Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Multfilmlar nafaqat ongni, balki tarbiyani ham shakllantiruvchi vosita
17:35 / 2025-08-19

Bugungi kunda bolalar uchun ishlab chiqarilayotgan multfilmlar, animatsion filmlar, ko‘rsatuvlar va shoular son jihatdan ko‘paygani sari ularning mazmun va sifati ham turlicha bo‘lib bormoqda. Afsuski, hozirgi ko‘plab multfilmlarda faqatgina ochiq kiyinish uslubi, o‘ta ketgan sho‘xlik yoki ma’no jihatdan aslida kattalarga qaratilgani bolalar ongi va psixologiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bunga e’tibor bermayotgan ota-onalar esa farzandlarining kelajagini xavf ostiga qo‘yishlari mumkin.

Har bir bola ko‘rganini takrorlaydi. Ayniqsa, 2 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan davrda bola ongida ko‘rgan tasvirlari chuqur iz qoldiradi. Shuning uchun multfilmlar oddiy ko‘ngilochar vosita emas, bola dunyoqarashi, axloqiy qadriyatlari, muomala madaniyati, hattoki so‘z boyligiga bevosita ta’sir qiladi. 

Aksar zamonaviy multfilmlarda janglar, portlashlar, urushlar, baqir-chaqirli sahnalar asosiy o‘rin egallaydi. Bola bunday sahnalarni ko‘rib, muammolarni zo‘ravonlik bilan hal qilish to‘g‘ri, degan xulosaga keladi. Ba’zi multfilmlar esa haqiqat va xayolot orasidagi chegarani yo‘qotadi. Real hayotda mavjud bo‘lmagan imkoniyatlar orqali bola ongida noto‘g‘ri tasavvur shakllanadi. Yana ba’zi multfilmlarda ota-ona obrazlari obro‘si tushirilishi kuzatiladi. Shu bilan birga, xudbin, hech qanday bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lmagan qahramonlar dunyoni qutqargan sifatida e’tirof etiladi. 

To‘g‘ri, jamiyatimizdagi har bir ota-ona bolalar psixologi emas. Zamonaviy dunyoda, ish va oila o‘rtasida vaqt taqsimlash juda katta muammo bo‘lib qolmoqda. Chunki, ota-onalar hamma vaqt ham farzandlar bilan birga vaqt o‘tkazolmaydi va bolalarning ovunishi uchun nimalar bilandir yolg‘iz qoldirishga majbur bo‘ladi. Televizor yoki gadjetlarda multfilm yoki turli animatsion filmlarda me’yor va tanlov chegarasi bo‘lsa, katta zarar keltirmaydi, albatta. 

Misol uchun, oiladagi kattalar bolalar nima kuzatayotganini nazoratga olishi lozim. Chunki, tabiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan har qanday tasvir nafaqat maroqli ko‘rish vositasi, balki ota-ona uchun tarbiyada dastyor vazifasini ham o‘taydi. Masalan, diniy bilim va tarbiya asosida yaratilgan multfilmlar bolada ishonch, sabr, poklik, halollik kabi sifatlarni rivojlantiradi. Ular iymon, ezgulik va Qur’oni Karim qissalari asosida tayyorlangan bo‘lib, bolaga axloqiy mezonlarni erta yoshdanoq singdiradi.

Tarbiyaviy va axloqiy harakterga ega multfilmlar bolaga halollik, mehr, sabr-toqat, ota-onaga hurmat, to‘g‘rilik, mehnatga bo‘lgan muhabbat kabi insoniy fazilatlarni o‘rgatadi. Bola muomala madaniyati, toza yurish, yordam berish kabi odoblarni shu orqali o‘zlashtiradi.

Milliy qadriyatlar asosidagi multfilmlar esa farzandlarimizni o‘z milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz, xalq ertaklari va buyuk ajdodlarimizga hurmat ruhida tarbiyalaydi. Ular oramizdagi ulug‘ kishilar, ota-onaga hurmat, tinchlik va do‘stlik haqida hikoya qiladi.

Zamonaviy texnologiyalar asrida bolani ekranlardan to‘liq himoya qilish mushkul. Ammo ota-onalar multfilm tanlashda mas’uliyatli bo‘lsa, farzandining axloqiy va ruhiy salomatligini zarar yetkazmagan holda asrab qolishi mumkin. Bola ko‘rganini emas, ko‘rganidan qanday xulosa chiqarganini hayotda aks ettiradi. Shunday ekan, unga nima ko‘rsatayotganingizni yaxshilab o‘ylab ko‘ring.

Dildora DO‘SMATOVA

O‘zA