Kishi tabiati doim e’tirozlarga chidamli emas. Ayniqsa, u o‘zi haqida bo‘lsa. Biroq hamma ham tanqidni agar to‘g‘ri bo‘lsa, qabul qilaman deya lof uradi. Ammo bunday vaziyatga duch kelganda ich-ichidan o‘z asliga ro‘baro‘ bo‘ladi.
Xalqimiz hikmatga boy. Shuning uchun ham ma’naviyatli millat sifatida shakllanganmiz azal-azaldan. Shunday hikmatlardan biri insonni tirikligida qadriga yetmoq lozimligidir. Boshlanajak fikrimizga buning qanday aloqasi borligi o‘quvchini o‘ylantirmog‘i tabiiy.
Gap shundaki, dono xalqimizda "Haqiqat – tuqqaningga yoqmaydi", degan maqol bor. Doim haqiqatni betga aytganning zahri yo‘q degan naqlga amal qilgan holda insonlar yuziga gapiradiganlar qadrlanmaydilar. Ko‘pincha ularning bu dunyoni tark etganlaridan so‘nggina atrofdagilardan u haq edi degan iqrorlariga guvoh bo‘lamiz.
Sir emaski, bugungi kunga kelib, hayotimizda fan sifatida psixologiyaning o‘rni muhim. Mutaxassislarning fikricha, maqtov va tanqid inson hayotida, faoliyatida alohida ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, tanqidga nisbatan kishi ruhiyatida to‘g‘ri munosabat hosil bo‘lmasa, turmush tarzi jarayonida jiddiy buzilishlarga sabab bo‘ladi. Shuningdek, maqtov ham irodaning mustahkamliligiga to‘sqinlik qiluvchi omildir. Unda ham me’yor shakllanmog‘i o‘ta muhim.
Shunday ekan, maqtov va tanqid orasida oltin o‘rtaliqni aniqlab yashash eng lozim jihat. Buning uchun esa bizdan mulohazali va murosali bo‘lmoq talab etiladi.
Sherbek Islomov,
O‘zA