Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan muloqoti Yangi O‘zbekiston yoshlari uchun tarixiy o‘zgarishlarga boy bo‘ldi.

Davlatimiz rahbarining har bir so‘zi, tashabbuslari va katta- katta loyihalari biz yoshlarga yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Bugun yoshlar yetakchisi zimmasida katta mas’uliyat va imkoniyat borligi alohida ta’kidlab o‘tildi, ular kontrakt to‘lovidan tortib tadbirkorlik qilish istagi bor yoshlar uchun imtiyozli kredit ajratishgacha yoshlarga chinakam ko‘makchi bo‘lib kelmoqda. Shu nuqtai nazardan ham mamlakatimiz rahbari yoshlar yetakchilari uchun har vaqt e’tibor va e’tirof bo‘lishi, yoshlarning dardu tashvishi bilan hamohang ishlash borasida alohida ko‘rsatmalar berdi.
Axborot xurujlari avj olayotgan bugungi kunda yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni ommalashtirish muhim vazifalardan biri bo‘lishi va shu qatori joriy yilda Prezidentimiz tomonidan imzolangan «Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu ishlarni yangi bosqichga olib chiqadi.
Shuning barobarida eng sara xorijiy adabiyotlarni o‘zbek tiliga, milliy adabiyotlarni xorijiy tillarga tarjima qilish va chop etish xarajatining yarmi qoplab berilishi, maktablardagi eng faol kitobxon o‘quvchilarga 10 million so‘mdan mukofot berilishi, o‘ylaymizki, kitobxonlar uchun chinakam g‘amxo‘rlik ifodasi bo‘ldi.
Biz mahalladagi yoshlar yetakchisi sifatida muloqotdan ilhom va kuch olib, yuksak mas’uliyatni his qilgan holda, tashabbuskorlik bilan mahallalarga Yangi O‘zbekiston nafasi kirib borishini o‘zimizga dasturilmal vazifa sifatida belgilab oldik.
Otabek Qobilov,
Namangan viloyatining Chust tumanidagi Serob mahallasi yoshlar yetakchisi.
O‘zA