Bolalar uchun munosib kontentlar yaratishda animatsion filmlar alohida o‘rin egallaydi. Zero, multfilm tomosha qilishni yoqtirmaydigan bolaning o‘zi topilmasa kerak.
O‘zbekiston animatsiya studiyalari assotsiatsiyasi ijodiy jamoalari tomonidan ishlangan “Avto sarguzashtlar”, “Xasis baqqol”, “Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab sayohat”, “To‘maris”, “Shiroq afsonasi”, “Temurning bolaligi”, “Aqlli qizaloq”, “Eko qahramonlar”, “Qo‘zichoq va Toychoq”, “Spitamen va Iskandar”, “Chumchuqvoyning sarguzashtlari” kabi animatsion filmlar yurtimiz kinematografiya sohasida bolalar uchun ham ko‘plab ekran asarlari tayyorlanib, kichkintoylarga taqdim etilayotganini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston animatsiya studiyalari assotsiatsiyasi rahbari Abdulatif Haydarov bilan bugungi kunda yurtimizda multfilmlar ishlash borasidagi jarayonlar xususida suhbatlashdik.
– 2025-yilda "Buyuk bobolarim bolaligi" turkumidan bir qator animatsion filmlar yaratildi. Ularni yaratishda nimalarga tayanib ish ko‘rildi?

– Darhaqiqat, ona-yurtimizda voyaga yetib, ijod qilgan alloma bobokalonlarimiz hayoti, faoliyati haqida hikoya qiluvchi turkum animatsion filmlar “Buyuk bobolarim bolaligi” rukni ostida yaratilib, o‘tgan yilning dekabr oyida jajji tomoshabinlarga taqdim etildi. Bu animatsion filmlar asosan O‘zbekiston animatsiya studiyalari assotsiatsiyasi ijodiy jamoalari tomonidan tayyorlandi. Aslida maqsadimiz bolalar uchun mo‘ljallangan ko‘rinishda allomalarimizni yosh tomoshabinlarga yaqinlashtirish edi. Uni tomosha qilar ekan, o‘g‘il-qizlar “Buyuk ajdodlarimiz ham men kabi oddiy bola bo‘lgan ekanlar,” deb asta-sekin tushuna boshlaydi. Fikrimcha, bunda ota-onalar ham bolaning multfilm mazmunini kichkintoylarga yetkazishga yordam berishlari kerak. Aytmoqchi bo‘lganim, bolani qo‘llab-quvvatlash, unga alohida e’tibor qaratish tufayli u yetuk shaxs bo‘lib ulg‘ayadi, kelajakda el-yurtga nafi tegadigan inson bo‘lib voyaga yetadi. Alisher Navoiy, Bobur va boshqa ulug‘ siymolar haqidagi animatsion filmlar yaratish jarayonida allomalarimiz hayoti, faoliyatiga oid ko‘plab tarixiy asarlarni o‘qib, o‘rganib, keyin ishga kirishildi.
– Sir emaski, bolalar bugun goh oynaijahonda, goh smartfonlarda, planshetlarda soatlab multfilmlarni tomosha qiladi. Bolalarning animatsion filmlarni tomosha qilishida muayyan gigiyenik, axloqiy-ma’naviy me’yorlar bormi? Yurtimizda animatsion filmlarni ishlash jarayonida bu talablarga rioya etilyaptimi?

– Aslida har qanday multfilmni uzoq vaqt mobaynida tomosha qilish bola uchun zarar. Sababi, agar bolada o‘sha animatsion filmga o‘ta kuchli qiziqish bo‘lsa, hattoki ko‘zini yumishni ham unutib, ekranga tikilib turaveradi. Hozirgi kundagi eng ko‘p tarqalayotgan kasalliklardan biri – autizm bolalarning bir narsaga qattiq kirib ketish va shu orqali faqat o‘zi bilan o‘zi bo‘lib qolishidan yuzaga kelmoqda. Uzoq vaqt ekranga tikilib qarash, albatta ko‘z og‘rig‘ini keltirib chiqaradi. Va eng asosiysi, bolaning e’tiborini maksimal darajada o‘ziga tortib oladi. O‘zi umuman, multfilmlarni ota-onalar tavsiya qilishi kerak.
Misol uchun, ma’no-mazmunga ega bo‘lmagan yoki bolalarga axloqiy-tarbiyaviy jihatdan umuman foyda bermaydigan, faqat vaqt o‘tkazadigan multfilmlar ham juda ko‘p. Ularda chiroyli tasvirlar yoki qandaydir musiqalar, biron xatti-harakat yo tasvir aylanaveradi-da, lekin bola undan umuman hech qanday o‘zi uchun foydali narsalarni olmaydi. Bunday multfilmlarning maqsadi uzoq vaqt tomosha orqali bolani ekran qarshisida ushlab turish. Lekin aslida bola multfilmdan nedir ijobiy jihatlarni, yaxshiliklarni o‘zlashtirishi, olishi, o‘rganishi kerak. Masalan, bilim o‘rgatadigan animatsion filmlar yoki bolaning ma’naviy dunyosini boyitadigan multfilmlar bor.

Animatsiyaning asosiy yutug‘i ham – harakatda. Lekin multfilmda so‘zlar ham bo‘lishi kerak. Negaki, so‘zsiz multfilmlar bolaning gapirishiga monelik qilishi mumkin. Har holda voqelik so‘z va harakat uyg‘unligida bolaga yetkazilsa, ayni muddao bo‘ladi. Avvalambor bir ezgu g‘oyani bolaga singdirish uchun multfilmni bolalarga yoqimli, yorqin ranglardagi tasvirlar orqali va albatta me’yorini olgan holda yaratish kerak, deb o‘ylayman. G‘oyani ham qiziqarli harakatlar bilan ko‘rsatish zarur. Bunda bolalar psixologlari bilan maslahatlashgan holda ishlash kutilgan ijobiy natijani beradi. Ayni paytda harakatlar tezligining ham o‘z me’yorlari bo‘ladi. Shularga rioya etishni unutmaslik muhim. Qancha soniyada kadr almashishini ham inobatga olish zarur, deb o‘ylayman. Sababi, harakatlar, kadrlar almashinuvida me’yorga rioya etmaslik bolaning miyasiga kuchli ta’sir etishi mumkin. Albatta, assotsiatsiya ijodiy jamoalarida animatsion filmlar yaratishda ayni jihatlarni inobatga olgan holda ish olib boriladi.
– Kelgusidagi rejalar haqida ham gapirib bersangiz.
– Agar "Buyuk bobolarim bolaligi" turkumidagi multfilmlar Birinchi va Ikkinchi Renessans davri allomalari haqida yaratilgan bo‘lsa, endilikda “Buyuk bobolarim bolaligi” turkumida sarkardalar va jadidlar haqida animatsion filmlar ishlash taklifini ilgari suryapmiz. Ya’ni, sarkardalar va jadidlarning bolaligi haqida to‘liq metrajli animatsion film yaratishni niyat qilganmiz. Shuningdek, Alisher Navoiy asarlariga oid ham animatsion filmlar suratga olish niyatimiz bor. Chunki Navoiy asarlari, unda ifodalangan voqealar juda qiziqarli aks ettirilgan. Ularga ortiqcha syujet yoki so‘zlar qo‘shishning zarurati ham yo‘q. Sababi, Navoiy asarlari kompozitsiyasi, so‘zlari juda go‘zal va betakror, badiiyati g‘oyat yuksak.
Bundan tashqari hozirda Kinematografiya agentligi tomonidan tanlov e’lon qilingan. Ya’ni, bolalar o‘rtasida turli illatlarning oldini olishga qaratilgan animatsion filmlar yaratish bo‘yicha tanlovga ijodiy loyihalar taqdim qilindi. Qolaversa, milliy bayramlarimiz, ularning kelib chiqish tarixiga oid animatsion filmlar tayyorlashni rejalashtirganmiz. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan bolalarning jamiyatga integratsiyalashuviga oid filmlar ham ishlash rejamiz bor. Aytmoqchi bo‘lganim, animatsion filmlar bolalarni yaxshilikka yetaklashi, ularda ijobiy fazilatlarni shakllantirishga xizmat qilishi kerak.
O‘zA muxbiri
Nazokat Usmonova yozib oldi.