edi.

Ochiq havo liniyalari atrofidagi daraxtlarning shoxlari o‘sib, simlarga tegib qolgan. Daraxtlarning o‘sgan shoxlarini vaqtida kesib, qishga tayyorlash kerak edi. Bu ishlarni bajarmaslik energiyani isrof bo‘lishiga olib keldi. Sovuqda havodagi ochiq liniyalar bir-biriga tegib, qisqa tutashuvlar bo‘lib, 80 ta podstansiya yonib ketganiga guvoh bo‘ldik.

Undan tashqari hisobsiz yangi quvvatlar paydo bo‘ldi. O‘tgan yilning o‘zida 250 ta yangi uylar qurilgan. Atrofida yangi massivlar qurilishi bo‘lmagan hududlarda elektr va gazdan muammolar, yong‘in holatlari kam bo‘ldi. Qayerdaki yangi binolar qurilib, o‘sha joyda begona iste’molchi paydo bo‘lgan bo‘lsa, eski iste’molchilarga qiyin bo‘ldi. Mumkin bo‘lmagan joylarga binolar qurmaslik, texnik shartlarga rioya qilish kerak edi. “Mumkin emas”, degan so‘zlar inobatga olinmadi. Shaharsozlik me’yorlari buzilgan. Yangi qurilayotan binolar, savdo markazlarida energiya iste’moli oshishini hech kim inobatga olayotgani yo‘q. Bizga energiya qishin-yozin yetib kelaveradi, deb xomtama bo‘ldik.

Energetika sohasida o‘rta bo‘g‘inga ishchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash masalalari izdan chiqdi. Joylarda maxsus tayyorlangan elektromontyorlar, gaz xodimlari ishlashlari kerak edi. O‘rta bo‘g‘inda xodimlar malakasini oshirish masalalariga e’tibor qaratilmadi.

– Kelgusi yil bu muammolar qaytarilmasligi uchun qanday takliflar berasiz?

– Bugun mas’uliyatsizligimiz oqibati o‘zimizga qimmatga tushdi. Qanday ishlar qilishimiz kerakligi aniq bo‘ldi. Kelasi yilgi qishga tayyorgarlikni bugundan boshlashimiz kerak. Mavjud texnikani ro‘yxatdan o‘tkazib, kelasi yilda yaxshi ishlashi uchun qo‘shimcha nimalar qilsak bo‘ladi, degan savollar haqida bosh qotirish kerak.

Sohada ishlab yurgan mutaxassislarning maoshlari ham, ularga yaratilgan sharoitlar ham yaxshi emas.

– Shogirdlaringiz bu borada qanday ilmiy izlanishlar olib borishyapti?

– Respublikamiz sharoitida ishlab chiqarilayotgan, sarf etilayotgan energiya resurslarini 20 foizgacha tejash imkoniyati bor. Bu juda katta foiz. Bir yilda respublikamiz bo‘yicha 60 milliard kilovatt soat elektr energiya ishlab chiqarilayotgan bo‘lsa, shundan 12 milliard kilovatt soat elektr energiyani tejab, tejalgan energiya bilan qancha ishlarni amalga oshirish mumkin. Shogirdlarimiz mana shu masalalarni amalga oshirish bo‘yicha izlanishlar olib bormoqda.

Ko‘p elektr energiya sarflanadigan korxonalarda ilmiy va amaliy ishlarni olib borishyapti. Sohaning rivojlanish istiqbollari, yangi quvvatlar qanday va qaysi ko‘rinishda paydo bo‘lishi, shamol va quyosh stansiyalarini qanday o‘rnatish kerakligi yuzasidan ish olib borishyapti. Bu haqda ilmiy maqolalar e’lon qilinyapti.

Nigora Rahmonova suhbatlashdi,

O‘zA